Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ozodlik» tahririyatiga «Bahotestcenter» direktoridan ochiq xat

«Ozodlik» tahririyatiga «Bahotestcenter» direktoridan ochiq xat
«Ozodlik»ka ochiq xat
 
Hurmatli «Ozodlik» radiosi tahririyati!
 
Mening ismim Leonid Son. Men «BAHOTESTCENTER» MChJ ning ta’sischisi va direktoriman. Ya’ni men, sizning saytingizda 28.11.2018 kuni e’lon qilingan  «Migratsiya agentligida qamashlar davom etmoqda. Koreyaga ketishni kutayotgan 3000 kishi kuyib qolishi mumkin» maqolasida tilga olganingiz «Koreya ishi» deb nomlangan jinoiy ish markazida turgan «Bahor test»ning rahbari va «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari ikkinchi xotinining akasi» va hozirgi kunda, sizning taxminingizcha, mamlakatdan qochib ketgan odamman... . Men sizga afsus bilan ma’lum qilamanki, meni singlim yo‘q va men Toshkentdaman, hech kimdan qochib yurganim ham yo‘q. Va, aytgancha, mening tanishlarim orasida Bosh vazir o‘rinbosarlaridan hech kim yo‘q... qaytaraman afsuski...
 
Demak, hammasini bir boshidan aytib beraman...
Umuman, o‘zbekistonliklarni Koreyaga jo‘natish tizimi qanday ishlaydi?
Mening firmamning maqsadi va ish faoliyati haqida tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun, avvalambor O‘zbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasiga jo‘natish tizimi qanday bunyod etilganini tushuntirib berishni lozim topdim (Siz sayt egasi sifatida saytda berilayotgan maqolalar uchun javobgarligingizni inobatga olib, maqolalarni e’lon qilishdan oldin bular haqida tasavvurga ega bo‘lishingiz kerak deb hisoblayman).
Janubiy Koreya ishchi kuchlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida uzoq yillardan buyon «Emploiment Permission System (EPS) - Bandlikka ruxsat beruvchi tizim» dasturi asosida chet el fuqarolarini jalb etish amaliyotini qo‘llab keladi. Bir narsani unutmaslik kerakki, bu dastur bo‘yicha Janubiy Koreya nafaqat O‘zbekiston fuqarolarini, balki dunyoning 15dan ziyod mamlakatlari fuqarolarini ish bilan ta’minlaydi.
O‘zbekiston va Koreyaning o‘zaro hamkorligi «O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida Janubiy Koreyaga EPS asosida ishchilarni jo‘natish memorandumi»ga (2006 yil qabul qilingan) asoslanadi. Memorandumda o‘zbekistonliklarning Koreyaga jo‘natilishi tartibi, qoidalari va sharoitlari ko‘rsatib o‘tilgan, shuningdek memorandum tomonlarning majburiyatlari va huquqlarini ham o‘z ichiga olgan. Ushbu hujjatga asosan, O‘zbekiston fuqarolarini Koreyaga jo‘natish bilan shug‘ullanishda O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyalari Agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik) vakolatli organ etib belgilangan, Koreya tomondan HRD-KOREA davlat korporatsiyasi qabul qiluvchi va sinovchi organ qilib belgilangan. Memorandumga ko‘ra, Agentlik birlamchi tanlovni tashkil etishga, Koreya tomonidan jo‘natiladigan testlarga kiruvchilarning ro‘yxatini shakllantirishga va «EPS-TOPIK» testlari o‘tkaziladigan joyni aniqlashga mas’ul. HRD-KOREA SKILL-TEST va «EPS-TOPIK» - koreys tili bo‘yicha bilimlarni tekshirish testlarini o‘tish jarayonini nazorat qilishga mas’ul hamda testdan muvaffaqiyat bilan o‘tganlarga 2 yil muddatga mo‘ljallangan sertifikat taqdim etadi, shuningdek, Agentlik taqdim etgan ma’lumotlar asosida Koreyaga ketuvchilar ro‘yxatini tuzib chiqadi.
Oddiy o‘zbekistonlik (shartli ravishda uni Abdulla deb nomlasak) Koreyaga ishlashga ketishi uchun turli bosqichlardan o‘tishi va ham to‘g‘ri, ham ko‘chma ma’noda  yetarlicha «omadli» bo‘lishi kerak... nimaga? Keyinroq tushuntirib beraman ...  demak ... Abdulla nimalardan o‘tishi zarur?
Eng avvalo, Agentlikka murojaat qilishi, ariza topshirishi va 18-39 yosh orasidagi sog‘lom, sudlanmagan inson bo‘lishi shart. Buni Agentlik tekshiradi.
Agentlik «saralovidan» o‘tish va testlarga ruxsat berilganlar ro‘yxatiga tushish uchun yetarlicha «omadli» bo‘lishi kerak. Nima uchun test yechish uchun «omadli» bo‘lish zarur? Chunki testdan o‘tmoqchi bo‘lganlar soni Koreya tomonining test o‘tkazish imkoniyatlari chegarasidan bir necha barobar ortib ketadi. Rasman belgilangan 30 AQSh dollarini to‘lab, testni ijobiy topshirishi kerak.
Agentlik Abdullani «Reyestroldi» ro‘yxatga kiritishi va ro‘yxatni «Koreyada ishlash huquqini qo‘lga kiritgan shaxslar» yakuniy Reyestr kvotlariga (keyinchalik bu Reyestr asosida koreyalik ish beruvchilar xodimlarni yollaydi) kiritilishi uchun «omadli» bo‘lishi zarur. Yana shuni e’tiborga olish kerakki, bizning Abdulla va boshqa o‘n minglab o‘zbekistonliklar joy olgan reyestrdan tashqari, yuqorida aytganim, boshqa 15 davlat, qaysiki o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun o‘zaro faol raqobat qilib kelayotgan davlatlarning ham xuddi shunday reyestrlari bor. Endi koreyalik ish beruvchi minglab nomzodlar orasidan bizning Abdullani tanlashini va Agentlik orqali mehnat shartnomasini jo‘natishini kutish va omadli bo‘lish qoldi. Abdullamizga omad qay darajada kerak ekanligini tushunib olishingiz uchun men bu bosqich faktlarini keltiraman:
A) Koreya tomonining reglamentiga ko‘ra,  har bir davlatning umumiy Reyestriga kiritilgan nomzodlar Koreya taklif etayotgan ish o‘rinlari sonini o‘rtacha 1,5 baravarini tashkil qiladi. Boshqacha so‘zlar bilan, Reyestrdagi odamlar soni ish o‘rinlari sonidan, yil hisobidan, bir yarim baravar ko‘proqni tashkil qiladi;
B) statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston uchun ajratiladigan yillik, taxminiy 3000-4000 kvota mavjudligiga qaramay, bir yil davomida o‘rtacha 1600-2000 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash imkoni bo‘lmoqda, ya’ni mavjud ish o‘rinlarining yarmicha yoki undan sal ko‘prog‘ini.
Sababi? Keyinroq tushuntiraman...
Demak, hisob-kitoblarga ko‘ra, Abdulla yakuniy Reyestrga kirgani bilan, uning ish topish imkoniyati 36 foizdan yuqori emas. Abdullaning tarixini o‘qish asnosida, balki 2- bosqichga ahamiyat bergandirsiz. Agar bergan bo‘lsangiz to‘g‘ri qilgansiz, chunki biz so‘zlayotgan tarix aynan shu yerdan boshlanadi, aniqrog‘i 2017 yilning 27 martidan. Men Agentlik qay yo‘l bilan saralagani va yillar davomida testga kiruvchilar ro‘yxatini qanday shakllantirganini bilmayman, lekin janob Ulug‘bek Nazarov rahbarligida Agentlik ilk bor «on-layn» test o‘tkazishga qaror qildi. Buning natijasi qanday bo‘lgani haqida to‘xtalib o‘tmoqchi emasman, sababi voqealar OAVda keng yoritildi. Faqat, o‘sha voqeadan keyin Nazarov ishdan olinganini va yangi rahbariyat oldida sinovni qay yo‘l bilan o‘tkazishdek mushkul vazifa paydo bo‘lgandi... Bundan tashqari, Koreya tomonining taqvimga to‘liq amal qilish haqidagi talabi ham Agentlik ishini birmuncha qiyinlashtirdi.
 
Yangi davr shamollari
 
Mamlakatda so‘nggi ikki yil ichida ko‘p jabhalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi, menimcha, buni siz ham kuzatyapsiz. Va davlat siyosatidagi ko‘plab o‘zgarishlar ichida eng ajralib turadigani Davlat - Xususiy sherikchilikning  (DXSh) ulkan imkoniyatlaridan foydalanish zaruratini anglaganidir. Men ushbu siyosatning barcha ustunliklarini sanab o‘tmayman, faqat Agentlik ham aynan shu yo‘ldan borib,  DXSh shaklidagi Test Markazini tuzganligini, va bu to‘g‘ri qaror ekanligini ta’kidlab o‘taman... Nimaga?
Birinchidan, bu eng yuqori tezlikda va samaradorlikda test o‘tkazish tizimini ishga tushirish imkonini berdi: Agentlik, istalgan davlatdagi boshqa davlat tashkilotlari singari ko‘plab ta’qiqlovchi qoidalar bilan siqib qo‘yilgan, shuningdek ma’muriy apparaturalar tezligi bo‘yicha xususiy biznesdan ancha ortda qoladi.
Ikkinchidan, bu budjet mablag‘larini tejash imkonini berdi.
Uchinchidan, va eng muhimi, Agentlik tezkor boshqaruvni DXShga berishi natijasida ichki korporativ tizimlararo korrupsiya masalalarini hal qildi. Ya’ni, ikki tomonlama nazoratning klassik usuli vujudga keldi: birinchi tashkilot sinovni o‘tkazadi (test markazi), ikkinchi tashkilot ro‘yxatga qo‘shish bilan shug‘ullanadi (Agentlik). Shu bilan bir qatorda, Agentlik ham ta’sischi sifatida, ham prinsipial sherik sifatida DXSh faoliyatini tekshirish va nazorat qilish huquqini o‘zida qoldiradi.
Demak ... Agentlik DXSh tashkil etish yo‘lida OAV orqali DXSh sherik topish uchun konkurs e’lon qildi va bu konursda mening firmam g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa Agentlik bilan hamkorlikdagi «Kompleks Test Markazi» OAJ (KTM) tashkil etildi. Agentlik KTMning barcha qonunlar bilan himoyalangan, monitoring o‘tkazish va devident oluvchi ta’sischisi hisoblanadi.
 
KTM qanday tuzilgan?
 
Vazifasiga ko‘ra KTM yopiq lokal tarmoqli kuchli server bilan ishlaydigan 80 ta ishchi kompter bilan jihozlangan zalni taqdim etishi shart. AT arxitekturasi shunday tuzilganki, test jarayonlari o‘tkazilishida KTM vakillarining ishtiroki minimallashtirgan: sinovdan o‘tuvchi qaysi kompyuterga o‘tirishi, mavjud 1250 savoldan qaysilari tushishini, ularni baholashni serverga o‘rnatilgan sertifikatlangan dastur belgilaydi. Shu bilan bir qatorda serverning fizik portlari Agentlik tomonidan muhrlangan va dasturiy ta’minot shunday o‘rnatilganki, server ma’lumot omboridan tashqarida bo‘lgan har qanday aralashuvlar parol bilan himoyalangan va dastur tomonidan boshqariladi. Aniqrog‘i, har qancha xohlamasin KTM xodimi xech qanaqasiga test o‘tishi jarayonlariga ta’sir ko‘rsata olmaydi, agar mabodo ta’sir ko‘rsatsa ham, buni mahfiy, sezdirmasdan amalga oshira olmaydi. Aytgancha, KTMning barcha xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va ular orqali jarayonlarni to‘liq kuzatish mumkin.
KTMda ishlatiladigan testlar (Rasmiy nomlanishi TMMMA  - KOREYa) Toshkent davlat sharqshunoslik institutining koreys tili kafedrasi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat pedagogika universitetida tuzib chiqilgan. Test jarayonlari shaffofligini ta’minlashni maqsadida, har bir sinovdan o‘tuvchi test sinovlari yakunlangani hamonoq o‘z to‘plagan ballarini ko‘rishi mumkin, agar u o‘z to‘plagan ballidan norozi bo‘lsa, koreys tilini mukammal biluvchi xodimimiz qanday va nima uchun kompyuter bunday natijani berganini batafsil tushuntirib beradi.
Hammasi qanday boshlangan edi va keyin nimalar bo‘ldi...
Avvalboshda Agentlikning yangi rahbariyati KTMdan nafaqat koreys tili bilimlarini sinovini emas balki ko‘prog‘ini xohlagan edi.
... yodingizdami, yuqorida men 3000-4000 lik kvota mavjudigiga qaramay, ularning yarmi ishchilar bilan band etilayotgani haqida yozgan va sabablarini keyinroq tushuntirib berishga va’da bergan edim (5-bandga qarang)? Demak, buning sababi oddiy: koreys tilini yaxshi bilmaslik, «nelegal» qochoqlarning ko‘pchilikni tashkil etishi va hokazolar sababli o‘zbekistonlik ishchilar koreys ish beruvchilariga talabgir emaslar. Aniqrog‘i, «o‘zbekistonlik  ishchi» imidji  EPS dasturi ishga tushganidan buyon koreys ish beruvchilari oldida bulg‘anib kelinmoqda. Reyestr «menyusida» keng tanlov imkoniyatlariga ega bo‘lgan ish beruvchilar ko‘proq lao, ve’tnamlik, bangladeshliklarni ma’qul ko‘radilar. Nimaga? Chunki Agentlik tomonidan yaratilgan tanlov tizimi ishchan va qobiliyatli yurtdoshlarimizni Reyestrga kirish imkonidan mahrum qilib kelgan. Men isbotsiz hech kimni ayblashni xohlamayman, ammo sizning maqolalaringizga ishonadigan bo‘lsak, «to‘la va uch» qoidasi amalda bo‘lgan. Endi aytingchi, Abdulla Koreyaga borishi uchun koreys tili yordam bermas ekan, bu qiyin tilni qunt bilan o‘rganishidan nima naf?
Agentlikning yangi rahbariyati bu muammoni chuqur anglagach, nomzodlarning «sifati» ustida ish olib borishga qaror qildi va real vaqt tizimida bo‘lib o‘tgan jami KTM testlarining o‘zgaruvchan dinamikali hozirgi reytingini shakllantirish ustida ish olib bordi. Ya’ni har  nomzod o‘z to‘plagan ballidan tashqari, reytingda qaysi o‘rinda turganini bilishi mumkin. Bundan tashqari, Agentlik saralashning keyingi bosqichi uchun aniq tamoyillarini belgiladi: reytingda Koreya tomonidan o‘rnatilgan limit atrofidagi o‘rinlarni egallagan nomzodlar keyingi bosqichga yo‘l olishadi. Aniqrog‘i, «saralar saralanadilar» tamoyili ishga tushdi. Endi Abdulla, qachondir KTM testini qoniqarsiz topshirgan bo‘lsa va yaxshilar guruhiga kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa, unda yana qayta tayyorlanib yilning istalgan kunida kelib test topshirishi va yuqori ball to‘plab reytingda teparoqqa chiqish imkoni bo‘ladi. Ya’ni Agentlik ushbu tizimini joriy etar ekan, odamlarga qarata: «koreys tilini o‘rganishda raqobatlashing, yaxshilar guruhiga qo‘shiling va sizlarda Koreyaga ketish imkoni bo‘ladi!», demoqda. Ishchanlik va qobiliyat tekshiruvichi, deb so‘raysiz siz... minglab raqiblar ichida yuqori o‘rinni egallash uchun inson eng avvalo ishchan va talabchan bo‘lmog‘i zarur...
Yangiliklar o‘z samarasini uzoq kuttirmadi... EPS-TOPIK ning birinchi bosqichidayoq, Koreya tomoni test topshiruvchilarning koreys tilini bilish darajasi ortganini e’tirof etdi. Hattoki Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi tomonidan qiziqish bildirilib, 2018 yilning 3 martida  KTMga tashrifi elchixona matbuot relizida aytildi.
Ammo bularning bariga Agentlik rahbariyatining kutilmaganda 2017 yil dekabr oyida o‘zgartirilib, Nazarovning qandaydir yo‘llar bilan rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi yakun yasadi. Men bu nega va qanday sodir bo‘lganini bilmayman, lekin «eski-yangi» rahbariyat kelishi bilan KTM va Agentlik o‘rtasidagi hamkorlik barham topdi: biz tomondan KTM ta’sischilarining o‘zaro majlisiga chaqirishga bo‘lgan ko‘plab urinishlarimizga reaksiya bildirilmadi. Huddiki, biz Agentlik uchun mavjud bo‘lmagandek go‘yo. Ammo eng yomoni, Agentlik avvalgi rahbariyatning «saralar saralanadilar» tamoyilini yo‘q qilib, o‘z saytida KTM testidan kim 0 dan yuqori ball olgan bo‘lsa keyingi bosqichga o‘tishini e’lon qilishi bo‘ldi!
Boshqacha qilib aytganda, ular barini yana eski holiga qaytardilar. Xulosalarni o‘zingiz chiqaring. So‘z qush kabidir - uchib ketgach tuta olmaysiz!
Ana endi maqolangizdagi tezislarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sharh berishimga ijozat bersangiz.
Muhim eslatma: maqolani 29.11.18 kuni ko‘rishim hamonoq «Ozodlik» radiosi tahririyati, aniq aytadigan bo‘lsam Alisher Siddiq bilan aloqaga chiqdim. U meni «Zamira» ismli xodimga yo‘naltirdi. Zamira bilan suhbatlar chog‘ida men ularning maqolalaridagi noaniq va yolg‘on axborotlar berilgan joylarini ko‘rsatib berdim va ularni raddiya berishga chaqirdim. Ammo menga berilgan javoblar va qarshi savollardan angladimki, ularda mohiyatni ochishga bo‘lgan qiziqish yo‘q. Va bu menga ushbu ochiq xatni yozishga turtki berdi. Shuningdek, o‘quvchilardan, Zamira bilan suhbatimizdan keyin, Ozodlik radiostansiyasi e’lon qilgan maqola matnini shoshma-shosharlik bilan o‘zgartirganini, undagi ochiq «xatolarni» o‘chirganini, ammo undagi men va kompaniyamga yog‘dirilgan bo‘xtonlarni saqlab qolganliklarini yodda tutishlarini xohlayman. Shuningdek, ushbu xatga boshlang‘ich maqola nusxasini ilova qilaman.
So‘z qush kabidir - uchib ketsa tutolmaysiz
Demak…
Iqtibos: «Janubiy Koreyaga ketishni istovchilardan test olgan firma rahbari qochib kettimi?.... Bir-biridan mustaqil ikki manbamizga ko‘ra, korrupsion mashmashada ayblanayotgan «Bahor test» firmasi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining ikkinchi xotinining akasiga tegishli bo‘lgan.... – Firma rahbari toshkentlik koreys millatiga mansub shaxs, Agentlik rahbariyati qamalishi boshlangani hamonoq mamlakatdan qochib ketgan».
Izoh: bu yerdagi yagona to‘g‘ri ma’lumot mening millatim koreys ekanligi... yanayam aniqrog‘i, o‘zim judayam faxrlanadiganim, o‘zbek koreysiman... qolgan  barchasi yolg‘on! Yuqorida yozganim kabi, menda na opa, na singil bor, va o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, qochib ketmadim, Toshkentdaman... sizlarni uyimga choy ichishga taklif qilaman.
Iqtibos: «Bahor test» nomli firma bor. Janubiy vokzal yaqinida test oladigan markazlari bor Janubiy Koreyaga ketishni istaganlar uchun. O‘sha fuqarolar jetonlarni aynan o‘sha yerdan olishgan. U yerda katta mablag‘lar aylantirilgan. Testdan o‘tadimi yoki yo‘q, test topshiruvchi oldindan 84 ming so‘m (10 AQSh dollari) to‘lashi majburiy qilib belgilangan. Bu pullarning hisobi yuritilmagan. Jetonlar bir yilda ikki marta Koreya tomoni test o‘tkazishni xohlagan vaqtda berilgan... Ular jeton berish jarayonini koprupsion sxemaga aylantirdilar. Bitta jetonning narxi 1000 AQSh dollarigacha sotilgan. Odamlar jeton olishga navbatda turish uchun bu pullarni to‘lashgan. Respublika bo‘yicha 250 ming nafardan ziyod kishi ularga pul to‘lagan. Bu pullar hech qaysi hujjatda qayd etilmagan, bularning bari norasmiy tarzda amalga oshirilgan. Hamma pul firmada qoladi. Testdan o‘tish qiyin bo‘lgan, shuning uchun ular jetonlar ortidan pul ishlashgan. Ovoza bo‘lish ehtimoli ham kam».
Izoh: bu yerda yagona haqiqatga o‘xshaydigan ma’lumot bu joy manzili... KTM Sh. Rustaveli 138 manzilida joylashgan, Janubiy vokzalga yaqin joyda. Qolgan barchasi yolg‘on!
Birinchidan, test ishlash uchun to‘lanadigan jami summa 87500 so‘mni tashkil qiladi va qonunga ko‘ra inkassatsiya qilinadi. Buni auditorlik tekshiruvi xulosasi, hamda buxgalteriya hisobi ham tasdiqlab turibdi.
Ikkinchidan, eslatib o‘tish joizki, Agentlik va KTM o‘rtasida har test kuni yakuni bo‘yicha KTM Agentlikka test o‘tkazilgani haqida hisob jo‘natishi belgilangan, hisobda protest va natijalar ro‘yxati ham bo‘lishi shart. Shuningdek, bu kelishuv KTM faqatgina test topshiruvchilarning til bilish darajalarini o‘lchab berishini aniq belgilab bergan, yakuniy ro‘yxatni shakllantirish, ya’ni navbatdagi bosqichga kimlar o‘tganini belgilash Agentlikning zimmasida qolgan. KTM ro‘yxatni shakllantirishda ham, ro‘yxat qaysi asosga ko‘ra shakllantirilishida ham ta’sir kuchiga ega emas. Ana endi keling faraz qilamiz... tasavvur qiling, men sizlar meni ta’riflaganingiz kabi korrupsioner va qizg‘anchiqman... Nahotki men, Agentlikka har kungi hisobot va chekni topshirgan holimda «kassadan tashqari» pulni aylantirsam? Va bularning bari meni osongina tekshirish imkoni bo‘lgani holatda-ya: hisobot bo‘yicha o‘tkazilgan testlar sonini 87500ga ko‘paytirib, KTMning hisob raqamidagi pullar qanchaligini bilib olish mumkin. Keyin men qaysi asosga ko‘ra Abdulladan jeton uchun 1000 AQSh dollari talab qilaman, agarki men yakuniy ro‘yxatni shakllantirishda ishtirok etmasam. Men hattoki unga «haqiqatda yordam beradiganlar» bilan ham aloqada bo‘lmasam? Agar men 250000 nafar insondan pul yig‘ganimda o‘ylaymanki, siz ( yoki sizning ishonchli manbangiz) menga (yoki prokuraturaga) ulardan jeton uchun, hech yo‘g‘i bir nafar, pul olganimni tasdiqlovchi odamni topib taqdim etasiz. Agar taqdim etolmasangiz, men sizni ochiq tuhmat qilganlikda ayblayman.
Iqtibos: «Ozodlik» manbalari 2017 yildan boshlab «Bahor test» o‘z yuridik nomini Kompleks test markaziga o‘zgartirib, hozirgi kunda Janubiy Koreyaga ketishni istovchilar uchun test o‘tkazishda monopolist hisoblanadi»
Izoh: «yuridik nom» o‘zgarishi haqidagi qismi yuqorida aytilganlaridan keyin sizlarga tushunarli bo‘ldi... men faqatgina monopoliya haqidagi tezisni izohlab beraman...
Birinchidan, men Agentlikning o‘sha paytdagi «yangi» rahbariyati bilan so‘zlashuvlar chog‘ida, test markazini joriy etish tajriba ko‘rinishida va tajriba qilinayotgan paytda konsepsiyaning muvaffaqiyatiga 100 foizlik ishonch bo‘lmaganini tushunganman. Mana shu, tushunishim bo‘yicha,  ular uchun konkurs davomida bir nechta DXShlar tashkil etmaganliklariga sabab bo‘lgan.
Ikkinchidan, KTM ochilgan sana 13.11.2017ni yana bir bor eslatib o‘tishim shart, shuning uchunki, Agentlikda rahbarlarning yana almashinuvi yuz berib «eski-yangi» rahbarlar o‘z joyiga qaytishi (2.12.2017) orasida bir oylik muddat ham o‘tmagan. Ya’ni «yangi» rahbariyatda (KTMni tashkil etgan) qo‘shimcha DXShlarni tashkil etish uchun natijalarni tahlil qilishga imkoniyat ham vaqt ham bo‘lmagan. Shuning uchun, Agentlik yana qo‘shimcha KTMlarni tashkil etmaganligi haqidagi savol ko‘proq «eski-yangi» rahbarlarga tegishli. Umuman, ular nega bunday qilmaganliklarini o‘zingiz ham osongina tushunib olishingiz mumkin.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12 09.2018 yildagi N725 farmoyishi va «O‘zbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun professional yuridik vakolatini tasdiqlash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish tartibini to‘g‘risida»gi Nizom bu ish bilan shug‘ullanishni istovchilar uchun keng imkoniyat yaratib berdi. Nima uchun hozirgacha hech kim bu faoliyat bilan shug‘ullanmayotganini bilmayman... ammo bu yerda, hozirgi kunda KTM quvvati 25 foizdan sal ko‘proq yuklamaga ega... (bu bizga zararsiz nuqtada tutib turibdi). Ya’ni, agar «iqtisod» tili bilan aytadigan bo‘lsak, bozorda taklif etilayotgani bittagina KTM ham talabdan bir necha bor yuqori va bu yaxshi daromadni va’da qilmaydi. Menimcha, aynan shu boshqa tadbirkorlarni to‘xtatib turibdi.
To‘rtinchidan, fikrimcha, hattoki butun dunyoda ham DXSh konsepsiyasi, agar davlat biror DXSh faoliyatini boshqarishni istasa kiritiladi (narxni o‘rganish haqidagi savollar ham) va bu DXShni xohlasa-xohlamasa monopol ko‘rinishda faoliyat olib borishga majbur qiladi. Bizning holatda bu aynan shunday. Faktlar quyida:
sube’ktlarning ko‘payishi ularning Agentlik tomonidan boshqarilish imkoniyatlarini qiyinlashtiradi va bu o‘z-o‘zidan korrupsion xatar oshishiga olib keladi;
turli usullar va metodlar yordamida koreys tili bo‘yicha bilimlarni tekshiruvchi ko‘plab kompaniyalarning tashkil etilishi yagona baholash tizimini joriy etishda qiyinchilik tug‘diradi. Agentlik qanday qilib va qaysi yo‘l bilan turli usullar vositasida olingan testlarni yagona reytingga yig‘a oladi?
«Narxchi?» sizning savolingizni ko‘ra olayapman... birinchidan, agar siz  boshqa analogik testlar (rus tili, IELTS, TOEFL, TOPIK, EPS TOPIK va boshqalar) va bizning narxlarni solishtirsangiz, bizning narxlar (87500) ancha arzon ekanini ko‘rasiz. Shuningdek bizning narxlar Agentlik bilan kelishuvdan keyin belgilanishini unutmang.
Xulosa: jurnalistik faoliyat etikasi haqida qisqacha
Men har doim jurnalistlarning to‘rtinchi hokimiyat vakillari sifatida o‘z ishlariga ma’suliyatli va vijdonan ishga yondoshuvi zamonaviy jamiyatimiz rivoji va uning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblaganman. Va shuning uchun, menimcha, jurnalist o‘zi olayotgan va tarqatayotgan axborotga sinchkovlik va ehtiyotkorlik bilan yondoshishi shart. Biroq ... «sariq» jurnalistlar ham borki, ular haqiqat ortidan emas, «o‘zlarining ishonchli manbalaridan» olgan ma’lumotlarini tekshirib o‘tirmay, shov-shuvga, o‘z «ijodkorliklari» bilan kimnidir yomonotliq qilishlari mumkinligini o‘ylamay (o‘ylashni xohlamay), ba’zida yaxshi insonlarning ham hayotini ostin-ustun qilib, material tayyorlashadi. Shu bilan bir qatorda, qiziqarli yo‘nalishdagi «sariq matbuot» ham borki, qaysiki o‘zining «sariqligini» ochiq tan oladigan va shuning uchun kechiriladigan, hech kim ularni jiddiy qabul qilmaydi. Ammo, jiddiy, o‘zlarini «Ozodlik olovini tutib turgan Prometeylar» deb ataydigan va hurmatga sazovor davlatning soliq to‘lovchilari hisobidan moliyalashtiriladigan nashriyotning sariq matbuot bilan bir darajaga tushishi - bu jiddiy kasallik simptomlaridan biri... Siz albatta, o‘z maqolangizda «manbalaringizdan» iqtibos keltirganingizni aytishingiz mumkin va ularning fikrlari «tahririyat fikrlari bilan mos kelmasligini» ham ta’kidlarsiz... ammo keling yosh bolalarcha ish tutmaylik... o‘zini hurmat qiladigan jurnalist hech qachon «mish-mishchi kampirlarning» dom oldida, pista chaqib aytib bergan mish-mishlaridan xabar yasamaydi.
Umid qilamanki, siz kabi o‘zini xurmat qiluvchi tahririyat chuqurroq izlanishdan qochmaydi va o‘zingiz aytmoqchi «koreys ishi» bo‘yicha detallarga obektiv yondoshadi. Va siz bergan maqolangiz bo‘yicha raddiya berishga hamda uzr so‘rashga kuch va vijdon topishingizdan ham umidvorman.
P.S. Men yuqorida eslatib o‘tgan hujjatlarni, ularning ko‘pini chop etishga huquqim yo‘qligi vajidan atayin chop etmayapman. Men o‘ylaymanki, siz ularni ochiq yoki o‘z manbalaringizdan oson topasiz. Agar siz bularning bariga shaxsan  ishonch hosil qilishni istasangiz, men shu yerdaman, qochib ketganim yo‘q, keling ko‘rsataman.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring