Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abduqodir Toshqulovga ochiq xat!

Abduqodir Toshqulovga ochiq xat!

Magistraturaga qabul jarayoni: IELTS bali hisoblanmagani, 100 va 5 ballik tizim muvozanati o‘rnatilmagani sababi nimada?

Magistraturaga qabul jarayoni bilan bog‘liq holat yuzasidan tahririyatimizga ochiq xat kelib tushdi. Quyida uni to‘liqligicha e’lon qilamiz.

Hurmatli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov!

Oliy ta’limga yo‘l har qachongidan kengroq ochilgandek. Ayniqsa, bu yo‘lda adolat, haqiqat borasidagi har bir mujda yoshlarni rag‘batlantiradi.

Magistraturaga qabul jarayonida adolat o‘rnatilishi haqidagi va’dalar ham faqat talabalarni emas, ularning yaqinlari ruhini ham ko‘tarib yubordi. Zero, oliy ta’limning yuqori cho‘qqisi tomon intilayotgan yigit-qizning kelajagi bilan bog‘liq har bir qadam jon-jigarlar uchun ham muhim. Shunaqa xalqmiz, befarq bo‘lolmaymiz.

Men ham bilimiga, baliga, imtiyozlariga ishonib magistraturaga hujjat topshirib, so‘ng, «adolat yo‘q ekan» degan xayolda boshi egilgan qizning onasi sifatida Sizga murojaat qilyapman. Qolaversa, aytadiganlarim individual xarakterdagi gaplar emas. Mana diqqat bilan o‘qing!

Dastlabki adolatsizlik – til bilish sertifikatining bali umuman inobatga olinmadi. Bu ko‘rsatkich shunchaki hujjat topshirish uchun kerak bo‘ldi, xolos. Vaholanki, IELTSning 7,0 va 7,5 yoki 8,0 ballari o‘rtasida juda katta farq bor. Buning zamirida talabgorning qancha mehnati, uyqusiz tunlari yotibdi va bu inobatga olinmadi.

Ikkinchi adolatsizlik – 2021 yil va undan oldin bitirgan bakalavrlar va 2022 yili tamomlagan bakalavrlar diplom ballarini hisoblashda muvozanat o‘rnatilmagani bo‘ldi.

Ma’lumki, 2021 yilgacha bitirgan bakalavrlar 100 ballik, undan keyingilari esa 5 baholik tizimda baholangan. Endi solishtirib ko‘raylik. Deylik, ikkala bakalavr ham 30 ta fandan baho olgan. Ikkalasida ham 3 ta fandan to‘rt baho bor. 100 ballik tizimda hech qaysi talabaga 100 ball qo‘yilmagan, nari borsa 92 yoki 95 ball qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, a’lochi talabamizning o‘rtacha diplom bali, deylik, 84-90 foiz atrofida bo‘ladi.

Endi 5 baholik tizimda hisoblaymiz. Bu yerda hech qaysi talabaga 4,6 baho qo‘yilmaydi, 4 yoki 5 baho qo‘yiladi. Diplom ilovasida bahoga qarab maksimal ballar qo‘yilib o‘rtacha ball chiqarilgan. Xo‘sh, endi uning o‘rtacha balini hisoblasak 98 foizni tashkil qilyapti. Shu tufayli bu yilgi mandatga nazar solsangiz, diplom bali 100 ball atrofidagilar tiqilib yotibdi.

Dekanatning ham bahonasi tayyor, bahosiga qarab balini qo‘yib berdim, deydi. Shu jarayonda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmadi, deb kim kafolat bera oladi? Hammasi ravshan-ku kerakli talabaga baho uchun belgilangan maksimal ball qo‘yiladi, keraksiziga minimal, vaholanki, ikkalasining ham zachyotkasiga 5 yoki 4 baho qo‘yilgan. (Bu yerda hammasini HEMIS dasturi hal qiladi degan bahona o‘tmaydi, chunki bu dastur yaqin ikki yilda tatbiq qilinyapti).

Oldingi yil bitirgan talabalarimizga esa a’lo baho uchun 86-90 nari borsa 95 ball qo‘yilgan. Buni oldingi yilgi mandat natijalarida ham yaqqol ko‘rsangiz bo‘ladi. Misol uchun BuxDU lingvistika ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha 2021 yil magistraturaga hujjat topshirganlarning eng yuqori diplom bali 90,35 ballni tashkil etgan, aksariyat a’lochi bitiruvchilarning diplom bali 84-88 ball atrofida bo‘lgan. Buning isbotini 2021 yilgi mandat natijalariga ko‘ra boshqa istalgan oliygoh va istalgan yo‘nalish misolida ham ko‘rishingiz mumkin. Yoki bu yilgi bitiruvchilarimiz anchayin bilimlimi?

Bu yilgi bitiruvchilarimiz ham 5 baholik  tizimda bitiryapti, 100 ballik tizimda bitirgan talabamiz keyingi yil ham tilini tishlab qolaveradimi, hattoki IELTS bali 7,5 yoki 8,0 bo‘lsa ham.

Xo‘p, qo‘shimcha kontrakt to‘lovi bilan ularga joy ham ajratildi, deylik. Qo‘shimchaga qabul qilingan xotin-qizlarlarimiz kontrakt uchun berilayotgan imtiyozdan foydalana olmaydimi? Yana o‘sha yuqoridagi holatni ikkita qiz misolida ko‘rsak: bilim darajasi bir xil bo‘lgan ikki talaba (100 ballik tizimda bitirgan bakalavrning bilimi yuqoriroqdir balki) biri pul to‘lamasdan o‘qiydi, ikkinchisi nechadir barobar pul to‘lab o‘qishi kerakmi? Buni ko‘rib chiqib, zudlik bilan adolatli qaror qabul qilish yo‘llarini izlash, tadbiq etish kerak!

Bu adolatsizlik uchun javobgarlik to‘liq kimning bo‘ynida? Xotin-qizlarimiz imtiyozdan foydalanishi uchun 15 sentyabrgacha ariza topshirishi kerak edi. Demak, vaqt o‘tib ketganligi sababli, adolat qaror topsa ham, xotin-qizlarimiz imtiyozdan foydalana olmaydimi endi?

Magistraturaga qabul jarayonida shaffoflikni ta’minlayman, degan edingiz.  Shunchaki diplom ballari bilan o‘rinlarga qo‘yib chiqish uchun oylab vaqt talab qilindimi? Sertifikat bali aniq bo‘lsa, diplom bali aniq bo‘lsa, saytga hujjat topshirgan zahotiyoq o‘rnini belgilab berishning imkoni yo‘qmi? Mayli, soxta hujjat topshirganlar chiqib qolsin, aniqlangan zahoti bunday talabgorni ro‘yxatdan chiqarib tashlash imkoni bor-ku.

Magistratura mandati bilan tanishib chiqib, a’lo bahoda bitirgan bakalavrlarimiz qabul qilinmagan holatlar ozmuncha emasligiga amin bo‘lish mumkin. Ayniqsa, ingliz tili mutaxassisliklarida bu hol yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Menimch, 100 ballik tizimda baholangan talabalar bahosini ham ball chegarasida bahoga aylantirib, misol uchun 86 balldan yuqorisini 5 baho bilan, 71-85 ball chegarasini 4 baho bilan baholab, keyin qolganlar bilan taqqoslash kerak. Til bilish sertifikatiga ham olgan baliga yarasha ball berib, misol uchun IELTS dan 7,0 ball olganga eng yuqori ball – 9 ga nisbatan 77,77 ball, 7,5 ball olganga 83,33 ball hisoblab, ikkita ball – til bilish sertifikati va diplom bali yig‘indisiga ko‘ra o‘rinlarni taqsimlash adolatdan bo‘lar edi.

Yoki chet tili mutaxassisliklarida ma’lum bir chegaradagi diplom bali hujjat topshirish uchun ruxsatnoma vazifasini bajarsinu, qolganini til bilish sertifikati bali hal qilsin. Shunda «bahomni yuqoriroq qo‘yib bering» degan iltimoslar ham yo‘qolardi. Axir butun dunyoda nufuzli oliygohlar til bilish sertifikati baliga qarab ish tutsa-yu, biz uni shunchaki hujjat topshirish uchun vosita sifatida ishlatsak.

Yana bir mulohaza. Barcha yo‘nalishlardan til sertifikatini talab qilishimiz to‘g‘rimi? Chet tili mutaxassisliklarini tushunaman, garchi u yerda ham qabul jarayonida til bilish sertifikati ikkinchi darajada tushib qolgan bo‘lsa ham, lekin boshqa sohalarni ham o‘ldirib qo‘ymayapmizmi? Qabul natijalarini ko‘rsak qanchadan-qancha yo‘nalishlarimizda magistrantlar qabul qilinmaganiga guvoh bo‘lamiz. Endi yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan talabalar mutaxassislik fanlari qolib, chet tili bilan shug‘ullanishi kerakmi? Tilni o‘rganib, tegishli sertifikat olishning o‘zi bo‘lmaydi. Hattoki to‘rt yil chet tili mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri sertifikatga topshira olmaydi. Sertifikat olish uchun hamma ishni yig‘ishtirib qo‘yib, bir necha oylab, hattoki yillab tayyorlanish kerak. Buni sertifikat olganlarning oila a’zolari juda yaxshi biladi.

Iltimos, 100 ballik tizimda bitirgan bakalavrlarning taqdiriga befarq bo‘lmang. Baholash tizimining o‘zgarib turishiga talaba aybdor emas. O‘ttiz yildan beri to‘g‘ri yo‘lni topa olmayotgan, har yili bitta o‘zgarish qilmasa ko‘ngli xotirjam bo‘lmaydigan rahbarlarning xatosi bu. Kimlarningdir aybi uchun yigit-qizlarimiz tovon to‘lamasligi kerak.

Har birimiz qaysidir sohada nuqson-kamchilik tuyulgan jihatlar bilan o‘rtoqlashsak va ularni rahbarlarimiz do‘stona qabul qilsalar, ezgu evrilishlar ro‘y berishiga ishonayapman. Jumladan, magistraturaga qabulda ham tezkor, adolatli qadamlar tashlanishiga umid qilaman. Bu yo‘lda charchamang, deyman.

Hurmat bilan,
Mashhura Qo‘ziyeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring