«O‘tirib» chiqqan Otamurod. Endi uning yuzi yorug‘...
Tuhmat — og‘ir gunoh. U inson ko‘nglini qattiq jarohatlab, tushkunlik girdobiga g‘arq qiladi, iztirobga soladi. Eng yomoni, tuhmatning qora dog‘ini yuvish juda qiyin.
Uchquduq tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Otamurod Mengliyev tuhmatga ro‘para bo‘lib, hayoti teskari aylanib ketishi tush ko‘ribdimi?!
... Navoiy viloyati IIB tergov boshqarmasi boshlig‘ining 2012-yil 23-yanvardagi farmoyishiga asosan O. Mengliyev Nav¬bahor tumaniga xizmat safariga yuboriladi. U shu tumandagi «Navkar» mahallasida ro‘y bergan jinoyat yuzasidan tuzilgan tergov guruhi tarkibiga kiritilgandi.
«Navkar»da nima bo‘lgan edi?
Eski yil ketib, yangisi kiradigan tun. Qishloqdoshlar ko‘chada gulxan yoqib, yangi yilni kutishgan. Ammo o‘yin-kulgining oxiri janjal bilan yakun topgan...
Tergovchi O. Mengliyev ro‘y bergan voqea yuzasidan F. Xushnazarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan), S. Zohidov va G‘. Nuritovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib borgan. F. Xushnazarovga Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari bilan ayb e’lon qilinadi.
E’lon qilingan aybni eshitgan F. Xushnazarov muqarrar jazodan qutulib qolish yo‘lini qidirishga tushadi. Eng oson yo‘li yo‘q voqeani bor qilib ko‘rsatish. U o‘z harakatlarini Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlariga qayta kvalifikatsiya qilmaslik evaziga tergovchi O. Mengliyevga 400 AQSh dollari miqdorida pora bergani haqida huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qiladi.
Aytish kerakki, Otamurod Mengliyev F. Xushnazarovning arizasidan so‘ng darhol hibsga olinadi. Unga mas’ul mansabdor shaxs bo‘la turib, mansab vakolatlaridan g‘arazli maqsadlarda foydalangan holda... F. Xushnazarovdan pora olganlik aybi qo‘yiladi.
Keyin esa, sud hukmi bilan O. Mengliyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining 2013-yil 14-iyundagi O. Mengliyevga nisbatan chiqargan ushbu hukmi vi¬loyat sudi kassatsiya instansiyasining 2016-yil 19-yanvardagi ajrimi bilan o‘zgartiriladi.
Bunda sudlangan O. Mengliyevning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «b» bandidan shu moddaning 2-qismi «v» bandiga qayta kvalifikatsiya qilinadi.
Faqat, oradan besh yil o‘tib, Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018-yil 25-sentyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining yuqoridagi ajrimi bekor qilindi.
Ish kassatsiya instansiyasi sudida qayta ko‘rish uchun yuborildi.
Kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar jinoyat ishidagi hujjatlar bilan qiyoslab, tahlil qilinganda haqiqiy holat ravshan bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, sud hukmi bekor qilindi va O. Mengliyev oqlandi.
O. Mengliyevning sudda ko‘rsatma berishicha, u tergov jarayonida gumonlangan F. Xushnazarovga yengillik berishni va’da qilmagan, 400 AQSh dollari so‘ramagan va uni olmagan. Shu o‘rinda bu holatga aniqlik kiritadigan bo‘lsak, F. Xushnazarovning pora bergani da’vo qilingan sanada O. Mengliyev mutlaqo boshqa joyda — tuman prokuraturasida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini olib borayotgan edi. Shuning o‘ziyoq jabrlanuvchining ko‘rsatmasi asossiz ekanini ko‘rsatadi. Shunga qaramay favqulodda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilishi o‘rniga, «kelgan joyidan» davom etganining sababi nimada?
O. Mengliyev, dastlabki tergov chog‘ida, tergov organi xodimlarining ruhiy bosimiga uchraganini aytadi. Uning kechagi hamkasblari otasi nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan tahdid qilingani bois «aybga iqrorlik arizasi» yozishga majbur bo‘ladi.
F. Xushnazarovning arizasining yana bir nuqtasi e’tibor qaratish joiz. U 2013-yil fevral oyida go‘yoki O. Mengliyev qonuniy yengillik beraman, deb 1 million so‘m pul so‘ragani, onasi M. Xushnazarova qo‘shnisi S. Umrzoqovadan qarz olib, bu pullarni ammasi N. Bahromovadan 400 AQSh dollariga almashtirib, taxminan 13-fevralda bergani, uch kundan keyin o‘ziga nisbatan ayb e’lon qilinganini ma’lum qilgan.
Xo‘sh, bu ko‘rsatma ishning haqiqiy holatiga mosmi? Yo‘q-da. Jinoyat ishi hujjatlaridagi dalillar mazkur ko‘rsatmani rad etadi. Bitta misol: F. Xushnazarovga nisbatan 2013-yil 13-fevraldan emas, balki 9-mart kuni ayb e’lon qilingan.
Ayon bo‘lyaptiki, sudning O. Mengliyevga nisbatan chiqargan hukmi F. Xushnazarov, M. Xushnazarova va K. Xushnazarovning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan, dastlabki tergov va sudda ob’yektiv dalillar bilan tasdiqlanmagan va baholanmagan ko‘rsatmalariga asoslangan.
... Shunday qilib, O. Mengliyev aybsiz deb topildi. Unga nisbatan ochilgan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishga doir jinoyat ishi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi.
Otamurod Mengliyev tuhmatning qora dog‘ini yuvish uchun besh yarim yil aziyat chekdi. Harakatlari besamar ketmadi.
Endi uning yuzi yorug‘...
Shuhrat Kamolov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Navoiy viloyati sudi raisining o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter