Sobiq deputatga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi
Bo‘stonliq tumani sobiq deputati, bloger Qobul Do‘sovga belgilangan ozodlikdan cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilishga almashtirildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Do‘sov ozodlikdan cheklash jazosi qoidalarini buzib, internetdan foydalanib kelgan.
Joriy yilning 24 yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan K. Dusovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida xam, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan.
Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topdi.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan agar shaxs ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.
Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq Yashnobod tumani IIO FMB probatsiya bo‘limining taqdimnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum K. Dusovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter