Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OTB O‘zbekistondagi eng yirik ShESni qurish uchun 52 million dollar kredit ajratadi

OTB O‘zbekistondagi eng yirik ShESni qurish uchun 52 million dollar kredit ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va BAAning «Masdar» kompaniyasi sho‘ba korxonasi hisoblangan «Shamol Zarafshan Energy» MChJ xorijiy kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistondagi birinchi hamda Markaziy Osiyoda kattaligi bo‘yicha yagona bo‘lgan shamol elektr stansiyasini moliyalashtirish uchun 52 million AQSh dollari miqdoridagi kredit shartnomasi imzolandi.

500 megavatt (MVt) quvvatga ega stansiya Zarafshon shahridan sharqda, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quriladi.

«Bu mamlakatga tez o‘sib borayotgan energiyaga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, kam ta’minlangan shahar va qishloq hududlarini energiya bilan ta’minlash, iqlim o‘zgarishi maqsadlariga erishish va iqlim barqarorligini oshirishga yordam beradi. Qurilish har birining quvvati 4,5 MVt bo‘lgan 111 ta shamol turbinasidan iborat bo‘ladi», – deb yozmoqda OTBning Toshkentdagi vakolatxonasi.

Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Abu-Dabi birinchi banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va «Natixis» (yirik fransuz banklaridan biri, -tahr.) ishtirokida moliyalashtiriladi. Umumiy moliyalashtirish paketining bir qismi sifatida OTB Gollandiya Korxonalarni rivojlantirish bankidan (FMO) «B» toifali kredit shaklida 10 million AQSh dollari miqdoridagi transhni jalb qilgan.

OTB, shuningdek, «O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati davlat operatorining kredit xavfini yumshatish uchun 19,5 million dollar miqdoridagi suveren qisman kredit kafolatini imzoladi.

Zarafshon ShES loyihasi yiliga 1 599 gigavatt/soat  muqobil energiya ishlab chiqaradi va 890 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarining oldini oladi. «Shamol Zarafshan Energy» o‘z energiyasini O‘zbekistonga 25 yillik elektr energiyasini sotib olish shartnomasi asosida yetkazib beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring