O‘rta Chirchiqda 124 nafar shaxs qo‘lga olindi
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani «O‘rtasaroy» MFY hududida karantin qoidalarini buzib, xo‘roz o‘yini tashkil qilganlar ushlandi. Bu haqda viloyat IIBB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2020-yilning 9-oktyabr kuni soat taxminan 00:30 larda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani «O‘rtasaroy» MFY hududida joylashgan ot fermasida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilishi va ko‘pchilik yig‘ilib, tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkil etilayotgani aniqlangan.
Viloyat ichki ishlar organlarining tungi xizmatga jalb etilgan xodimlari, bosh boshqarma tezkor xizmatlari, PPX hamda tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilgan va voqea joyiga borilgan.
Ma’lum qilinishicha, u yerda haqiqatdan ham 100 nafardan ortiq fuqaro ishtirokida tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz o‘yini tashkil etilganligi, voqea joyida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilganligi, shuningdek, ferma hovlisida xizmat ko‘rsatayotgan noqonuniy savdo shoxobchasida iste’mol uchun olib kelingan mahsulotlar sanitariya qoidalariga javob bermasligi aniqlangan.
Shundan so‘ng tadbir xodimlari tomonidan o‘yinlarda ishtirok etayotgan jami 124 nafar shaxs qo‘lga olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘yin uchun olib kelingan xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.
Bundan tashqari, ushbu shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasini (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) qo‘pol ravishda buzganliklari uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter