O‘rmon kuni, Oripov va Lavrov, qatl qilingan oila, 007-josus va boshqalar
Kecha va kunduzning tenglashishi, xaosning kosmosga aylanishi (ya’ni tartibsizliklarga tartib berilishi), qish davrida uyquga ketgan urug‘ning nish otishi, quloq chiqarishi, yangi davr, yangi ko‘klam, yangi ko‘tarilish va yuksalish – hammasi 21-martdan boshlanadi. 21-mart – yilning 80-kuni (81-kabisa yili). Navro‘zi olamning kirishi! Yil oxirigacha 285 kun qoladi. Xo‘sh, 21-mart yana qanday bayram, shu kuni o‘tmishda nimalar bo‘lgan?..
21-mart...
Xalqaro she’riyat kuni.
Xalqaro o‘rmon kuni.
Xalqaro irqiy kamsitishga qarshi kurash kuni.
Daun sindromiga chalingan butunjahon insonlar kuni
Xalqaro qo‘g‘irchoq teatri kuni.
Namibiya mustaqilligi kuni (1990).
Janubiy Afrika Respublikasida – inson huquqlari kuni.
21-martda...
1556-yil – Bibliyani inglizcha tarjima qilgan yepiskop Tomas Kranmer gulxanda yoqib yuborilgan.
1804-yil – Fransiyada Napoleon kodeksi qabul qilingan. 21 mart kuni Napoleonning buyrug‘i bilan gersog Engiyenskiy o‘ldirilgan va bu Uchinchi antifransuz koalitsiyasi tuzilishini tezlashtirgan (1805).
1846-yil – puflab chalinadigan asboblar bo‘yicha o‘z ishining ustasi bo‘lmish belgiyalik Adolf Saks saksofonga patent olgan.
1917-yil – Romanovlar imperator oilasi a’zolari hibsga olingan. Bir yildan so‘ng 16 dan 17 iyulga o‘tar kechasi ularning barchasi otib tashlangan.
1925-yil – Amerikaning Tennessi shtatida Bibliya izohlariga zid kelgani uchun Darvinning evolyusion nazariyasini o‘qitishni barcha o‘quv yurtlarida taqiqlash haqida qonun qabul qilindi.
1940-yil – nemis olimlari Otto Frish va Rudolf Payerls natsistlar hukumatiga atom bombasi yaratish imkoniyati haqida axboro berishdi.
1999-yil – 478 soatlik sayohatidan so‘ng Bertran Pikar va Brayan Jons yer yuzini havo sharida aylanib chiqqan ilk odamlar bo‘lishdi.
2005-yil – Red-Leykdagi maktabda ommaviy qotillik ro‘y berdi – 9 qurbon! Qotil o‘zini otib o‘ldirgan.
2006-yil – Jek Dorsi o‘zi asos solgan «Tvitter»ga birinchi xabarini yo‘lladi.
2022-yil – «Boing» yo‘lovchi samolyoti Xitoyda halokatga uchradi, 132 nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi.
21-martda tug‘ilgan mashhur insonlar
1666 – Ogyu Soray, yapon ma’rifat targ‘ibotchisi, islohotchi, konfutsiychilar yo‘lboshchisi (1728 yilda vafot etgan).
1825 – Aleksandr Mojayskiy, rus ixtirochisi, aviatsiya kashshoflaridan biri (1890 yilda o‘lgan).
1882 – Nikolay Gusev (1967 yilda hayotdan ko‘z yumgan), rus adabiyotchisi, Lev Tolstoyning shaxsiy kotibi.
1885 – Alixonto‘ra Sog‘uniy, Turkistonning atoqli olimi va adibi, ulkan davlat arbobi va sarkardasi, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyatining birinchi prezidenti va marshali (1976 yilda vafot etgan)
1923 – Nizar Qabboniy, suriyalik shoir va diplomat (1998 yilda o‘lgan).
1941 – Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni (2016 yilda vafot etgan).
1946 – Timoti Dalton, ingliz aktyori, Jyeyms Bond ijrochilaridan biri.
1950 – Sergey Lavrov, rossiyalik diplomat, Rossiya tashqi ishlar vaziri (2004 yildan).
1961 – Lotar Matteus, nemis futbolchisi, jahon chempioni (1990).
1980 – Ronaldino (haqiqiy ism-familiyasi Ronaldu di Asis Moreyra), braziliyalik futbolchisi, jahon chempioni (2002).
A.Fathullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter