Mart oyi uchun ehtimoliy ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi
Respublika Gidrometeorologiya markazi yaqinlashib kelayotgan mart oyi uchun ehtimoliy ob-havo ma’lumotini taqdim etdi.
O‘zbekistonda mart oyi – yog‘ingarchilik miqdori va yog‘ingarchilik kuzatiladigan kunlar soni bo‘yicha yilda yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘ladigan oy deb hisoblanadi. Hududning katta qismida (shimoliy hududlar va cho‘l zonasidan tashqari) mart oyida 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladigan kunlar kuzatiladi.
2023-2024-yillarning qish mavsumi yakunlanmoqda va taqvim bahori kelishiga ham ikki haftadan kam vaqt qoldi.
Mart oyida O‘zbekistonda havo harorati odatda tez ko‘tarila boshlaydi. Mart oyida o‘rtacha havo harorati fevralga nisbatan 5-6° ga, shimolda esa 7-8° ga yuqori bo‘ladi.
Mart oyining eng iliq kunlarida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida quyosh nurlari havoni 23-28° iliqqacha, janubda esa 30-33° iliqqacha isitadi.
Mart oyida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, ammo haroratning keskin pasayishi davrida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Ushbu asrda 2012 yilning sovuq mart oyi "eng qorli" davr bo‘lib, bunda bir necha bor qor yog‘ishi hisobiga qor qoplamining shakllanishi kuzatildi, respublikaning tekislik hududida qor balandligi ba’zi joylarda 7-12 sm ga yetdi.
Bu yil mart oyi qanday bo‘ladi?
Jahon prognozlash markazlarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, mart oyi nisbatan salqin bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Mart oyida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1-2° ga past, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lib, 4-9° iliqni, janubda 10-11° iliqni tashkil etadi.
Oy davomida harorat kechalari 0-5° sovuqdan 5-10° iliqqacha, kunduz kunlari 5-10° iliqdan 17-22° iliqqacha, janubda 20-25° iliqqacha keskin o‘zgarib turishi prognoz qilinmoqda.
Respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda undan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter