Onlayn nikohdan o‘tish qanday amalga oshiriladi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Yaqinda farzandlik bo‘ldim. Suyunchi pulini qanday olsam bo‘ladi?
— Suyunchi pulini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (my.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tishingiz hamda tegishli xizmat turini tanlab elektron ariza yuborish yoki karantin tadbirlari tugagach tegishli tuman pensiya bo‘limlariga murojaat qilishingiz mumkin.
— Davlat xizmatlarini onlayn olish uchun elektron raqamli imzo kerak ekan, uni qanday olish mumkin?
— Karantin tugagunga qadar, istisno tariqasida, elektron raqamli imzo kaliti va sertifikatini masofadan turib berish imkoniyati yaratildi. Elektron raqamli imzoni https://e-imzo.uz/ orqali ham olish mumkin. Bu yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektron so‘rovnomani to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
— Soliq to‘lamaslik uchun tadbirkorlik faoliyatimni vaqtincha to‘xtamoqchiman. Buni qanday amalga oshirish mumkin?
— Buning uchun faoliyatingizni vaqtincha to‘xtatishingiz shart emas. Karantin davrida soliq hisoblanmasligi uchun Siz faoliyatingizni vaqtincha to‘xtatmay turib soliq.uz sayti orqali davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilsangiz kifoya.
— Litsenziyam muddati 1 may kuni tugaydi – nima qilish kerak?
— Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra karantin davrida muddati tugaydigan barcha litsenziya va ruxsatnomalar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar avtotransport vositalari hujjatlari amal qilish muddati 2020 yil 1 iyulga qadar uzaytiriladi. Ularning muddati o‘tganligi munosabati bilan javobgarlik va boshqa choralar qo‘llanilmaydi.
— ERIni Davlat xizmatlari markaziga bormasdan turib yangilasam bo‘ladimi?
— Bo‘ladi. Buning uchun e-imzo.uz saytiga kirib, tegishli ariza yuborish lozim.
— Onlayn nikohdan o‘tish qanday amalga oshiriladi?
—Nikohni qayd etish uchun FHDYoga elektron arizani my.gov.uz portali orqali yuborish imkoni yaratilgan. Buning uchun ikkala tomon (kelin va kuyov) ham elektron raqamli imzo olishi shart. Ariza to‘ldirilganidan so‘ng ikkala tomon ham arizasini o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. So‘ng ariza belgilangan FHDYo bo‘limiga kelib tushadi. FHDYo bo‘limi arizani 1 ish kunida qabul qilib oladi. Karantin tadbirlari nihoyasiga yetganidan so‘ng, nikohlanuvchilar FHDYo bo‘limiga chaqirtiriladi va ularga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma topshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter