Onam ro‘molidek aziz bayrog‘im!
Bir necha kundan buyon «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot guruhi»da foydalanuvchilardan biri tomonidan joylangan O‘zbekiston bayrog‘i aksi tushirilgan paypoq rasmi qizg‘in bahs-munozara qilinmoqda. Foydalanuvchi rasmga «Bozorlarimizda paydo bo‘lgan yangicha dizayndagi paypoq... Kalla ishlamasa ham qiyin ekan» deya izoh ham qoldirgan.
Albatta, foydalanuvchilarning judayam aksariyatiga bu paypoq ma’qul kelmagani sharhlardan bilinib turibdi. Ko‘pchilik bu mahsulotni ishlab chiqarganlarni farosatsizlikda, axmoqlikda ayblagan bo‘lsa, hissiyotiga erk berganlar hatto bu ishni millat sha’nini yerga urish sifatida jinoyatgacha tenglashtirgan. Muhayyo Hakimova: «Bayrog‘imiz oyoq ostida emas, balandlarda hilpirashi kerak. Bayroqqa nisbatan bunday munosabat uchun javobgarlik bor» deb yozsa, Samandar Muzaffarov «Milliy g‘ururi yo‘qlar sotishyapti. Ahmoqlarning oyog‘ida ham ko‘rishimiz mumkin, xuddi diplomni oyoq osti qilishganidek. Bu bo‘yicha albatta chora ko‘rish lozim» deb fikr bildirgan. Zebu Zar’ning fikri yanada qat’iy: «Bayrog‘imiz bizning faxrimiz, g‘ururimiz. Uni baland cho‘qqilarga ko‘tarish o‘rniga oyoqosti qilib moddiy manfaat ko‘rganlarni O‘zbekiston fuqaroligidan butunlay chiqarib tashlash kerak», – deydi u.
Mustaqil yurtimiz bayrog‘i, uning sha’ni uchun kuyunchaklik bilan izohlar qoldirilgani odamni xursand qiladi, albatta. Demak, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar davlatimiz ramzlariga e’tiborsiz emas, ularni ko‘z qorachig‘idek asrashni juda yaxshi bilishadi. Demak, milliy g‘ururimiz mustahkamlanib boryapti. Ammo, shunday izohlar ham borki, odamni o‘ylantirib qo‘yadi. To‘g‘ri, turli odamdan turfa fikr chiqadi va ma’lum bir voqea-hodisaga har kim o‘z qarashidan kelib chiqib munosabat bildirishga haqli. Biroq gap millat sha’ni, qadr-qimmati haqida gap ketganda, ko‘pchilikning fikriga qarshi borish, bilib-bilmay mahmadonalik qilish yaxshi emas.
Bu holat «Paypoq» masalasida ham kuzatildi. B.R. ism-familiyali foydalanuvchining fikri bunga misol. U shunday izoh qoldirgan: «Chunmadim bu nimasi yomon, patriotizm, patriotla olib kiyadi. Noski kiyish oyoq osti qilindi deganimasu. Odamlaga tema bosa boldi bir birini otin soyvorishga tayyor. Balki shu naskini olib kiymas, devorga osib qo‘yar suvenir qilib. Tovba». Uning sharhiga O.U. javob yozgan: «Shunaqa tupoycha oylidigan odamlar ko‘pde! Man ham etdim nimasi yomonligini lekin bu tupoylar barbir tushunmayapti :D». B.R: «Bayro tursulayam boru nime uni tema qilishmayapti unda». O.U. «tshunmasa qiyin ekan, lekin shuni chiqarib sotvotgan tadbirkorga 5 baho! Qo‘lidan kelsa qolganlar ham shunaqa qilib sotsadeye ko‘p gapirmasdan...»
Bu ikki yigitning o‘zaro yozishmalarini kirilchaga o‘girdimu xatolarini to‘g‘rilashni lozim topmadim. Xatolar o‘z yo‘liga, ammo ularning fikrlashlari odamni o‘ylashga majbur qiladi. Ularning qarashicha bu fidoyilik. Demak, patriotizm niqobi ostida bayroqni paypoq qilib kiyish mumkin. Kiymasangiz devorga osib qo‘yingmish. O‘ylashimcha, bu yigitlar o‘zbekchilikdan, o‘zbekona urf-odatlardan tamomila bexabar. Ular o‘zbeklar o‘z uylari devoriga paypoq osib (hatto u suvenir bo‘lsa ham) qo‘ymasliklarini bilishmaydi. O‘zbekning uyi devorida do‘ppi, chopon, chakmon singari kiyimlar osilishi mumkin, hatto shim yoki ishton ham ilinmaydi devorga – madaniyatimiz shunaqa! Eng yomoni ular boshqalarni (izoh yozgan minglab katta-kichik insonlarni) «tupoylar» deya haqorat qilishdan uyalishmayapti. O‘zlarini o‘zgalardan aqlli hisoblagan bu shovvozlar haqorat jinoyat ekanligini bilishmasa, nahotki? Bularning «tarbiyachilari» kim ekan-a?! Keyinroq esa o‘z fikrlariga o‘zlari ters javobga o‘tishadi. Ya’ni, hozirgina bu ishni «patriotizm» sifatida baholayotganlar endi bu bir biznes ekanligini aytishib, tadbirkorga 5 baho qo‘yishadi. Bu endi ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas. To‘g‘ri, ular yozganidek bayroq aksi tushirilgan shortiklarda ringga chiqayotgan bokschilarimiz ham bor. Baribir, bu ham chiroyli emas. Jahon arenalarida g‘olib bo‘lib, Vatan bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgan sportchilarga tahsin aytgan holda, bayroq-shortiklar masalasi bilan shug‘ullanishni sport mutasaddilari hukmiga havola qilaylik. Bayrog‘imiz beldan pastga tushgani yaxshi emas, nazarimda.
F.A.:«Chet elga chikib kegan odam boshkacha fikrlidi! ...xoroshiye nosochki». Bu ukamiz o‘z fikriga o‘zi bosh barmoq belgisini qo‘yib qoyil qildimmi, degandek bo‘ladi. Bu bilan u xorijda, masalan, Amerikada odamlar AQSh bayrog‘ini kalta ishton, mayka, paypoq va hokazo kiyimlar sifatida kiyib yurishlari oddiy xol ekanligini aytmoqchi. Bu o‘rinda u haq. Lekin biz Amerikada emas O‘zbekistonda yashayapmiz. Bizning davlat ramzlariga munosabatimiz tamomila boshqacha. Chet elga chiqib kelgan odam o‘sha joyga o‘zbekona urf-odatni, fahm-farosatni tashlab kelsa, bunaqa «fikrlaydiganlar» bizning jamiyatga umuman keragi yo‘q.
O‘zbekiston – Vatanimiz, jonimiz, borimiz. Vatan biz uchun Ona kabi muqaddas, ulug‘. Bejizga ona Vatan demaymiz. Vatan bayrog‘ini paypoq sifatida kiyish mumkin, deguvchilarga javobim shu: Vatan Onamiz ekan, demak, Vatan bayrog‘i Onamiz ro‘moli singari azizdir. Biz – o‘zbeklar onalarimiz ro‘molini hech qachon oyoqlarimiz ostiga tashlamaymiz. Balki ko‘zlarimizga surtib, boshimiz qadar baland tutib yuramiz. Onalarimiz omon bo‘lsin, O‘zbek millati bayrog‘i doim yuksaklarda hilpirab tursin!
Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter