Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men bolam deyman, bolam – bolasini

Men bolam deyman, bolam – bolasini

Tinchlik

− Eringizni doim bezovta, behalovat holda ko‘ramiz, nima gap? − so‘radi mahalla oqsoqoli.

− U kishi tinchlik haqida asar yozyapti, e’tibor bermang, − deb javob berdi ayol.

Sevgi

− Meni sevasanmi? − deb so‘radi yigit.

Qiz avval kuldi, so‘ng nogoh yig‘lab yubordi. Bir tomchi ko‘z yoshi yonog‘idagi kulgichlari ichida nafis gul shaklida turib qoldi.

Yordam

Yoshi saksondan sakrab o‘tgan kasalmand, qaddi egik qariya biror olijanob yo‘lovchining yordami bilan serqatnov ko‘chadan o‘tib olish ilinjida tevarakka jonsarak ko‘z yugurtib turardi.

− Assalomu alaykum, amaki, − deb salom berdi nogoh qarshisida paydo bo‘lgan o‘spirin.

Qariya g‘oyat ajablanganidan alik olishni ham unutib bolaga tikildi.

«Amaki?!»

Ha, u behuda lol qolmadi. Mana, salkam o‘ttiz yildan beri quloqlari «otaxon», «bobojon» degan atamalarga ko‘nikkan. O‘spirinning kutilmagan murojaatidan uning egik qaddi biroz rostlanganday bo‘ldi.

− Amaki dedingmi? − qayta so‘radi qariya.

− Ha, amakijon, − dedi bola go‘yoki iltijoli tikilib, − mashinalar qatnovidan qo‘rqaman, shunday kasalim bor, iltimos, ko‘chani kesib o‘tishimga yordam bering.

− Xo‘p, − dedi qariya va shu barobarida ko‘zlari ravshan tortib, qo‘l-oyoqlari tetiklashganday bo‘ldi.

O‘spirin qandaydir sirli kulimsirab cholni qo‘ltiqlab oldi.

«Sho‘rlik, − o‘yladi qariya serqatnov yo‘lni kesib o‘tisharkan, − shugina yoshidan g‘alati kasalga chalinibdi-ya?! Ming bor shukr, menda unday karohat yo‘q...»

Xayollar og‘ushidagi otaxon o‘zi bola yetovida borayotganini aslo payqamadi. Ammo ayni paytda uning ruhi tetik, vujudi yengil, ko‘z oldi yorug‘ edi.

Ona

Ikki-uch mahalla narida yashovchi qizi, kechki soat oltida yoningizga boraman, deb qo‘ng‘iroq qilgan edi. Ammo hanuz darak yo‘q. Soat millari aytilgan vaqtdan ancha olislab ketdi. Ona bezovta bo‘la boshladi.

Qiziga qo‘ng‘iroq qilish uchun qo‘l telefoni raqamlarini terdi. Biroq allaqanday biyrongina qiz «hisobingizda mablag‘ yetarli emas» deb javob berdi. Onaning hafsalasi pir bo‘ldi. O‘g‘li kelini, nevaralarni ham qo‘ltiqlab uch kunlik sayohatga ketishgan. Uyda o‘zidan boshqa hech kim yo‘q.

«Qizim odatda aytgan vaqtida kelardi, − o‘yladi ona, − bu gal negadir kechikdi. Yo biror kor-hol yuz berdimikan?»

Ona o‘z xayollaridan o‘zi vahimaga tushib ko‘chaga otilib chiqdi. Darvozani apil-tapil qulflab, avtobus kutishga ham toqat qilmay, uch-to‘rt chaqirim naridagi mahalla tomon, qizinikiga yo‘l oldi.

Atrof allaqachon qorong‘ilikka burkangan. Kech kuzning muzdek shamoli etni junjiktiradi. Qizi o‘z darvozasi yonida bezovta, jonsarak bir alfozda turgan ekan.

− Oyi-i, − dedi u onasini ko‘rgan zahotiyoq sergaklanib, − nima qilib yuribsiz kechki payt, tinchlikmi?

− O‘zingda tinchlikmi, va’da berib bormading-ku, xavotirlandim...

− E-e, − norizo qo‘l siltadi qizi, − Sevarani kutib o‘tiribman, qizim soat beshdan kech qolmas edi, o‘qishi ham bor bo‘lsin-da, rosa xavotirga qo‘ydi...

Luqmon Bo‘rixon

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring