«Ona» (video)
«Oilam» videoloyihasining navbatdagi qahramoni sirdaryolik Fotima opa Oqmirzayeva.
«Men turmush o‘rtog‘im haqida gapirmoqchi emasman, bolalarim ham otam haqida gapirmaymiz, u yaxshi inson deyishadi» deb gap boshlaydi Fotima opa.
Qahramonimiz boshqa yolg‘iz onalardan farqli o‘laroq, turmush o‘rtog‘ini qoralamoqchi emas. Boshiga tushgan qiyinchiliklar uchun kimlarnidir ayblamoqchi emas. Turmush o‘rtog‘i oilasini tashlab ketgan bo‘lsada, baribir ular yaxlit oila bo‘lib qolganini aytmoqchi.
— Turmushda yetishmovchiliklar, bemorliklar bo‘lgan. Farzandlarim «dada», degan so‘zni aytishga mahtal bo‘lgan, hatto qo‘shnimizning farzandlari otasining oldiga yugurib chiqib «dada», deb bo‘yniga osilsa, mening ikki yoshli qizim ham qo‘shilib «dada» deb baqirib yuborgan paytlari bo‘lgan... Ammo men va farzandlarim bir-birimizga suyanchiq bo‘lib bu kunlarni ortda qoldirdik.
Barcha tashvishlarning, qayg‘ularning alamini mehnatdan, o‘qishdan oldik. Katta qizim Dilnoza doimo ko‘zimga qarab turadi. Ichki kechinmalarimni his qiladi. Oilada har bir farzand o‘ziga xos, alohida o‘rni bo‘larkan. «Ona mana biz bormiz, siqilmang, biz qancha kunlarni yengdik, bu kunlarni ham birgalashib yengamiz», degan gaplaridan men o‘zimni qo‘lga olishim kerakligini tushunardim.
Men otasi yoki onasi yo‘q o‘quvchilarimni hammadan ko‘proq tushunardim. «Oilam» mavzusida insho yozdirganimda, yozolmay yig‘lab chiqib ketgan o‘quvchilarim bo‘lgan. Lekin ularni ortga qaytarganman: oilasi — maktabdagi o‘qituvchilari, o‘rtoqlari ekanligini, otasizlik yoki onasizlik uyaladigan holat emasligini tushuntirolganman. O‘g‘lim rus tili fani o‘qituvchisi, biz farzandlar tarbiyasi haqida bahslashganimizda aytadi: «ona bolaning tarbiyasiga uyda ota-ona, maktabda ustoz mas’ul. Bolaning qiziqishlarini chegaralamaslik kerak». Ha, shunday oilalar bor — oilada faqatgina birovlardan yozg‘irish, moddiylik haqida emas, o‘z ishi, bolalar tarbiyasi mavzusida talashib-tortishadigan farzandlar va onalar bor — deydi Fotima Oqmirzayeva.
Yolg‘iz ona kurashuvchan va qo‘lida hunari yoki oliy ma’lumotli bo‘lsa, farzandlari kelajakda Fotima opaning o‘g‘il-qizlaridek havas qilarli bo‘lib voyaga yetishini shu qahramonimiz orqali ko‘rsatib berishga harakat qildik. Onaning barcha farzandlari oliy ma’lumotli. Barchasi o‘zi xohlagan kasbni tanlagan. Va shu bilan birga, yaxshi odamlarning atrofida o‘ziga o‘xshagan qalbi ezgulikka to‘la olijanob odamlar yig‘ilishini ko‘rdik. Qolganini qahramonimizning o‘zidan eshitamiz.
Muallif: Barno Sultonova
Tasvirchi: Akmal Qudratov
Montaj ustasi: Sherzod Qayumov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter