«O‘mon nigohi–2040». Strategik dastur mamlakat taraqqiyotida tub burilish yasashi kutilmoqda
Arabiston yarimorolining janubi-sharqida joylashgan O‘mon sultonligi O‘zbekistonning ishonchli sheriklaridan biri sanaladi. Sultonlik yurtimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan, 1992-yil 22-aprel kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.
18-noyabr – O‘mon sultonligi milliy bayrami arafasida mamlakatda amalga tatbiq etilayotgan strategik dastur haqida hikoya qilmoqchimiz.
O‘tgan yili O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq a’lo hazratlari tomonidan «O‘mon nigohi–2040» konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur dastur 2021-2040-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar jabhalarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Jamiyatning turli qatlam vakillari fikr-mulohazalari aks etgan hujjatni umummilliy taraqqiyot dasturi deb atash mumkin. Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘monni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlariga biriga aylantirishdan iboratdir.
Aksar ko‘rfaz davlatlari kabi O‘mon an’anaviy ravishda neft-gaz savdosi, baliqchilik va qishloq xo‘jaligidan daromad qilib kelgan. Keyingi yillarda nafaqat energetika, balki iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlarini ham rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. «O‘mon nigohi–2040» konsepsiyasida ham iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, jumladan, ilmiy ixtirolar va innovatsiyalarga asoslangan yo‘nalishlarni rivojlantirish asosiy vazifa o‘laroq belgilangan.
Tahlilchilarga ko‘ra, turizm, logistika, tog‘-kon sanoati, ishlab chiqarish hamda ilg‘or texnologiyalar sohasi O‘monni yangi taraqqiyot yo‘liga olib chiquvchi sohalari bo‘lishi kutilmoqda.
Jahon energetika bozoridagi so‘nggi dolg‘alar sultonlik iqtisodiyotiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Shu bois ayni paytda sultonlikda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ilg‘or yo‘nalishlarga sarmoya jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
«O‘mon nigohi–2040» konsepsiyasi iqtisodiyotni innovatsiyalar hamda teng imkoniyatlarga asoslangan holda isloh etishni ko‘zda tutadi. Moliyaviy-iqtisodiy islohotlar orqali xususiy sektorning ulushini oshirish, xorij sarmoyasini ko‘paytirish, pirovardida esa YaIMning barqaror o‘sishiga erishish maqsad qilingan. «O‘mon nigohi–2040» konsepsiyasi «Insonlar va jamiyat», «Iqtisodiyot va taraqqiyot», «Boshqaruv va institutsional samaradorlik» kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bunga muvofiq, ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ijtimoiy himoya, iqtisodiy peshqadamlik, ekologik xavfsizlik, qonunchilik tizimi, xalqaro hamkorlik kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
«O‘mon nigohi–2040» dasturi sultonlik tarixida burilish yasaydi. Sulton Haysam bin Toriq a’lo hazratlari hokimiyatga kelgach, iqtisodiyot va boshqaruvda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishdi. Vazirlar mahkamasidagi jiddiy o‘zgarishlardan tashqari hukumatning ma’muriy tizimda ham o‘zgarishlarga qo‘l urildi», – deydi iqtisodiy tahlilchi Davis Kallukaran.
Sarmoyalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham jiddiy qadamlar qo‘yildi, jumladan, 65 ta yirik davlat shirkatlarini birlashtirgan sarmoya boshqarmasi ta’sis etildi. Mutaxassisga ko‘ra, qo‘shimcha qiymat solig‘ining joriy etilishi yaqin yillarda budjet taqchilligini butkul tugatish imkonini beradi.
Sultonlik nufuzini yanada oshirish, xorij sarmoyasini kengroq jalb etish maqsadida investorlarga imtiyozlar berishni ko‘zda tutuvchi qoidalar joriy etildi. Ayni paytda yirik sarmoyadorlar Soxar, Salala kabi port shaharlar va bir qator iqtisodiy hududlarga qiziqish bildirmoqda.
Nufuzli ilmiy markaz – Atlantika kengashining (Atlantic Souncil) katta ilmiy xodimi, tajribali diplomat Mark Sivers (u 2016-2019 yillarda AQShning O‘mondagi elchisi faoliyat yuritgan) sultonlik xususiy sektor va tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratib berayotganini yozadi.
Qayd etilishicha, Sulton Haysam bin Toriq millatga qilgan murojaatida davlat boshqaruv tizimini isloh etish, ishonchli, samarador, halol va odil boshqaruvni ta’minlash haqida gapirgan va shu tariqa boshqaruv idoralari faoliyati yangi talab-tamoyillarga ko‘ra qayta ko‘rib chiqilgan.
«Sulton Haysam mamlakat yuzma-yuz kelgan iqtisodiy masalalarni hal etish uchun ishonchli qadamlar tashlagani diqqatga sazovordir», – deydi olim va diplomat Mark Sivers.
Iqtisodiyotning istiqbolli sohalaridan biri sifatida turizmga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijlik sayyohlarga bepul viza taklif etilmoqda. 2019-yili mamlakat YaIMda turizm hissasi 2,5 foizni tashkil etgan. Rasmiy Masqat 2030 yilda mazkur ko‘rsatkichni 6 foizga yetkazmoqchi.
Qolaversa, «O‘mon nigohi–2040» konsepsiyasida «yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat» masalasi sifatida ta’lim va ilm-fan ravnaqiga ham katta ahamiyat qaratilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 19 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolangan. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida doimiy ravishda maslahatlashuvlarning o‘tkazilayotgani dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish va yakdil harakatlarni amalga oshirish imkonini bermoqda.
C.Calim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter