Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsman aralashuvidan so‘ng yangi mashina sotib olgan iste’molchining murojaati hal etildi

Ombudsman aralashuvidan so‘ng yangi mashina sotib olgan iste’molchining murojaati hal etildi

Foto: «Ombudsman.uz»

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Xorazm viloyatidan kelib tushgan murojaatda fuqaro yangi sotib olgan mashinasida nosozlik borligi va «UZAUTO MOTORS» AJga murojaatlari besamar ketayotgani va uning iste’molchi sifatidagi huquqlari poymol etilayotganini qayd etgan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, murojaatchi E.O. joriy yilning 4-mart kuni Xorazm viloyati Urganch shaxridagi «Xorazm-Avtosavdo» MChJ bilan LACETTI L-ELEGANT/AT PLUS rusumli avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzib, unga 28 aprel kuni mashina yetkazib berilgan. Biroq oradan to‘rt kun o‘tib mashinada nosozlik aniqlangach, iste’molchi darhol avtosalonga murojaat qilgan. Yangi avtomobil texnik xodimlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda qisqa tutashuv sodir bo‘lib, uning ba’zi simlari erib ketgan. Shundan so‘ng «Xorazm-Avtosavdo» MChJ mas’ul xodimlari holat yuzasidan «UZAUTO MOTORS» AJga xabar bergan.

Murojaat muallifining so‘zlariga ko‘ra, u «UZAUTO MOTORS» AJga ishonch telefoni orqali ham murojaat yuborgan. Lekin iste’molchi mas’ul xodimlar bilan bog‘langanda, ular turli vajlar bilan 20 kun davomida arizani qanoatlantirmay kelishgan.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, agar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste’molchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma’naviy zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Shuningdek, mazkur Qonunning 22-moddasida «Iste’molchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor bo‘lsa, haq to‘lashi lozim. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilaydi. Ma’naviy zarar uchun haq to‘lash mulkiy ziyon va iste’molchi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishidan qat’i nazar, amalga oshiriladi» deb belgilangan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, murojaatchi ishtirokida avtomobil texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, uning jgut komplektida nosozlik borligi aniqlangan hamda bartaraf etilgan. Shunday qilib, murojaatchi E.O. yangi sotib olgan avtomobilini 25 kundan so‘ng soz holatda qabul qilib olgan.

Aslida aholining ushbu mazmundagi murojaatlari Ombudsmangacha yetib kelmasidan avval, ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan shartnomaga muvofiq tezkorlik bilan bartaraf etilishi lozim edi. Ushbu holatda iste’molchi talabini qanoatlantirish o‘rniga, uning shikoyatiga e’tiborsizlik yoki loqaydlik qilgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish tavsiya etiladi. Zero, ishlab chiqaruvchi kompaniya raqobatbardoshliligini saqlab qolish uchun o‘z mijozlarining ishonchini oqlamog‘i lozim.

Bu kabi murojaatlar Ombudsman darajasida hal etiladigan masala bo‘lmasa-da, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan ularni o‘z nazoratiga olmoqda. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)  Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan hamkorlikda ishlashni rejalashtirmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring