Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Olmazor Kremniy vodiysi» loyihasi start oldi (video)

«Olmazor Kremniy vodiysi» loyihasi start oldi (video)

Foto: Xabar.uz

Kuni kecha, 28-yanvar kuni Olmazor tumanidagi 298-maktabda «Olmazor Kremniy vodiysi» loyihasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Nima uchun loyiha «Olmazor Kremniy vodiysi» deb nomlangan? Ma’lumki, Kremniy vodiysining mashhur bo‘lishiga asosiy sabablardan biri u yerda g‘oyalar va innovatsiyalar real hayotda amalga oshiriladigan maydon bo‘lganligidir. Shu sababli ham tashkilotchilar – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Olmazor tumani hokimligi «Olmazor Kremniy vodiysi» loyihasini mana shunday innovatsiyalar va g‘oyalarni real hayotda amalga oshiradigan maydonga aylanishini maqsad qilishgan.

Tadbir doirasida bir qator taqdimotlar o‘tkazildi.

Dastlab INNOGROUP kompaniyasi hamasoschilaridan biri Bekzod To‘xtamurodov additiv texnologiyalar tatbig‘i to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.

– O‘quvchilarga muhandislik ko‘nikmalarini o‘rgatishni maqsad qilganmiz, – deydi u. – Shuningdek, ularni aniq fanlarga qiziqishini kuchaytarish, bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish (ishlab chiqarish va frilans), texnologiya darslariga yangi texnologiyalarni joriy etish, startap va kasbga yo‘naltirilgan loyihalarga imkoniyat yaratmoqchimiz. Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi  bosqichda 31 ta umumta’lim maktablarida 3D printerlar laboratoriyasi, 4 ta sektorning har birida 3D modellashtirish va IT o‘qitish markazlari va ikkinchi bosqichda 31 ta mexatronika markazlari tashkil etiladi.

– Kompaniyamiz yetti yillik tajribaga ega, – dedi «Transformers Education» kompaniyasi asoschilaridan biri Abdulhay Madaipov o‘z taqdimotida. – Hozirgacha 10500 dan ziyod o‘quvchilarni o‘qitdik. O‘quv dasturimiz asosan uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqichi – boshlang‘ich, ya’ni, 2-sinfdan 4-sinfgacha, ikkinchisi – o‘rta bosqich 5-sinfdan 9-sinfgacha va yuqori bosqich o‘ninchi va o‘n birinchi sinflarni qamrab oladi. Bizdagi bilim olish jarayoni eng zamonaviy STEM ta’limi asosida amalga oshiriladi. O‘quvchilar dasturlash, elektronika, mexanika va sun’iy intellektni o‘rganishadi. Umumiy auditoriyamiz Olmazor tumanida 48725 tani tashkil etadi. Hozirda ikkita maktab – 298 va 15-maktablar faoliyatini boshlashga tayyor, 233 va 29-maktablar ish faoliyatini boshlash jarayonida.

«Olmazor Kremniy vodiysi» loyihasi bo‘yicha birinchi bosqichda to‘rtta maktabda robototexnika va injiniring markazlarini, ikkinchi bosqichda 33 ta maktabda mexatronika va VR ta’lim markazlarini tashkil etiladi. Mexatronika hamda VR markazlarimizda o‘quvchilar ixtiro va g‘oyalarini, shu bilan birga, fikrlarini amaliyotda joriy etishi uchun kerak bo‘ladigan asosiy barcha qurilmalar joylashtiriladi. Bu yerda o‘quvchilar bemalol ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Taqdimotdan so‘ng mehmonlar 298-maktabdagi 3D loyihalashtirish va robotexnika hamda ayti xonalarni ko‘zdan kechirishdi, o‘quvchilar bilan muloqot qilishdi.

Olmazor tumanida sifatli ta’limni ta’minlash maqsadida rakamlashtirishga katta e’tibor berilmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, tuman xalq ta’limi bo‘limi qoshida tashkil qilingan nazorat tahlil va monitoring va metodik xizmat bo‘limlari tomonidan maktab kuzatuv va ovozli kameralari hamda Face ID identifikatsiya kameralaridan olingan barcha ma’lumotlar Kundalik.com platformasidagi ma’lumotlar bilan solishtirilib, o‘qituvchi va o‘quvchilar davomati hamda darslar tahlili masofadan turib bitta bazada, markazlashgan holda maktablar va sinflar kesimida doimiy ravishda tahlil qilib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Olmazor tumani umumta’lim maktablarida UTS davomat tizimi amaliyotga joriy qilingan. Mazkur tizim bazasidagi jami o‘quvchilar soni 52600 nafarni tashkil qiladi, shundan 27263 nafar ota-onalar esa o‘z smartfonlariga ushbu davomat ilovasini o‘rnatishgan.  

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring