Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Okean Yaponiyaning kanalizatsiyasi emas: Xitoy yaponlarga «Fukusima» suvidan ichib ko‘rishni taklif qildi

Okean Yaponiyaning kanalizatsiyasi emas: Xitoy yaponlarga «Fukusima» suvidan ichib ko‘rishni taklif qildi

Foto: «Naked-science.ru»

Xitoy tashqi ishlar vaziri Chjao Litszyan yapon rasmiylariga Yaponiya Tinch okeaniga to‘kmoqchi bo‘lgan halokatli «Fukusima-1» atom elektrostansiyasidan bir qultum suv ichib ko‘rishni taklif qildi. Bu haqda u «Twitter»da yozgan.

«Okean — Yaponiyaning chiqindixonasi emas. Tinch okeani esa Yaponiyaning kanalizatsiyasi emas. Yaponiyalik amaldorlardan biri bu suvni ichish mumkinligini aytdi, nega avval o‘zi bir qultum ichib ko‘rmayapti?» — deb yozadi «Twitter»da.

Chjao Litszyan, shuningdek, Yaponiyaning «Fukusima-1» suvini to‘kish rejalari AQSh tomonidan ma’qullanganligiga e’tibor qaratdi.

«Lekin bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ma’qullanishini anglatmaydi. Ajablanarlisi, AQSh Yaponiyaga sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Agar AQSh atrof-muhit muhofazasini qadrlasa, u javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi va ikki tomonlama standartlarni qo‘llamasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Xitoy TIV rahbari.

13-aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Yaponiyaga «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidan aksar xavfli radioaktiv moddalardan tozalangan suvni okeanga oqizish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan norozilik bildirdi. Xitoy hukumati ushbu masalani xalqaro hamjamiyat bilan muhokama qilmoqchi va katta ehtimol bilan bir qator qarshi choralarni qo‘llamoqchi.

Avvalroq Rossiya halokatli atom elektr stansiyasidan suv oqizish oqibatlarini baholadi. Rossiya Fanlar akademiyasining Shirshov nomidagi Okeanologiya instituti suv osti tadqiqotlari va sinovlari laboratoriyasining boshlig‘i Konstantin Roginskiyning so‘zlariga ko‘ra, radioaktiv suyuqlikning ta’siri ahamiyatsiz bo‘lib, ekologik falokatga olib kelmaydi.

Aprel oyida Yaponiya rasmiylari «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidan suvni okeanga oqizishga rasman ruxsat berishdi. Okeanga suv oqizishga tayyorgarlik jarayoni taxminan ikki yil davom etadi.

2011-yil 11-martda Yaponiya tarixidagi eng kuchli zilzila yuz berdi: 9,1 balli yer qimirlashi to‘lqin balandligi 40 metrdan oshgan sunamini keltirib chiqardi. Tabiiy ofat qirg‘oqqa zarba berib, «Fukusima-1» atom elektr stansiyasida halokatni keltirib chiqardi. U yerda reaktorni sovitish tizimi ishlamay qoldi. Bu inshootlarning zichligi buzilishiga va hududning radioaktiv ifloslanishiga olib keldi. Taxminan 300 ming aholi stansiya atrofidagi hududni tark etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring