Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odamlarga yordam berishni xohlamaysanmi yoki kasalmisan?»

«Odamlarga yordam berishni xohlamaysanmi yoki kasalmisan?»

Respublika qon quyish markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori A’lonur Saidov yurtimizda qonga bo‘lgan talab ortib borayotganini qayd etdi.

Sababi...

Bugun mamlakatimizda tibbiyot sohasi jadal rivojlanmoqda. Natijada nafaqat poytaxtimiz, balki viloyat va tuman markazlarida ham murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilyapti. Bunday muolajalarni bajarish uchun birinchi navbatda qon komponentlari zarur. Ayniqsa, yurak jarrohlik amaliyotlarida kerakli a’zoga muttasil qon quyib turilmasa, operatsiya muvaffaqiyatli kechmasligi mumkin. 

Bundan tashqari, shu kunlarda mamlakatimizda inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha yangi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Bungacha esa tegishli nizom asosida tana a’zolari ko‘chirib o‘tkazilgan. Agar ushbu qonun amaliyotga to‘liq tatbiq etilsa, qon mahsulotlariga bo‘lgan talab yana ortadi.

Sizga bir misol aytaman: Bitta jigar transplantatsiyasi operatsiyasini o‘tkazish uchun 30 litrgacha qon plazmasi kerak. Bu komponent esa 120 nafar donordan olinadi. Shuning o‘ziyoq donorlik ahamiyati naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

Har bir sog‘lom inson donor bo‘lishi kerak!

Ko‘pincha donorlar soni kamayib ketsa, qon xizmati xodimlariga e’tirozlar ortadi. Biroq qon zaxirasini yaratish faqat soha xodimlarining vazifasigina emas. Buning uchun, avvalo, xalqning o‘zida donorlik madaniyati yuqori bo‘lishi lozim. Qayerga, qaysi tashkilotga borsak, hamma «labbay» deb qon topshirishi zarur. O‘zingiz o‘ylang: agar bu ishga hech kim bosh qo‘shmasa, qonni yerda qazib ololmaymiz-ku!

Chet mamlakatlarda bu jarayon juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ularda har qanday sog‘lom inson qachon qon topshirishi kerakligini yaxshi biladi. Hatto, ko‘p davlatlarda qon topshirmaydigan insonga yomon ko‘z bilan qaraydi. «Odamlarga yordam berishni xohlamaysanmi yoki kasalmisan?» deydi.

Shunday ekan, yurtimizda ham qon xizmatini rivojlantirish uchun har bir sog‘lom inson donor bo‘lishi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring