Odamlar va pullar (Shoniyoz Meliboyevdan odamiylik hikoyasi)
Shahardan qaytishda bozorga kirdik. Jo‘ralarim arzonroq fleshka axtarib, men olma olgani. Ikkita odam yonma-yon zo‘rg‘a yuradigan yo‘lakning har ikki cheti meva-chevaga to‘la edi. Olma narxlarini so‘rab u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa o‘tdim. Yo‘lakning narigi chekkasida chamasi ellikka kirgan bir ayol sovuqdan qaltirab o‘tirardi, u va uning oldidagi limon e’tiborimni tortdi.
Ayol yupun kiyingan, kiyimi aft-angoridek ko‘rimsiz, oyog‘idagi quyma kalishning chetlari yirtilgan. Latta to‘rvaning og‘zi katta qilib ochib qo‘yilgan, ichida besh-olti kilocha chiqadigan limon bor. Limon donalari kichik, ustiga-ustak xom-xatala uzilgan, po‘stlog‘ida yashil rang sariqdan ko‘p. Shuning uchun ham olarmon yo‘q, men yo‘lakning boshidan oxiriga bir necha marta borib kelib, ayolning qarshisida birov to‘xtaganini ko‘rmadim.
Ayol sarxil mevalar orasidan o‘tib kelayotgan odamlarga mo‘ltirab qarardi. Menga ham bir necha marta qaradi. Soat uchdan o‘tgan, hademay dekabr quyoshi qisqa sayohatini yakunlab, tog‘ ortiga botadi. Keyin ayoz qisadi, izg‘irin telba-tentakday odamlarning yuziga shapaloq torta boshlaydi. Ayol bozorga qachon kelgan, tong sahardami yoki hozirgina, bu yog‘i menga ma’lum emas. Ma’lumi shuki, u haligacha bir kilo tugul, bitta dona bo‘lsa ham limon sotgani yo‘q, to‘rvaga bundan ortiq limon ketmaydi.
Yuragimda nimadir uyg‘ondi va men shu uyg‘oqlik ichida ayolning qarshisiga dadil qadam tashlab bordim.
— Limon nechpul?
Ayol narigi tomondan kelayotgan basavlat odamga qarab turgan edi, cho‘chib tushdi. Menga qarab, negadir indamay qoldi. Aftidan, tiliga bir so‘z kelmadi.
— Limonni qanchadan sotayapsiz? — dedim bitta limonni qo‘limga olib.
— Kilosi o‘n ming!
U bu gapni hayajon bilan aytdi. Men hali undan limon olganim yo‘qku, shunga qaramay qarimsiq, ajin timdalab tashlagan yuziga tabassum yoyildi.
— Hammasi besh kilo, uka. Qancha olasiz? Kilo olmasangiz dona oling. To‘rt mingga besh dona beraman.
— Nimaga arzon? Bozorda o‘n mingga limon topolmaysiz.
— Bu xom uzilgan. Ko‘rmayapsizmi, uka? Pul kerak edi ozroq...
Ayol qizarib yerga qaradi.
— Taroziga qo‘ying, hammasini sotib olaman.
U menga tikilib qoldi. Gapimga ishonmadi shekilli? Men cho‘ntagimdan pul chiqardim. Ellik ming so‘m chiqarmikan deb sanadim, Xudo degan ekanman, ikki ming so‘m ziyod chiqdi. Ikki mingga olma bermaydi. Bolalarimga olma olib kelaman degandim. Mayli, hechqisi yo‘q, kelasi safar olib borarman.
Limon besh kilo chiqdi va men ayolning qo‘liga ellik ming so‘m tutqazdim.
Bilasizmi, ayolning ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Pulni nimchasining cho‘ntagiga soldi, atrofdagi odamlardan istihola qildi shekilli, ro‘moli bilan betini yopib, ortidagi devor tarafga o‘girilib yig‘ladi. Ko‘nglim yumshab ketdi, chuqur xursinib, bu yerni tark etdim.
Jo‘ralarim allaqachon mashinaga kelib o‘tirishgan ekan.
— Shuncha olma oldingmi? — so‘radi Rahmat.
— Olmamas, limon.
— Limon?! O‘ldirdingku meni! Shuncha limonni nima qilasan? Qani mazasini ko‘raychi... E, olgan limonini qaranglar! Xomku bu? Yemanglar. Zaharday achchiq.
Jo‘ralarim bir limonga, bir menga qarashdi.
— Nechpulga olding? — dedi Asror.
— O‘n mingdan kilosi.
— E, arzoniga uchibsan-da. Besh kilo xom-xatalaning o‘rniga bir kilo sap-sariq, g‘arq pishgan limon olsang bo‘lmaydimi? Shahardan kelguncha olma olishim kerak deb boshimizni qotirding. Seni deb kirdik bozorga. Sen bo‘lsang...
Musurmon mashinani yurgizdi. Yarim yo‘lgacha men va limon tildan tushmadik. Ha, men va limon. Achinarlisi, jo‘ralarim bu limonni bir bechorahol ayoldan oldim, degan gapimga e’tibor berishmadi. Ular meni pulni ko‘chaga sochishda aybladilar.
Qishloqqa yetgach, choyxona oldida mashinadan tushib qoldim. Atrofni g‘ira-shira qorong‘ulik chulg‘agan edi. Uyim dasht tomonda, sarg‘aygan yolg‘izoyoq yo‘llardan yurib uyga borgunimcha qorong‘u tushdi.
Farzandlarim limonni ko‘rib qiziqib qolishdi, lekin hech biri yeya olmadi. Limon haddan ziyod achchiq edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Lekin o‘zimni qushdek yengil his etdim. Buning boisi bor edi. Bu boisni na jo‘ralarim, na oilam biladi. Bundan o‘n to‘qqiz yil muqaddam, ya’ni 2001 yilda qor bemavrid tushib, may oyida bizning asosiy tirikchiligimiz bo‘lgan tokzorlarni sovuq urib ketgandi. Men o‘shanda talaba edim. Kuzda tokdan bir bosh ham uzum ololmadik. Har shanba qishloqqa borganimda onam bir haftaga yetgulik pul topib qo‘yardi. Uyda bir kilo mayiz yo‘q, pulni qayerdan olyaptilar, deb rosa o‘ylardim. Keyin bilsam, tog‘alarim yordam berib turgan ekan.
Derazamiz oldida tuvakka ekilgan bir tup limon bor edi. Uncha katta emasu, lekin serhosil, ba’zan o‘n kilodan oshirib meva beradi.
Bir kuni o‘qishdan qaytishda bozor oraladim. Cho‘ntagimda bir chaqayam yo‘q edi, birorta hamqishlog‘imni ko‘rsam, yo‘lkiraga pul olaman yoki mashinasida ketaman deb o‘yladim. Ichkariga kirganimda bexosdan ko‘zim onamga tushib ketdi. Jun ro‘molga boshiyu yelkasini o‘rab olgan onam meva rastasi oxirida turardi. Hayron bo‘lib, o‘sha yoqqa qarab yurdim. Shu sovuqda onam bozorda nima qilib yuribdi? Oldilariga borgach, savolimga javob topdim, onamning oyoqlari tagidagi to‘rvada besh-olti kilo chiqadigan limon turardi. Limon xom-xatala uzilgandi. Donasi ham kichik edi. Onam narigi tomondan kelayotgan odamlarga mo‘ltirab tikilib turardi. Men to‘rvaga, so‘ng to‘rva yonidagi yirtiq quyma kalishga qaradim. Biz onani opa deymiz. Opa deganimni bilaman onam cho‘chib tushib menga qaradi. Kutmagan ekanmi, menga tikilib, unsiz qotib qoldi.
Onamga limonni nega xom uzdingiz, sovuqda kelmasangiz bo‘lardi, deyolmadim. Javob tayin edi, men shu javobni eshitishni istamadim. Onamning yoniga o‘tib, sumkani yerga qo‘ydim va onam singari o‘tgan-ketgan odamlarga mo‘ltirab qaradim. Anor, banan hatto ananas xarid qilayotgan odamlar qarshimizdan o‘tayotganda meni hayajon bosardi. Ular bizga o‘grilib qaramasdilar. Men dam hayajonlanar, dam dami chiqqan pufakday puchchayib qolardim. Hech kim limon so‘ramasdi. Olishmasa olishmasin, bizning sovqatgan yuragimizga ozgina bo‘lsa ham iliqlik baxsh etib, shunchaki narxini so‘rab qo‘yishmaydimi!
Ikki soatdan so‘ng qalin mo‘ynali po‘stin kiyib olgan bir kishi qarshimizga keldi va limonning narxini so‘radi. Onam narxini aytdi.
— Taroziga qo‘ying, hammasini sotib olaman, — dedi po‘stinli kishi...
(Tamom)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter