Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nyu-Yorkda Xalqaro Turon federatsiyasi ish boshlashi mumkin

Nyu-Yorkda Xalqaro Turon federatsiyasi ish boshlashi mumkin

Toshkent shahrida O‘zbek milliy sport turi – Turon yakkakurashining barcha yo‘nalishlarini yagona boshqaruv ostida birlashtiruvchi Xalqaro Turon federatsiyasi (International Turon Federation)ni tashkil etish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ahamiyatli tomoni, mazkur federatsiya Nyu-York shahrida joylashadi.

Turon — bu O‘zbekistonning milliy sport turlaridan biri bo‘lib, o‘zining boy va uzoq yillik tarixiga ega. U jismoniy chiniqish, ma’naviy yetuklik va o‘zini himoya qilish san’atini uyg‘unlashtirgan sport turidir.

Bo‘lib o‘tgan konferensiyada AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Hindiston, Latviya, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlaridan ham vakillar masofaviy tarzda ishtirok etishdi. Tadbir doirasida Federatsiyaning Nizomi tasdiqlandi, rasmiy gerbi qabul qilindi va prezidenti saylandi.

Yangi tashkil etilayotgan Xalqaro Turon federatsiyasining asosiy maqsadi — Turon yakkakurashini global miqyosda rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi musobaqa va o‘quv seminarlari tashkil etish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir.

Tashkilot tarkibiga milliy Turon federatsiyalari, qit’a uyushmalari va boshqa sport organlari kiradi. Xalqaro Turon federatsiyasi sportchilar, murabbiylar va hakamlar uchun yagona standartlar va qoidalarni ishlab chiqadi va Turonni kelajakda Olimpiya sport turiga aylantirish yo‘lida faoliyat yuritadi.

Konferensiya so‘ngida bir ovoz bilan AQSh da Xalqaro Turon federatsiya tashkil etilishi ma’qullandi va ushbu federatsiyaga prezident etib Farruhbek Niyozimbetov saylandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring