Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etgan uchinchi o‘zbekistonlik taniqli xonanda ekani ma’lum bo‘ldi

Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etgan uchinchi o‘zbekistonlik taniqli xonanda ekani ma’lum bo‘ldi

Bugun tongda O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi 6-aprel kuni 1969-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi R.X. koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish natijasida mahalliy klinikada vafot etganini xabar qilgandi.

Nyu-Yorkdagi o‘zbekistonliklar hamjamiyati vakillari ushbu shaxs taniqli qo‘shiqchi, shashmaqom ijrochisi Rustam Samarqandiy ekanini ma’lum qildi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Rustam Samarqandiy

Qayd etilishicha, 51 yoshli Rustam Hojimamedovda 22-mart kuni kasallikning birinchi alomatlari kuzatilgan edi, uning sog‘lig‘i keskin yomonlashishi munosabati bilan 2 aprel kuni u kasalxonaga yotqizilib, o‘pkani sun’iy shamollatish apparatiga ulangan va sun’iy komaga tushirilgan edi. Ammo bu foyda bermadi va bemor 6-aprel kuni olamdan o‘tdi.

Rustam Hojimamedov Rustam Samarqandiy taxallusi ostida ijod qilardi. U mashhur hofiz Abram Tolmasovning shogirdi hisoblanardi. Rustam Samarqandiy shirali ovozi hamda mumtoz kuylarni ijro etish mahorati bilan mashhur edi.

Hozirgi paytda Bosh konsulxona diasporal tashkilotlar rahbarlari va faollari bilan birgalikda uning dafn marosimi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-Yorkda ikki o‘zbekistonlik (bir ayol va bir erkak) koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Umuman olganda, xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan 23 nafar O‘zbekiston fuqarosida koronavirus aniqlangan.

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 7 aprel soat 15:00 holatiga ko‘ra 504 nafarni tashkil etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring