Noyob mahsulotlar sayyohlar uchun o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi»
Geografik ko‘rsatkichlarga ega mahsulotlar ma’lum bir mintaqaning tarixi, an’analarini o‘z ichiga oladi. Misol uchun, haqiqiy «Rokfor» pishlog‘i geografik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, faqat qo‘y sutidan tayyorlanadi va faqat Fransiyaning tarixiy Ruerg viloyati hududidagi g‘orlarda yetilishi mumkin. Ya’ni bunday mahsulotlar ma’lum bir hududning o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi» bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham barqaror va uzoq yillik tarixga ega, kelib chiqish joyi, an’anaviy bilimlari, maxsus texnologiyalari bilan chambarchas bog‘liq va shuning uchun noyob meros hisoblanadigan ko‘plab an’anaviy mahsulotlar mavjud. Har bir mintaqa o‘zining o‘nlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qo‘l mehnati ishlari va mahalliy gastronomik taomlariga ega. Birgina Farg‘ona vodiysida mashhur Rishton sopol buyumlari, Quva anorlari, To‘raqo‘rg‘on gilosi, Chust pichoqlarini eslang. Samarqand nonlari, Xorazm qovunlari, Parkent uzumlari O‘zbekiston chegaralaridan tashqarida ham ma’lum va mashhur.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlarning barqaror tizimini joriy etish bo‘yicha 1 maydan 17 maygacha treninglar o‘tkazmoqda. Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari mahalliy fermerlari, tadbirkorlari, hunarmandlari uchun tashkillashtirilgan treninglar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAOning «Geografik ko‘rsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash» loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
FAO ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganidan bir yil o‘tgach mamlakatda to‘rtta mahsulot, ya’ni, «Marg‘ilon adrasi», «Marg‘ilon atlasi», «Qo‘qon pichoqlari» va «Zomin tandir-go‘shti» intellektual mulk ob’yekti sifatida ro‘yxatga olingan.
«Geografik ko‘rsatkichlar hozirgi kunda qishloqlarni rivojlantirish va mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim vositaga aylanmoqda, –deya ta’kidladi xalqaro ekspert Sertach Dokuzlu. – Ya’ni bu ma’lum hududlarda ishlab chiqarilgan va o‘ziga xos xususiyatli, iste’molchilar uchun qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ajratish imkonini beradi. Iste’molchilar esa kafolatlangan o‘ziga xos xususiyatlarga va yuqori sifatga ega mahsulotlarni sotib olishga qiynalishmaydi.»
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi vakili Bobur Abbosov buyurtmalarni rasmiylashtirish va geografik ko‘rsatkichlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi masalalarini batafsil bayon etdi.
Shuningdek, interfaol mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘z hududlarining an’anaviy mahsulotlari uchun geografik ko‘rsatkichlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun birlamchi hujjatlarni tuzishni o‘rganmoqdalar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter