Toshkentda Butunjahon tuproq kuni nishonlandi
Toshkentda 5 dekabr – Butunjahon tuproq kuni munosabati bilan «Tuproq degradatsiyasining oldini olishning innovatsion texnologiyalari» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, olimlar, tadqiqotchilar, milliy va xorijiy tuproqshunos mutaxassislar ishtirok etishdi.
Olimlar tadbirda minimal yumshatish, almashlab ekish, organik moddalar solish va qoplama ekinlar kabi usullar tuproq holatini yaxshilashi, eroziya va ifloslanishni kamaytirishi, yer osti suvlarining infiltratsiyasi va to‘planishini yaxshilashiga alohida to‘xtalishdi.
FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov ta’kidlaganidek, Global Ekologik Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magida FAO O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va tuproqlarni sog‘lomlashtirishni ta’minlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ta’kidlash joizki, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tuproq unumdorligini saqlash va yaxshilash, degradatsiya jarayonlarining oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter