Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iltimos, meni noshukr deyishga shoshilmang!

Iltimos, meni noshukr deyishga shoshilmang!

Illyustrativ foto

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimovaning mahalliy hokimiyat va IIB vakillari bosimiga uchragani ikki kundan beri internetda ko‘pchilikning, ayniqsa, jurnalist va blogerlarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lib turibdi.

Voqealar rivojidan bugun ko‘pchilik xabardor va bu masalani prokuratura o‘rganmoqda. Men bugun bu mavzuda emas, balki aynan masala fonida respublikamiz tuman va qishloqlaridagi real holatni tilga olmoqchiman.

Xo‘jako‘rsinlik

Avvalo, Sh.Madrahimovani nafaqat hamkasb, balki saboqdosh sifatida yaxshi bilaman. Chorak asrdan buyon kasbiy faoliyatini halollik va rostgo‘ylik bilan olib borayotgan anchagina taniqli jurnalist. Savol tug‘iladi: nahotki hokim kotibi Shohjahon Mo‘ydinov uni tanimagan? Balki tanimaganga olgandir. Bundan anglashiladiki, tumanda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi xo‘jako‘rsinga tashkil qilingan va buni kotib janoblari jon-jahdi bilan yashirishga uringan. Aksi bo‘lganda edi, u nafaqat jurnalistga, istalgan qiziquvchiga monelik qilmagan, aksincha, yarmarka bo‘ylab tasvirga olish uchun sharoit yaratib bergan, qo‘shimchasiga intervyu ham bervorgan bo‘lardi. Uning jazavaga tushganiga sabab, yolg‘on ochilib qolishidan o‘takasi yorilib ketgan bo‘lishi mumkin. Nomiga arzon mahsulotlar yarmarkasi tashkil etib, tuman aholisini, ular orqali hukumatni, Prezidentni aldashga urinishlari fosh bo‘lishidan qo‘rqqan. Yana o‘sha muammo: ko‘zbo‘yamachilik, soxtakorlik, siyosatning ko‘ziga cho‘p suqish!

Yillar davomida yuqoriga yolg‘on hisobotlar berilganini, har yili millionlab yaratilgan ish o‘rinlari faqat qog‘ozda bo‘lganligini, kuchsiz ijtimoiy himoya bois xalqimizning qashshoqlik darajasi o‘ta yuqori ekanligini Prezidentning o‘zi qayd etib, bundan buyog‘iga barcha rahbarlarni odamlarni rozi qilib ishlashga da’vat etib turibdi. Sababi ma’lum – bir jamiyatda xatoni, ko‘zbo‘yamachilikni ko‘pchilik qiladi, hisob so‘ralganda esa bir shaxs – yurtning egasi balogardon. Buni kechagi kunimiz ham isbotlab turibdi. Xo‘sh, shunday ekan nega hamon mahalliy katta-kichik mas’ullar bu xatoni tag‘in takrorlashyapti. Ularning maqsadlari nima?! Anglash mushkul.

Ijtimoiy himoya barchani birdek qamrab olyaptimi?

Noo‘rin vahima qilmang, karantin boshlangan ilk kunlardan hukumatimiz xalqimizni har jihatdan himoya qilib kelmoqda, deyishingiz mumkin. Siz haqsiz, men ham fuqaro sifatida, ham jurnalist sifatida voqelikni kuzatib, tahlil qilib boryapman. Ammo bir savol: ijtimoiy himoya butun xalqimizni birdek qamrab olyaptimi? Ikkilanmay ayta olaman, afsuski yo‘q. To‘g‘ri, bu borada poytaxtda ishlar zo‘r doimgidek. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida ish qizg‘in. Ko‘mak so‘rab murojaat qilgan oilalarga yo‘l olgan oziq-ovqat mahsulotlarinin turi ham, miqdoriyu sifati ham a’lo darajada. Buning uchun hukumat rahbarlariga ham, homiy tashkilotlaru saxovatpesha yurtdoshlarimizga rahmat. Ammo, lekin, biroq... Qishloqlardachi?

Internet va telegram kanallarida tarqalgan ayrim odamlarning berilgan mahsulotlar miqdori va sifatidan noroziliklari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi va juda ko‘pchilik ularni noshukrlikda aybladi. Kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilganlar ham ko‘p bo‘ldi. Bir vaqtlar urf bo‘lgan «dangasa» so‘zi o‘rnini bugun nafaqat internet, balki televideniyeni ham «noshukr» atamasi egalladi. Endi vijdon bilan aytaylik, bu noshukrlikmi? Nazarimda yo‘q. Ular noshukrlik qilishmadi, balki yuzimizga oyna tutishdi (yuzing qiyshiq bo‘lsa oynadan o‘pkalama). Tuman mutasaddilari, mahalla raislari faoliyatiga baho berishdi. Bunda ularni ayblashimiz emas, xulosa chiqarishimiz kerak aslida.

To‘g‘rida, kimgadir bir oylik ro‘zg‘oridan tashqari bolasiga qimmat bo‘tqayu taglik (pampers)gacha olib borilsayu, kimgadir bir kilodan sabzi, kartoshka, guruchu yarim kilo shakar berib, qolmishiga, sen bundan ortig‘iga loyiqmassan, shukr qil, deb og‘ziga urilsa. Shu insofdanmi endi? Axir bitta jamiyatda ikki xil yondashuv emasmi bu?!

Endi, har bir hudud o‘z imkonidan kelib chiqib ko‘mak beradida, deyishga ham shoshilmang. Karantin munosabati bilan aholini qo‘llab-quvvatlash dasurida bir oilaga berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar turi ham, miqdori ham belgilab qo‘yilgan. Me’yorga ko‘ra, har bir oilaga belgilangan me’yor 2 dona o‘simlik yog‘i, 2 kilogramm guruch, 1 kilogramm shakar, 2 kilogramm un, 1 dona tovuq go‘shti, 3 kilogramm kartoshka, 2 kilogramm piyoz, 2 kilogramm makaron 30 dona tuxum, 1 dona qadoqlangan choy tarqatilmoqda. Ularning hajmi kelib tushgan mahsulotlarning turiga qarab yanada to‘ldirilishi mumkin. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ta’kidlab o‘tgan edi.

«Mahalla senga yordam berishga «doljen»mas»

Masalaga jiddiyroq yondashadigan bo‘lsak, mahallalarda ro‘yxatda turadigan kam ta’minlanganlar soni avvalgi yillarga nisbatan ancha kamaytirilgan (kamaygan emas). Chunki kamxarj oilalar ro‘yxatiga olish tartib-talablari kuchaytirilgan. Nahotki, shularni ham rozi qilib qo‘yolmasak? Aslida bunday karantin vaqtida nafaqat nochorlar, balki vaqtinchalik daromadidan mahrum bo‘lgan har bir oila qo‘llovga muhtoj bo‘lib qoladi.

Tumanu qishloqlarda ham xayriya tadbirlarini poytaxtdagidek izchil va samarali yo‘lga qo‘yish mumkin. Faqat buning uchun joylardagi mahalla raislari salgina jon kuyitib, vazifasiga vijdonan yondashsalar yetarli. Chunki mahallasida qaysi oila nochor, qaysi xonadonda nogironligi bor inson yashaydi, yaxshi bilishadi. Xalqimiz andishali ekanligini hisobgga olsak, mahalla raislari odamlar eshigidan yordam so‘rab kelishini kutib o‘tirmasliklari kerak.

Afsuski, qishloqlarda mahalla oqsoqollari bu ishga juda sovuqqonlik bilan qarashyapti bugun. Fikrimni dalillab o‘tsam: «Zo‘r» telekanalida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva doimiy muloqotga chiqyapti. Fuqarolar efir davomida telefon orqali muammolarini bildirishyapti. E’tibor bersam, birorta fuqaro yashab turgan mahallasi raisidan rozi emas. Bir xil e’tirozlar: «Mahallaga qilgan murojaatim bir oydan beri e’tiborsiz», «Yordam so‘raguncha ishla dedi», «Yordam olishga haqqim yo‘q ekan», «Mahalla senga yordam berishga «doljen»mas dedi»... Qiziq, bunaqada mahallalarning nima keragi bor, shunday sinovli kunda yurt koriga yaramasa?.. Bir oilaga mo‘ljallangan mahsulotlarni to‘rt oilaga taqsimlab, mana biz shuncha oilani qo‘llab-quvvatladik karantik vaqtida, degan hisobot to‘ldirish uchunmi? Yoki, bergani muncha, urgani tonggacha, qabilida odamlarni noshukrlikda ayblash uchunmi? Dangalini aytganda, muhtoj oilaga, senga shu ham bo‘laveradi, deganday arzizmas masalliqlar ko‘tarib kirish, ularni rozi qilish o‘rniga hamiyatiga tegadi, jamiyatdan noroziligiga sabab bo‘ladi. Noshukrlik bo‘lsa ham aytay, undan ko‘ra yordam bermagan ma’qul.

Televideniyeda esa havas qiladigan lavhalar…

«Mahallangizda ro‘zg‘or mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilindimi?», «Gaz ballonlari uyma-uy tarqatildimi?»... Qishloqlardagi yaqinlarim, yoru birodarlarim bilan telefonlashganda shu kabi savollar beraman. Barchasida bir xil javob: «Yo‘q!»

Televideniyeda esa havas qiladigan lavhalar ko‘rsatishadi. Demak, bu ishlar ham hisobot uchun faqat, mamlakatni keng qamrab olmagan. Axir yarmarkalar barcha hududlarda tashkil etilsa, odamlar o‘n-o‘n besh kunlik kerakli mahsulotlarni sotib olishadiku. Bu bilan bozorga kamroq qatnashadi, xavfsizlik ko‘proq ta’minlanadi.

Yana bir gap: virus tarqatish xavfi yuqori bo‘lgani bois naqd pul bilan muloqot qilmaslik keng targ‘ib qilinyapti. May oyidan hatto pensiyalarni ham plastik kartalarga o‘tkazib berish rejalashtirilgan. Xo‘sh, bunga tuman mutasaddilari qanchalik tayyor? Poytaxtda, katta shaharlarda har qadamda do‘kon, dorixona, plastik kartochkalar orqali savdo muammo emas. Qishloqlardachi?

***

Butun dunyo kabi O‘zbekiston ham sinovda bugun. Oshkoralik va shaffoflik har qachongidan muhim. Negaki, bugungi real voqealar, ishonchli hisobotlar, aholining haqqoniy kayfiyatiga qarab hukumatimiz kelgusidagi ehtimoliy shu kabi vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘radi. Bugun biz kimgadir yoqish, kimdandir olqish olish ilinjida asl jarayonni yashirsak, hukumatimizni faqat aldagan bo‘lamiz. Shunday ekan, hurmatli huquq posbonlari, odamlar orasida yurib voqealarni tahlil qilayotgan, fidoyiligi bilan xalqimizga, demakki, davlatimiz siyosatiga kamarbasta bo‘layotgan Sharifa Madrahimova singari jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlang, himoya qiling. Ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan, soxtakorligi, ikkiyuzlamachiligi bilan odamlarni aldashga urinayotgan mutasaddilarni, «kotib»chalarni qulog‘idan tortib bo‘lsa-da sud kursisiga olib boring. Bugungi siyosatimiz talabi ham shu!

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring