Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Netanyahuning chiqishi AQSh Kongressi obro‘siga dog‘ tushirdi – Fahrettin Altun

Netanyahuning chiqishi AQSh Kongressi obro‘siga dog‘ tushirdi – Fahrettin Altun

Haagadagi Xalqaro mahkama prokurori tomonidan G‘azo sektorida qirg‘in sodir etishda ayblanib, qamoqqa olinishi talab etilgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 24-iyul, chorshanba kuni AQSh Kongressida ma’ruza qildi.

Netanyahu qariyb bir soatlik nutqida G‘azo sektoridagi qatliomlarni oqlashga uringan.

Isroil Bosh vazirining AQSh Kongressidagi chiqishi dunyo OAVsi hamda siyosatchilari tomonidan turlicha qabul qilindi.

«Isroil Bosh vazirining AQSh Kongressida qilgan nutqi inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qilish da’vosi bilan chiqqan bu tashkilot obro‘siga katta dog‘ tushirdi. Vashington urush jinoyatlari sodir etayotgan siyosatchini qabul qilib, dunyoga begunoh fuqarolarning hayotiga umuman ahamiyat bermasligi haqida xabar yubormoqda», – deydi Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi boshlig‘i Fahrettin Altun.

U, shuningdek, AQSh Kongressining Netanyahuga minbar berib, uning targ‘ibot olib borishi va amerikalik namoyishchilarga nisbatan har xil haqoratlarni aytishiga ruxsat berishini «sharmandalik» deb ataydi.

Mavzuga doir: Falastin tarafdorlari Kapitoliy (AQSh)ga kirib borishdi 

«Newsweek» jurnali xabariga ko‘ra, zalda o‘tirgan deputatlardan birgina Rashida Tolib Netanyahuga o‘ziga xos tarzda norozilik bildirgan. Asli falastinlik siyosatchi yahudiy davlati bosh vaziriga qarata «Harbiy jinoyatchi», «Qatliom aybdori» kabi jumlalar yozilgan peshlavha ko‘tarib turgan. 

«Ayrim amerikalik siyosatchilarning siyosiy manfaatlar uchun Isroil hukumati jinoyatlariga aralashishlari butun dunyo bo‘ylab AQShning sha’niga putur yetkazadigan oqibatlarga olib keladi.

Shu holatda ham, Netanyahuning bema’ni nutqiga norozilik bildirgan yoki unga qarshi chiqqan birgina AQSh siyosatchisi bor edi. Netanyahuning nutqi nafaqat ochiq-oydin yolg‘onlarga, balki falastinliklarga nisbatan nafratga ham to‘la edi. Ishg‘ol qilinayotgan bir xalq haqida doimo ishlatadigan noinsoniy til to‘liq namoyon bo‘layotgan edi. Biz ushbu masxarabozlikka qatnashishdan bosh tortgan amerikaliklarni tabriklaymiz», – deb yozadi Fahrettin Altun AQSh Kongressining Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolibning xatti-harakatlarini olqishlab.

Mavzuga doir: Kongress Netanyahuni tik oyoqda olqishladi. Birgina deputat uni harbiy jinoyatchi deb qoraladi 

Turkiyalik rasmiy, shuningdek, Falastindagi qatliomlar uchun AQSh qurol va o‘q-dorilar jo‘natayotganini va bu Qo‘shma Shtatlarning xalqaro maydondagi axloqiy yetakchilik yoki qonuniylikka bo‘lgan da’vosini puchga chiqarishini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, hozirgi kunda yosh avlod «Falastindagi genotsid haqiqatlaridan uyg‘onayotgani», bu esa to‘xtovsiz jarayon ekani va falastinliklar ertami-kech to‘liq suverenitetga erishishi haqiqatda ro‘y berishini aytadi.

«Biz Isroil-Falastin urushining adolatli hal etilishini qo‘llab-quvvatlovchilar bilan yana bir bor birdamligimizni bildiramiz. Netanyahu hukumati AQSh Kongressidagi ittifoqchilari bilan birga bunga qarshi chiqsa ham, biz buni haqiqatga aylantirish uchun qattiq harakat qilamiz.

Dunyoning vijdoni – ozod Falastin tarafdori. Etnik tozalash va genotsidni oqlab bo‘lmaydi. Isroil siyosatini tanqid qilgan har bir kishini antisemitizm deb belgilash ish bermaydi. Butun dunyo Isroil hujumlarining haqiqatini va ularning begunoh fuqarolarga qanday oqibatlarini ko‘rdi.

Prezident Erdog‘an boshchiligidagi Turkiya hukumati tom ma’noda suveren Falastin qo‘shnilari bilan yonma-yon yashaydigan ikki davlat yechimini amalga oshirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda. Bu oldini olish mumkin bo‘lmagan imkoniyatdir. Tarixning to‘g‘ri tarafidan joy olishni istaganlar Netanyahu hukumatining genotsid siyosatiga qarshi chiqishi kerak. AQSh siyosatida hisob-kitob qilish vaqti keldi va bugungi sharmandali nutq tinchlikni xohlaydigan amerikaliklar uchun uyg‘onish chaqirig‘i bo‘ladi, deb umid qilamiz», – deydi Fahrettin Altun.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring