Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

NEER va REER indekslari: tashqi savdoga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

NEER va REER indekslari: tashqi savdoga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2025-yilning yanvar-aprel oylari uchun nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.

Izoh: NEER va REER indekslarini hisoblashda savdo hamkorlarimiz sifatida O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida 83 foiz (2024) hissaga ega bo‘lgan 20 ta mamlakat, bazaviy davr sifatida 2019-yilning yanvar oyi tanlab olindi.

2025-yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekistonda real samarali almashuv kursi indeksi pasaydi. Xususan, 2025-yilning aprel oyiga kelib, REER indeksi 2024-yilning dekabr oyidagiga nisbatan 6,2 bandga (111,4 dan 105,2 ga) pasaydi. Bunda, so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi o‘zgarishi ta’siri -6,3 band bo‘lgan bo‘lsa, inflyasiyaning ta’siri +0,1 bandni tashkil etdi.

Shuningdek, mazkur davrda NEER indeksi 5,4 bandga pasaydi va 94,1 dan 88,7 gacha tushdi.

Izoh: Iqtisodiyotda real samarali almashuv kursining pasayishi, boshqa omillar o‘zgarmas, deb qaralganda, eksport narxlarining arzonlashishi va import narxlarining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

2025-yilning yanvar-aprel oylarida REER indeksining pasayishiga ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanganligi, Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesi qadri oshganligi hamda Xitoy yuani qadrsizlanishi so‘mning qadrsizlanishidan past bo‘lganligini keltirish mumkin.

Ma’lumot uchun: 2025-yilning aprel oyida so‘mning AQSh dollariga nisbatan nominal kursi 2024-yil dekabridagiga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, Rossiya rubli 20 foizga, Qozog‘iston tengesi 1,1 foizga qimmatlashdi. Xitoy yuani esa ushbu davrda 0,1 foizga qadrsizlandi. Nominal kurs omilining REER indeksiga ta’siri -6,3 bandni tashkil etdi.

Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistondagi narxlar darajasi dinamikasi va asosiy savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar orasida farqlarning yuzaga kelishi REER indeksining biroz yaxshilanishiga ta’sir o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: 2025-yilning aprel oyida O‘zbekistonda oylik inflyasiya darajasi 0,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich Rossiyada 0,4 foizga, Qozog‘istonda 1,2 foizga va Xitoyda 0,1 foizga teng bo‘ldi. Inflyasiya omilining REER indeksiga ta’siri +0,1 bandni tashkil etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring