Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Narimon Umarov 2 kishilik palatada 6 bemor yotgan kasalxonada bo‘ldi

Narimon Umarov 2 kishilik palatada 6 bemor yotgan kasalxonada bo‘ldi

Farzandingiz bemor bo‘lib qoldi. Ko‘nglingizga chiroq yoqsa yorishmaydi. Nima qilib bo‘lsa ham uni davolatishingiz lozim. Zudlik bilan shifoxonaga yotqizish kerak. Tibbiyot muassasasiga olib kelib, ko‘rsangizki, bolasi kasal bir siz emas. Qabul bo‘limida uzun navbat, bolalar shifokori oldiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Uzoq kutishdan so‘ng galingiz kelib, bir amallab tekshiruvlardan o‘tilgandan keyin palataga yotqizishga kirsangiz, 2 kishilik palatada 6 bemor yotibdi...

Afsuski, bu to‘qima asardan parcha emas, hayot haqiqati. «Adolat» partiyasi bunga Surxondaryo viloyatining bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida guvoh bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas’ul etib belgilangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston «Adolat» SDP ham o‘z faoliyatida aholi sog‘lig‘ini saqlashni eng asosiy yo‘nalish sifatida qaraydi.

Shu boisdan, parlament quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Adolat» SDP fraksiyasi rahbari Narimon Umarov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Surxondaryo viloyatida tibbiy xizmat holati, «aqlli tibbiyot» tizimini joriy qilish masalalarini o‘rganish bo‘yicha bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lishdi.

O‘rganishlar davomida ijobiy jihatlar bilan birgalikda yuqoridagi kabi kamchiliklar ham kuzatildi. Jumladan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 380 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramasdan, hozirgi kunda 600 nafarga yaqin bemorlar davolanmoqda. Bu esa, aholi o‘rtasida tibbiyot sohasi vakillariga nisbatan norozilik, sohadagi islohotlarga ishonchsizlik uyg‘otmoqda.

Shifoxona bosh shifokori ushbu holatni Termiz shahri va unga yondosh tumanlarda bemor bolalar uchun tibbiy xizmat sifatining pastligi, o‘rinlar soni yetishmasligi natijasida ushbu muassasada bemorlar murojaati oshishiga olib kelyotganini ta’kidladi. Natijada, yaqindagina ta’mirlab topshirilgan qo‘shimcha 60 o‘rinli bino ham masalaga yechim bo‘la olmayapti.

Mazkur muammoni o‘rgangan deputatlar masala yechimi yuzasidan mutasaddilarga bir qator yechimlarni taklif etdi. Xususan, birinchidan, mazkur muassasaga qo‘shimcha bino qurish va hududlardagi shifoxonalarda o‘rinlar sonini ko‘paytirish orqali yuklamani kamaytirish mumkin.

Ikkinchidan, shifoxona bosh shifokorining ta’kidlashicha, garchi krovatlar mavjud bo‘lsa-da, sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmagani uchun 4 nafar bemor yerda yotishga majbur bo‘lmoqda. Shuning uchun deputatlar sanitariya me’yorlariga oid qonunchilikni takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish tashabbusini bildirdilar.

Uchinchidan, bugungi kunda Surxondaryo viloyatidagi xususiy tibbiyot muassasalarida 2000 mingga yaqin o‘rin mavjud bo‘lsa-da, bolalarni davolashga ixtisoslashgan muassasalar yo‘q. Ushbu holatning respublikamizning boshqa hududlarida ham kuzatish mumkin. Shu boisdan, ehtiyoj yuqori bo‘lgan bolalarni davolashga mo‘ljallangan xususiy shifoxonalarni tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga maxsus imtiyozlar taqdim etish, tashkil etishdagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirish lozimligi bildirildi.

Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi tibbiyot muassasalariga mas’ullar bilan suhbatlashilganda bu kabi muammolarni berilgan takliflar asosida tez orada tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yechimini topishga kelishib olindi. Zero, mamlakat ertasini, farzandlar sog‘lig‘ini o‘ylagan hech bir rahbar ushbu mavzu bo‘yicha shunchaki, kuzatuvchi sifatida chetda qarab turishga haqi yo‘q.

Ishchi guruhning o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Manba: parliament.gov.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring