Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda «Koreyaga ishga jo‘nataman» deb ko‘plarning pulini olgan «Ostap Bender» ustidan sud bo‘lib o‘tdi

Namanganda «Koreyaga ishga jo‘nataman» deb ko‘plarning pulini olgan «Ostap Bender» ustidan sud bo‘lib o‘tdi

Bu ishning yakuni «qora kursi» bo‘lishini o‘ylamagan ko‘rinadi.

Foto: «vodiymedia.uz»

Mashhur «12 stul» va «Oltin buzoqcha» asarlarining qahramoni Ostap Benderning nayrang va firiblarini yaxshi eslaymiz. Uning shunday bir iborasi ham bor: «Pullar ko‘chada yotgandi. Men ularni yig‘ib oldim, xolos»...

Namangan viloyati milliy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida qo‘lga olingan Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi 39 yoshli Bannayev Husanboy Toshmamatovich Ostap Benderning izidan borishga qaror qilganda, bu ishning yakuni «qora kursi» bo‘lishini o‘ylamagan ko‘rinadi. Bo‘lmasa, hech qo‘rqmasdan o‘nlab fuqarolardan Koreyaga ishga jo‘nataman deb 2000-4000 dollar orasida pul yig‘adimi? Fuqarolarga ham hayronsan, Koreyaga ishga yuborish, hatto Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘ining ham qo‘lida emasligini bilishmaydi yoki bu firibgarlar o‘ta ishonchga kirib oladi.

Chortoqlik bu «uchar yigit» 2016-yilning yanvar oyidan boshlab, Namangan shahrida, Namangan davlat universiteti yonidagi Advokatlik byurosi va internet kafesi ichida «Toshvodiyinvest» nomli MChJ tashkil etib, viloyat hududida istiqomat qiluvchi ko‘plab fuqarolardan, Janubiy Koreyaga ishga jo‘natib yuborishni va’da qilib, aldov yo‘li bilan pul olib kelgan.

2016-ilning avgust oyida Norin tumanida yashovchi fuqaroga Janubiy Koreyaga borish uchun koreys tilidan o‘tkaziladigan test sinovlaridan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilib, ikki ming AQSh dollari miqdorida pul olgan. 2017-yilning martiga qadar ham «Koreyadan ish taklifi» kelavermagach, jabrdiydaning huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaati bilan H.Bannayevga nisbatan IIB idoralari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan va Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «v» bandi va 28.211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud jarayoni boshlangan.

Shu bilan aqli kirsa ham mayli edi-ya, biroq unda «Ostap Benderning ruhi shod bo‘lmay qoladi» deb o‘ylagan shekilli, ayni shu davrda Sirdaryo viloyati yashovchi ayoldan Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, 750 AQSh dollari so‘ragan. Biroq u yerda ham Husanboy Bannayev ayoldan 500 AQSh dollari miqdorida pul olayotganda qo‘lga tushgan. Unga nisbatan Sirdaryo viloyati SVOJDLQQ Departamenti tomonidan JKning 168-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ana undan keyin ochilgan sirlar Bannayevning firibgarlikni kasb qilib olganini o‘rtaga chiqardi. Sirdaryolik o‘n nafar fuqaro, Koreyadagi ishlash orzulari amalga oshishiga ishonib, 2000-4000 dollar orasida miqdorlarda pullarini o‘z qo‘llari bilan olib kelib berishgani ma’lum bo‘ldi.

Ostap Bender deb bejizga aytmadik. Ham Namanganda, ham Sirdaryoda jinoiy ishi ko‘rib chiqilayotgan bir paytda, bu «azamat» yana o‘sha ishni davom ettirib, Namanganlik boshqa bir fuqarodan ham 700 dollar pul olmoqchi bo‘lgan...

2018-yil 5-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan unga nisbatan sud jarayonlari yakunlandi. Bannayev Xusanboy Toshmamatovich, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-modda 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topildi.

Shu bilan birga, barcha jabrlanganlarga yetkazilgan 129 million so‘m miqdoridagi moddiy zararni to‘liq qoplaganligini e’tiborga olib, sud unga nisbatan 1 yil 11 oy 22 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Koreyaga ishlashga borish faqatgina koreys ish beruvchisi tomonidan, Koreys tilidan o‘tkaziladigan testdan o‘tgan fuqarolar orasidan aynan tanlab olingan nomzod uchun unga mexnat shartnomasini rasmiylashtirish orqali tashkil etilishini eslatib o‘tamiz.

Kim biladi, yana qancha «Ostap Bender»lar kimlarnidir «Koreyaga ishga mana men jo‘nataman» deb ishontirib yurgandir...

Manba: «Vodiymedia.uz»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring