Namangan va Toshkentda yangi tumanlar tashkil etildi

Parlament quyi palatasining 2020-yil 8-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar «Namangan viloyati Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida»gi masalani ko‘rib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq kiritilgan ushbu masala mazkur hududda boshqaruv samaradorligi yaxshilanishini nazarda tutadi.
Qayd etilganidek, Davlatobod tumani tarkibiga Namangan shahrining «Yuksalish», «Navro‘z», «Nurobod», «Gulshan», «Orzu», «Porloq», «Navbahor», «Mustaqillik», «To‘quvchi», «Umid», «Yangi tong», «Xalqlar do‘stligi», «Davlatobod», Quyi G‘irvon», «Yuqori G‘irvon», «O‘rta G‘irvon», «Bog‘», «Elobod», «Gulobod», «Irvadon», «Shishaki», «Quyi Rovuston», «O‘rta Rovuston», «Yuqori Rovuston» va «Yelxon» mahalla fuqarolar yig‘inlarining hududlari o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-may kuni Toshkent shahri Sergeli tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq kiritilgan ushbu masala mazkur hududda yagona boshqaruvni yo‘lga qo‘ygan holda, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratishni nazarda tutadi.
O‘zgarishlarga ko‘ra, Toshkent shahri hududidan 2 131,2 gektar, shu jumladan, Sergeli tumanidan 1 864,2 gektar va Bektemir tumanidan 267,0 gektar hamda Toshkent viloyati hududidan 2 288,4 gektar, ya’ni Zangiota tumanidan 492,0 gektar, Quyichirchiq tumanidan 128,7 gektar, Yangiyo‘l tumanidan 264,4 gektar va O‘rtachirchiq tumanidan 1 403,3 gektar yer maydonlari Yangihayot tumani tarkibiga o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter