Londonda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada O‘zsanoatqurilishbank faoliyati namoyish etildi
Joriy yilning 25 may kuni O‘zsanoatqurilishbank vakillari London shahrida (Buyuk Britaniya) J.P.Morgan tomonidan tashkil etilgan «Rivojlangan bozorlarda kat’iy daromad olish» («Frontier Markets Fixed Income Conferense») mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston bank-moliya tizimidagi o‘zgarishlar hamda O‘zsanoatqurilishbank faoliyati haqida taqdimot namoyish qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad xalqaro kapital bozorlarida kompaniyalarning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda «Goldman Sachs Asset Management», «Credit Suisse Asset Management», «Barings», «Aperture Venture Partners», «Federated Investors Inc», «Aberdeen Asset Management Plc», «Glob Evol Fonds A/s», «M&G Investment Management», «William Blair & Company», «Aegon Asset Management» kabi dunyo miqyosidagi yirik portfel investorlar, yetakchi investitsion va boshqaruv kompaniyalardan vakillar qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston bank-moliya tizimidagi o‘zgarishlar, O‘zsanoatqurilishbank faoliyati, xususan, muassasaning so‘nggi moliyaviy ko‘rsatkichlari hamda xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari haqida taqdimot namoyish etildi.
Bundan tashqari, Bank vakillari tomonidan salohiyatli investorlar va xorijiy hamkor banklar mas’ullari bilan qator yakka tartibdagi uchrashuvlar tashkil qilinib, unda savdo va investitsion moliyalashtirish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xodimlar bilim va tajribasini oshirish maqsadida turli o‘quv-treninglarni tashkil etish yuzasidan o‘zaro muzokaralar olib borildi.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbankning investitsion faoliyatini xorijiy investorlarga tanishtirib borish yaxshi an’anaga aylangan. O‘tgan yili Bank tomonidan ana shunday o‘nga yaqin tadbirlar «Wood and Co» (Chexiya), «Mashreqbank» (Birlashgan Arab Amirliklari), «Sberbank» (Rossiya), «JP Morgan» (AQSh) va «Raiffeisenbank» (Avstriya) kabi yetakchi bank-moliya institutlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter