«G20» sammitida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi
30 noyabr-1 dekabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan «G20» sammitida yakuniy deklaratsiya qabul qilindi.
Deklaratsiya 31 bo‘limdan hamda vazirlar va ishchi guruh darajasida qabul qilingan hujjatlardan tashkil topgan.
Xalqaro savdo tashkiloti
Deklaratsiya bo‘limlaridan biri Xalqaro savdo tashkilotini qayta tashkil etish zarurligiga bag‘ishlangan. Ushbu vazifaning qay darajada bajarilganligi keyingi yilgi sammitda Yaponiyada ko‘rib chiqiladi.
Iqtisodiyot
«G20» davlatlari iqtisodiyotning o‘sishi uchun barcha siyosiy vositalardan foydalanishlarini tasdiqladi. Sammit ishtirokchilari iqtisodiy o‘sish va narxlar turg‘unligini tartibga solish uchun valyuta va savdo siyosatini olib borishlarini ma’lum qilishdi.
Migratsiya
«Yigirmatalik» rahbarlari majburiy migratsiya sabablarini bartaraf etish ustida ishlashga kelishdi.
«Qochoqlarning keng miqyosdagi ko‘chishlari gumanitar, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Biz majburiy migratsiyaning sabablarini bartaraf etish va gumanitar yordamga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirishda hamkorlikdagi harakatlarning katta ahamiyatini tasdiqlaymiz»,- deyiladi hujjatda.
Deklaratsiyaga ushbu bo‘limning kiritilishiga Ispaniya muvaffaq bo‘ldi. Ispaniya «G20»ning rasmiy a’zosi bo‘lmasada sammitda taklif etilgan mamlakat sifatida qatnashadi.
Iqlim
Deklaratsiyaning yana bir bo‘limi Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga bag‘ishlangan. Mamlakatlar uning bajarilishini ta’minlashga kelishishdi. Xususan, ular bir paytning o‘zida iqtisodiy o‘sish va rivojlanishni saqlagan holda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni maqsad qilishgan.
Avvalroq bu kelishuvdan chiqib ketgan AQSh ham bu qarorni tasdiqladi.
Navbatdagi sammit 2019 yili Yaponiyada, 2020 yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter