Musulmon kishi islomga imon keltirib kirib keladi
Toshkentdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Diniy idoralar vakillarining OAV xodimlari va blogerlar bilan muloqoti davomida bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan mavzular – Haj va Umra safarlarini tashkil qilish, diniy ta’limdan tortib, bid’at va shirk amallar, diniy aqidaparastlik hamda ijtimoiy tarmoqlardagi toqatsizlik, radikallashuv holatlari haqida so‘z bordi.
Islom dini hech qachon taraqqiyotga, ilm olishga qarshi bo‘lmasligi, aksincha, uni rag‘bat qilishi, dinda mo‘’tadil bo‘lish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Dinimiz modda va ruh, dunyo va oxiratni birdek e’tiborga oladi. Biri e’tirof qilinib, ikkinchisi inkor etilmaydi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda in qurib olib, turli g‘uluvga yo‘g‘rilgan fatvolarni chiqarib turganlarning aynan mo‘’tadillik masalasini bilmasligi yoki bilishni xohlamasligi nafaqat o‘zlarining xato yo‘ldan borishiga, balki ko‘plab yoshlarning ularga ergashib adashib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Yaqinda Toshkent shahrida qo‘poruvchilik sodir etishni rejalashtirganlar bir qator shaxslar ushlangani, ular orasida maktab o‘quvchilari ham borligi bunga dalil.
Qayd etildiki, musulmon kishi dinga qaysi yo‘l bilan kirib kelgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bilan undan chiqadi. Ya’ni, u islomga imon keltirib kirib keladi. Faqat va faqat ana shu imonidan qaytsagina dindan chiqadi. Lekin kimlarnidir fikriga, g‘oyasiga yoki Islom olamida tan olinmagan «hijrat va jihodi»iga qo‘shilmagani uchun kofir bo‘lib qolmaydi.
Uchrashuv davomida ayollarning diniy va dunyoviy ta’limi borasida ham so‘z bordi. «Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir ummatni o‘qitgan bo‘lasan», degan hikmat tilga olindi.
Umuman, jamiyatning salohiyati va ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi. Ilm o‘rganishga e’tibor susaysa, o‘sha jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi, inqirozga yoki halokatga yuz tutadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter