Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Musibat va matonat: Turkiya. 2016-yil, 15-iyul

Musibat va matonat: Turkiya. 2016-yil, 15-iyul

Foto: «tvc.ru»

Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida 2016-yil 15-iyul voqealari – davlat to‘ntarishiga urinishning uch yilligi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ushbu mamlakatning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er uch yil avval turk davlati va xalqi ulkan sinovdan matonat bilan o‘tganini ta’kidladi.

Diplomatning hikoya qilishicha, Turkiya Qurolli Kuchlari tarkibiga kirib olgan FETÖ (Fathullohchi terror tashkiloti) a’zolari 15-iyul tunida qonli davlat to‘ntarishi qilishga urindi. Xususan, Istanbuldagi ikki asosiy ko‘prik, xalqaro aeroport va ichki ishlar boshqarmasi binosi isyonchilar tomonidan qisqa muddatga bo‘lsa-da egallandi. Turkiya Respublikasi tarixida ilk bor prezident devoni, hukumat va parlament binosi isyonchilar tomonidan bombardimon qilindi.

Mamlakat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on zudlik bilan telekanal orqali xalqqa murojaat qilib, demokratiya va milliy birlikni himoya qilish uchun ko‘cha va maydonlarga chiqishga da’vat qildi. 

«Millati, e’tiqodi va siyosiy maslagidan qat’i nazar, yuz minglab turkiyaliklar demokratiyani va hokimiyatga saylov orqali kelgan hukumatni himoya qilish maqsadida ko‘chalarga chiqdi. Turk xalqi prezident, deputatlar va siyosiy yetakchilar atrofida birlashib, qurollar, harbiy samolyot va tanklardan o‘qqa tutayotgan xoin isyonchilarga qarshi bordi va ularning harakatlanishiga yo‘l bermadi. Shu tariqa xalqning misli ko‘rilmagan jasorati bois isyonchilarning payi qirqildi. Turk millati 15-iyul tunida milliy irodaning qudratini, demokratiyaga osonlikcha erishilmasligi va bu yo‘lda qancha qurbon kerak bo‘lsa berishga tayyor ekanini dunyoga namoyish qildi», – dedi Turkiya elchisi.

Qayd etilishicha, FETÖ a’zosi bo‘lgan isyonchi harbiylarning maqsadi davlat rahbariga suiqasd uyushtirish, konstitutsion tuzum va parlament tizimini ag‘darish bo‘lgan. Isyonchi harbiylar 251 nafar insonning umriga zomin bo‘lgan, 2000 dan ziyod vatandoshga jarohat yetkazgan.

Foto: «vnews.agency»

Turkiya elchisining ma’lum qilishicha, o‘zini «Koinot imomi» deb e’lon qilgan Fathulloh Gulan boshchiligida FETÖ tuzilmasi oxirgi 40 yil ichida yashirin harakat qilgan. Xususan, davlatni qo‘lga olish maqsadida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan idoralarga o‘z tarafdorlarini joylashtirgan. Turkiya huquq idoralari maxfiy tashkilot xataridan xabar topib unga qarshi choralar ko‘rishga kirishganda esa shoshilinch ravishda davlat to‘ntarishiga qilishga uringan.

Elchi Mehmet Sureyya Er FETÖ tashkilotining yashirin maqsadlarini O‘zbekiston tomoni birinchilardan bo‘lib anglab yetganini alohida qayd etdi.  

«O‘zbekiston FETÖ’ning g‘arazli maqsadini hammadan avval anglab, o‘tgan asr 90-yillari oxiridayoq ushbu tashkilotga tegishli ta’lim muassasalarini yopdi. Biz esa, afsuski, bu xatarni achchiq hayotiy tajriba asosida anglab yetdik. Zakovati va farosati uchun o‘zbekistonlik qardoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz», – dedi turk elchisi.

Qayd etilishicha, Turkiya adliya tizimi 15-iyul voqealaridan keyin o‘tgan uch yil mobaynida adolat tamoyili asosida keng ko‘lamli taftish va tekshiruvlar olib bordi hamda muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa terrorchi tashkilotning mamlakat ichidagi faoliyatiga butkul barham berildi. Ammo uning faoliyati faqat Turkiya bilan chegaralanmagan.

«Terror tashkiloti boshqa davlatlarda ham xiyonat urug‘larini ekmoqda. Yashab qolish ilinjida, jahon miqyosida iqtisodiy-siyosiy e’tibor qozonish maqsadida faoliyat olib bormoqda. Turkiya barcha do‘st davlatlarni mazkur yashirin va ayyor terror tashkiloti xataridan ogohlantirishni burchi deb biladi», – deya so‘zlariga yakun yasadi elchi Mehmet Sureyya Er.

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring