Munajjim (hajviya)
Ko‘chada, yon-verimda ko‘ringan juftliklar borki, ko‘zimga baxtli ko‘rinadi, o‘ksinaman. Turmushimizning dastlabki yillarida biz ham Layli-Majnun edik, yettinchi yiliga kelib, bir-birimizdan zerikdikmi, tirikchilik tashvishlari sababmi, so‘zimiz so‘zimizga, qilig‘imiz qilig‘imizga to‘g‘ri kelmay qoldi. Ko‘p janjallashadigan bo‘ldik. Kulrang, zerikarli hayot boshlandi. Har ne qilib ko‘rdim, ko‘pchilikdan maslahat oldim, hatto «Google»dan yordam so‘radim. Yandeksdagi Alisa ham tuzukroq maslahat berolmadi.
Nima qilishni bilmay yurgan ana shunday kunlarimda kallamga ajoyib g‘oya kelib qoldi. Xotinimning hamma ishni munajjimlar bashoratiga qarab qiladigan odati bo‘lib, aynan munajjimlar bashorati uchun gazeta sotib olar edi. Mening gapimga kirmas, ammo munajjim maslahatlaridan chiqmasdi. Yangi sim karta oldim va telefonini quvvatlantirishga qo‘ygan vaqtida yangi raqamimni uning kontaktlari safiga «Munajjim bashorati» deb saqlab qo‘ydim. Kunda raqamiga bashorat jo‘natishni boshladim.
Maosh oladigan kunim «Bugun qo‘lingizga pul tushadi» deb yozdimda, ehtiyojlarimdan ortgan qismini qo‘liga berib, «bu o‘zingga» deb qo‘ydim. Ko‘zlarida hayrat ko‘rdim, ammo bu hayrat qo‘li pul ko‘rganidan emas, bashoratning «aniq chiqayotganidan» edi.
Men yoqtirmaydigan dugonasi to‘y qildi. Borma, desam, boraman, deb turib oldi. Uydan chiqib, besh daqiqada qaytib keldi. «Oyog‘im tortmadi» emish. Aslida «Bugun katta davrali ziyofatlarga bormaganingiz ma’qul. Sizni katta ko‘ngilsizlik kutyapti» deb bashorat jo‘natgandim.
Hayotim iziga tushganday bo‘ldi, chunki xotinim mening yashirin chizgan «chizig‘imdan» chiqmaydigan bo‘ldi. Sinash uchun «Bugun turmush o‘rtog‘ingizning yuziga urmasangiz, boshingizga ko‘p balolar yog‘ilishi mumkin» deb yozdim. Tongda shuni o‘qiganidan buyon yonimdan u yoqqa o‘tadi, bu yoqqa o‘tadi. O‘tganda chap qo‘li yengilgina ko‘tarilib qo‘yadi. U chapaqay. Ammo urgani botinolmaydi. Ishga otlanganimda hovliga chiqqunimcha ortimdan keldi, eshik ostonasida qoldi. Xayrlashib, darvozaga yetganimda «to‘xtang» dedi, oldimga keldi-da «begona ayollarga qarasangiz o‘ldiraman» deya yuzimga yengil urib qo‘ydi... Voy, bahonangdan, sening! Shunday bo‘lsada, ishxonamgacha qo‘li tekkan yuzimni silab keldim. Yuragim ilidi. Bo‘lar ekan-u! Bungacha qancha asab tolalarim tarang tortilib, uzilib ketdi, omon qolganlari esa hozir baxt shabbodasida sarxush tebranadi, go‘yo. Bolalarimni aytmaysizmi, yuzlariga rang kirib qoldi, avvallari sarg‘imtir ko‘rinar ekan. O‘g‘lim «dada» emas, «dadajon» deydigan bo‘ldi. Qizim kelib meni o‘pib ketadi, keyin borib onasini o‘pib qo‘yadi.
Kuniga uch-to‘rt marta sms-xabarlashib turadigan bo‘ldik:
«Yaxshimisiz, charchamay ishlayapsizmi, dadajonisi?»
«Rahmat, o‘zing-chi, ayajonisi?»
«Rahmat. Kechagi ishim uchun uzr so‘ramoqchiydim, endi hech qachon boshim og‘rimaydi...»
«Issiq jon, hechqisi yo‘q...»
Bunday suhbatlardan so‘ng mast bo‘lib uyga shoshaman. Kiyim almashtirayotganimda ko‘ylagimning yengiga kirib olgan ari chaqib oldi. Arini topib, qanotidan ohista ushlab, tabassum bilan: «Boshqa bunday qilmagin, xo‘pmi?» deb uchirvordim va o‘zim uyga uchdim.
Hamma narsaning intihosi bo‘ladi. Qachonlardir buni bas qilishim kerak edi, o‘zim ham bashorat to‘qib charchadim. Yakshanba kuni birinchi bor ayolimning telefoniga munajjim bashorati kelmadi. U har doimgi vaqtda telefoniga qaradi. Keyin quvvatlantirishga qo‘yib, oshxonada nonushta tayyorlashga chiqdi. Tez-tez telefonidan xabar olib qo‘yadi. Uch-to‘rt marta kirib-chiqdi. Tekshirdi. SMS yo‘q. Chiqdi, yana kirdi, telefonni o‘chirib-yoqdi, keyin silkitib ham ko‘rdi... Kun bo‘yi nimasinidir yo‘qotib qo‘ygan odamday yurdi.
Yotar chog‘i og‘iz ochdim.
- Ayasi.
- Hov.
- Bir gap aytaymi?
- Ayting.
- Telefoningga munajjim bashorati kelar edi-yu...
- Xo‘sh?
- O‘shani men yozib jo‘natardim...
U yotgan joyidan chayon chaqqanday sapchib, o‘tirib oldi. Bir vaqtning o‘zida, bir chehrada g‘azab, tabassum va hayratni ko‘rganmisiz? Oy yorug‘ida uning yuzida bularning barini ko‘rdim. Bir muddat shu ahvolda o‘tirdi, so‘ng kulib «O‘zimning munajjimim» deb qo‘ydi.
Rustam Sulaymonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter