Muftiy Hazratlari Al-Ravaq Al-Abbosiy majmuasida Al-Azhar universiteti talabalari bilan uchrashdi
O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarov 10-iyun kuni Misrning Qohira shahridagi eng qadimiy jome’ masjidlaridan biri «Jome’ Al-Azhar Ash-Sharif»da juma namozini ado qildi. Bu haqda Musulmonlar idorasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, namozdan so‘ng masjidning «Al-Ravaq Al-Abbasiy» majmuasida O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ko‘magida muftiyning vatandoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
«Vatandan uzoqda, musofirchilikda yurish qiyin, uydan uzoqda ta’lim olish undan ham qiyin. Uyidan ta’lim olishga chiqqan odam Ollohning panohida bo‘ladi. Shu bilan birga bunday toifa odamlarning maqsadi ilm olishdan boshka narsaga qaratilmagan bo‘lishi kerak. Shu niyatni amalga oshirsa, Olloh ajrini beradi.
Yangi O‘zbekiston haqiqatdan ham yangidan barpo bo‘lyapti. Hamma sohalarda, jumladan, diniy sohada ham islohotlar amalga oshirilyapti. Shu yil 40 ming odam Umraga borib keldi. 11 mingga yaqin odam Hajga borishi kutilmoqda.
Shu qisqa vaqt ichida mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab masjidlar ta’mirlanmoqda, yangi masjidlar barpo etilib, xalqqa foydalanishga topshirilmoqda. Qur’on o‘qitish markazlari ochish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kungacha shunday markazlardan 21 ta ochildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida Qur’on va tajvid o‘kitish bulimi tashkil etildi. Bu bo‘lim tomonidan har bir hududda Qur’on o‘qitish markazlari ochish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda. Kelajakda boshqa kurslar, jumladan, arab tillarini o‘qitish kurslarini ham ochish ko‘zda tutilgan. Madrasalarda kvotalar ko‘paymoqda. Islom universitetini jomega aylantirish nazarda tutilgan.
Qayerda bo‘lmang vatanga muhabbat kamaymasin. Vatanni esdan chiqarmang. Hammamiz bir ummatmiz. Vatan bu katta oila. Bir kishi xato qilsa, butun vatanga dog‘ tushadi. O‘zbekistonni obro‘siga putur yetadi. Buyuk allomalar yurtidanmiz, shu yurtga sadokat bilan xizmat qiling» — deydi muftiy.
Uchrashuv yakunida Nuriddin Xoliqnazarov yig‘ilganlarga tashakkur izhor qilib, duo o‘qidi. Misrda tahsil olayotgan talabalar O‘zbekistonda kutib qolinishi ma’lum qilindi.
9-iyun kuni muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Misr poytaxti Qohira shahridagi «Safir» mehmonxonasida bir guruh vatandoshlar bilan uchrashgandi.
Shuningdek, 9-iyun kuni Qohirada o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida muftiy Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter