Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mudhish jinoyat: AQShda murdalarni bo‘laklab sotgan ona-bolaga hukm o‘qildi

Mudhish jinoyat: AQShda murdalarni bo‘laklab sotgan ona-bolaga hukm o‘qildi

AQShning Kolorado shtati sudi dafn etish idorasining sobiq rahbari va uning onasini uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Ikki sudlanuvchi jasadlarni bo‘laklarga ajratgan holda pullab kelgan.

Tergov va sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 2010-2018-yillar mobaynida Megan Hess va uning onasi Shirli Kox qariyb 560 ta jasadni bo‘laklarga ajratgan holda sotish bilan shug‘ullangan. Ayrim holatlarda jasadlar yaxlit holda pullangan.

Montroz shahridagi Sunset Mesa Funeral Home dafn idorasi rahbari bo‘lgan M.Hess jasadlarni belgilangan tartibda kuydirish uchun 1000 dollardan haq olgan. U ko‘pincha vafot etgan shaxsning yaqinlariga jasadning biror a’zosini olish evaziga tekin xizmat taklif qilgan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, marhumning yaqinlari bu taklifni rad etgan taqdirda ham M.Hess soxta hujjatlar orqali tana a’zolarini o‘zining Donor Services shirkati orqali sotavergan. Ayrim holatlarda jasadlarning xoki ham aralashtirib yuborilgan.

«Bu ikki ayol boshiga musibat va fojia tushgan insonlarning zaifholligidan foydalangan. Ochko‘z kimsalar musibatzada oilalarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularning ishonchini poymol qilgan va jasadlarni tahqirlagan», – deydi Federal tergov byurosi maxsus agenti Leonard Karollo.

Ushbu mudhish jinoyat Reuters axborot agentligi jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruv tufayli fosh etilgan. Agentlik materiali ortidan Federal tergov byurosi rasman surishtiruv boshlagan.

Mahkama yakunida M.Hess 20 yil, onasi esa 15  yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sudya Kristin Arguello bu faoliyati davomida duch kelgan eng hassos jinoiy ish ekanini ta’kidlab, ona-bolani zudlik bilan qamoqqa yuborishga buyurgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring