Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mizdaxkan – sukunat ostidagi ajib shahar

Mizdaxkan – sukunat ostidagi ajib shahar

Qadimda Xo‘jaylining g‘arbiy chekkasida, Ko‘hna Urganchga eltuvchi yo‘l chetidagi tepalikda bemisl darajada chiroyli Mizdaxkan shahri joylashgan edi. Bu joy xozirga kelib marhumlar yotadigan sukunat maskaniga aylangan.

Bir vaqtlar odamlar bilan to‘lib-toshgan shahar keyinchalik tashlandiq holatga kelgan va qabristonga aylantirilgan. Ekologiya vazirligi tomonidan tashkil qilingan safar davomida turli sayyohlik operatorlari va OAV xodimlari ushbu qadimiy shahar bilan tanishdilar.

Qadimiy Mizdaxkan shahri miloddan avvalgi IV-III asrlarda paydo bo‘lgan edi. Shahar xarobalari bugungi kunda «Kofir qal’a» nomi bilan mashhur. Bu nom VIII asrda shahar arablar tomonidan bosib olinishi bilan bog‘liq bo‘lib, mahalliy aholining katta qismi islomga kirib borgani sari, oz sonli otashparastlar alohida joylarda istiqomat qila boshlagan. Shunday qilib, kofir atamasi otashparastlar joylashgan manzilgohlarga nisbatan qo‘llana boshlangan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, qadim zamonlarda Mizdaxkan Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmoqlaridan biridagi yirik savdo-hunarmandchilik markazi bo‘lgan. IX asrdan XI asrgacha Mizdaxan shahri mustahkam qo‘rg‘on qurilishidan so‘ng yangilanish davrini boshidan o‘tkazadi. Bu davr mobaynida, dafn qilish marosimlari o‘zgaradi, bu esa yangi islom dinining kirib kelganidan dalolat berar edi.

XIII asrning boshida Xorazm vohasi mo‘g‘ul bosqini natijasida vayron bo‘ldi va shahar hayoti ham vaqtincha tin oladi. XV asrning boshida Mizdaxkan yana jonlana boshlaydi va Juma masjidi, Sulaymon Xaddadi Musaviya xonaqosi kabi imoratlar quriladi.

Mizdaxkan bugungi kunda ham qadimiy imoratlari bilan sayyohlar e’tiborini tortib kelmoqda. Bu yerda bir necha me’moriy yodgorliklar, jumladan, Mazlumxon-sulu maqbarasi, Xalifa-Erajep maqbarasi, Shamu-nabi maqbarasi va Jo‘mart-qassob do‘ngi joylashgan. Ularning har biri haqida turli asotir va rivoyatlar yuradi.

So‘nggi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘istonda ham sayyohlar uchun lozim bo‘lgan qulayliklar yaratilgan.

Chimboy tumanidagi «Ko‘kshi qal’a»dagi an’anaviy ustaxona – qoraqalpoq milliy o‘tovlarini ishlab chiqarish maskani ham shunday joylardan biri hisoblanadi. Bu yerda nafaqat o‘tov tayyorlash texnikasi bilan tanishish, balki o‘lka tarixi, madaniyati va turmush tarzi haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Qoraqalpoqlarning qora uyi – o‘tov qurilish usuli o‘ziga xos jihatlarga ega. Yurta qurish eshikni o‘rnatishdan boshlanadi. Turli xil yurtalar 6,8, ba’zan 12 yig‘iluvchi qismlardan (kanat) va uni ko‘tarib turuvchi panjaralardan (kerege) yig‘iladi. Yurtani bir necha soat ichida yig‘ish yoki buzish mumkin.

O‘tovlar yozda salqin, qishda issiq bo‘lgani uchun qoraqalpoq xalqi hamon undan foydalanib keladi. Shuningdek, qora uy turizm sohasida ham benazir hisoblanib, uni atayin ko‘rish uchun xorijdan keladigan sayyohlar bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring