Mirziyoyev bugun Qirg‘iziston va Turkiya yetakchilari bilan muzokara o‘tkazadi
Toshkent shahrida yirik xalqaro tadbir - Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti boshlanadi.
Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etadi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bugun, 8 noyabr kuni delegatsiyalar Toshkentga kela boshlaydi. Prezidentimiz ularning rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Jumladan, bugunga Qirg‘iziston, Turkiya Prezidentlari, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari va IHT bosh kotibi bilan muzokaralar rejalashtirilgan.
Ertaga, 9-noyabr kuni esa oliy darajadagi yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Uning doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Toshkentda sammit doirasida beshinchi biznes-forum ish boshladi.
Mazkur anjuman savdo siyosatini liberallashtirish va uyg‘unlashtirish, biznes yuritish uchun xarajatni kamaytirish, moliya infratuzilmasi va institutsional salohiyatni rivojlantirish, savdo tartib-tamoyilini soddalashtirishga xizmat qiladigan yirik tashabbuslar maydoniga aylanishi kutilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter