Mirziyoyev Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Pak Chin mamlakatimiz yetakchisiga Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda do‘st xalqlarimizn chuqur tarixiy rishtalar, o‘xshash mentalitet, an’analar va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turgani alohida ta’kidlandi.
Har doimgidek yaqin va konstruktiv siyosiy muloqotni, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon savdo tashkiloti doirasidagi o‘zaro ko‘makni davom ettirish muhimligi qayd etildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida to‘xtaldi.
O‘tgan yili O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar almashinuvi 24 foizga oshdi. Koreya kompaniyalaridan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan ortdi.
Umumiy qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfeli «yashil» energetika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlari, infratuzilmaviy rivojlanish, shaharsozlik va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Mamlakatimiz O‘zbekistonning muhim investitsiyaviy va texnologik hamkorlari bo‘lgan Janubiy Koreya yetakchi kompaniyalari bilan kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Katta yoshdagilar uchun to‘rtinchi darajali ko‘p tarmoqli shifoxona, onkologiya klinikasi, farmatsevtika klasteri va tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasini barpo etish bo‘yicha ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Yarim o‘tkazgichlar innovatsion klasterini barpo etish hamda Nodir metallar va qotishmalar markazi faoliyatini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.
O‘tgan yilda O‘zbekistonda istiqomat qilayotganining 85 yilligini nishonlagan koreys millatiga mansub ko‘p sonli yurtdoshlarimizni yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan Toshkent shahridagi Koreys madaniyati va san’ati uyi faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter