Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Milliy tiklanish» partiyasi Qobul Do‘sovni a’zolikdan chiqardi

«Milliy tiklanish» partiyasi Qobul Do‘sovni a’zolikdan chiqardi

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov va partiya a’zosi, deputat Qobul Do‘sov.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» partiyasi Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashi deputati K.Do‘sovning intervyusi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi shuni ma’lum qiladiki, K.Do‘sovning partiya a’zoligidan chiqish haqidagi murojaati ma’lumot uchun qabul qilindi.

Uning ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlardagi chiqishlarida partiya Ustaviga rioya etmaganligi, shuningdek, partiya obro‘siga putur yetkazuvchi axborotlarni tarqatgani uchun, partiya imijini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarni amalga oshirgani uchun, ko‘p ming sonli partiya a’zolarining K.Do‘sovga nisbatan partiyaviy chora ko‘rish haqidagi murojaatlarini inobatga olgan holda 2019-yil 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan partiyaning navbatdagi S’yezdida xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar tarkibidan chiqarilganligini ma’lum qilamiz.

Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashi deputati tomonidan partiya rahbari nomiga aytilgan asossiz, shaxsiy g‘araz maqsadlariga tayangan bo‘htonlar deputatning shaxsiga baho berish uchun keng jamoatchilikka yetarli bo‘lishini inobatga olib, partiya ushbu masalani muhokama uchun mavzu emas, deb hisoblaydi.

Huquqiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-41 moddalariga muvofiq, sudga murojaat qilish uchun barcha dalillar va asoslarning mavjudligiga qaramasdan partiya rahbari ushbu huquqdan foydalanmaslikni maqsadga muvofiq, deb hisoblaganini ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi bundan buyon ham barcha darajadagi deputatlardan partiyaviy intizomga qat’iy rioya qilish, saylovchilar e’tiroziga sabab bo‘luvchi, partiya elektorati manfaatlariga zid keluvchi harakatlarni amalga oshirmaslikni hamda deputatlik mas’uliyatini oshirishni talab etadi. Amaldagi qonunchilikka asosan, bunday hollarda deputatlarning vakolatlarini muddatidan avval to‘xtatish mumkinligini ma’lum qiladi, — deyiladi rasmiy bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring