Milliy gvardiyachilarga metal va plastik tayoqlardan foydalanish huquqi berilishi mumkin
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari maxsus vositalarni qo‘llashda rezina tayoqlar bilan birgalikda maxsus tayoqlardan ham foydalanishi mumkinligini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qilindi.
Teleskopik tayoqlar, loyihada tushuntirilishicha, shaxsiy tarkib xizmati mobaynida yig‘ilgan holatda olib yurish imkoniyatiga ega bo‘lib, metalldan tayyorlangani sababli faol qarshilik ko‘rsatgan tartibbuzarlarni bo‘ysundirish, kuzatib olib ketish, sovuq qurolli hujumni bartaraf etish, xizmat otlarida turib foydalanish uchun qulay hisoblanadi hamda undan zarurat bo‘lganda transport vositalarining oynasini sindirishda ham foydalanish mumkin.
Qayd etilishicha, AQSh, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari va maxsus bo‘linmalari tomonidan jamot tartibini saqlash, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish va huquqbuzarlarni qo‘lga olish jarayonida rezina tayoqlar bilan birgalikda teleskopik va plastik tayoqlardan foydalanib kelinadi.
Mazkur o‘zgartirish Milliy gvardiya bo‘linmalarini zamonaviy turdagi maxsus texnikalar bilan ta’minlash, shuningdek, shaxsiy tarkibga xizmat ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va jamoat tartibini saqlashda samaradorlikka erishish uchun taklif etilmoqda. Shuningdek, qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘zini tanishtirish tartibini ham aks ettirish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda bu talab faqat ichki ishlar organlari xodimlariga tegishli.
O‘zgartirishlar, shuningdek, Milliy gvardiyaning asosiy vazifalarini 12 tadan 9 taga tizimlashtirishni nazarda tutadi, bunda amaldagi 7 ta vazifa 3 taga birlashtirilmoqda.
Milliy gvardiyada davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotga ishlov berish va uni texnik jihatdan himoya qilish chog‘ida foydalaniladigan axborotlashtirish texnika vositalarini hamda axborotni texnik jihatdan himoya qilish vositalarini sertifikatlashtirishga doir faoliyatni amalga oshirish tartibi chiqarib tashlanmoqda.
Loyiha muhokamasi 5-dekabrga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter