Xonadonida sher bolasini noqonuniy saqlab kelgan shaxs aniqlandi
![Xonadonida sher bolasini noqonuniy saqlab kelgan shaxs aniqlandi](https://static.xabaruz.com/crop/1/9/720_460_95_1947643940.jpg)
Tanishining xonadonida parvarishlanayotgan sher bolasi bilan video olib, uni ijtimoiy tarmoqqa joylagan bloger o‘zi bilmagan holda noqonuniy holatni ochishda ko‘maklashdi.
Ijtimoy tarmoqda ko‘plarning qiziqishiga sabab bo‘lgan bu videolavha ko‘pchilikning e’tiborini tortgan. Mazkur holat Milliy gvardiya, Ekologiya boshqarmasi hamda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganilgan. Romitan tumanining Qoqishtuvon mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlangan. Tekshiruv natijasida fuqaroga tegishli ruxsatnoma yo‘qligi tasdiqlangan.
«Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-prim 1-moddasi 1-qismi asosida huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sud organlariga yuborildi. Sher bolasi esa vaqtinchalik hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», — dedi «Xabar.uz»ga Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farrux Qilichev.
Farrux Qilichevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslarga ayrim yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash ta’qiqlanadi. Shuningdek, ushbu hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda (chodirlarda) tomoshalar uchun foydalanish ham man’ etiladi.
«Qarorga binoan, ta’qiqlangan hayvonlar faqatgina Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar tomonidan hayvonot bog‘lari, pitomniklar (terrarium, okeanarium va boshqalar)da saqlanishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi va zaharli hayvonlar maxsus pitomniklarda boqilishi lozim», — dedi Farrux Qilichev.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sud organlariga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter