Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Millionlar, milliardlar: ona zaminimiz necha yoshda?

Millionlar, milliardlar: ona zaminimiz necha yoshda?

Insonlarni atrof-muhitga e’tiborli bo‘lishga undash maqsadida har yili 22-aprelda Xalqaro yer kuni (Earth Day) nishonlanadi. U toza suv, toza tuproq, toza havo bayramidir. Chunki shu kuni sayyoramizda sodir bo‘lgan ekologik halokatlar yodga olinadi. Odamlar mavjud ekologik muammolarni qanday bartaraf etish lozimligi borasida o‘ylab ko‘radilar. Aslida Yer kuni ko‘plab mamlakatlarda bahorgi teng kunlik bo‘lmish  21-22-mart kunlari bayram qilinadi.

Bayram tarixi uzoq XIX asrga borib taqalishi aytiladi. Jon Julius Sterling Morton ismli biolog va fermer Nebraska shtatiga tashrif buyurganida bir qator muammolarga to‘qnash keladi. Daraxtlar qurilishda ishlatilgani bois ayovsiz kesilgan va hudud dashtga aylangan edi. Jon Julius Sterling Morton aholiga murojaat qilib, mintaqani ko‘kalamzorlashtirish taklifi bilan chiqdi. O‘shanda Nebraska shtatiga 1 millionga yaqin ko‘chat ekilgan va «Daraxtlar kuni» deya e’lon qilindi.

Jon Morton 22-aprelda tug‘ilgani bois, uning sharafiga shu kunni «rasmiy bayram sifatida e’lon qilish kerak» degan taklif berildi. Tashabbusga nafaqat AQSh, balki boshqa davlatlar fuqarolari ham qo‘shildi.

Ilk bor Yer kuni 1970-yil aprelda AQShda o‘tkazilib, bayram muvaffaqiyatli bo‘lgani bois, tashkilotchilar muntazam ravishda Yer kunini nishonlashga qaror qilishdi. Amerikalik taniqli siyosatchi va senator Geylord Nelson bir guruh talabalarni to‘plab, bu g‘oyani targ‘ib qila boshladi. Guruhga Garvard universiteti talabasi Dennis Xayes boshchilik qildi. O‘sha paytlarda talabalar harakati judayam ommalashgani bois, ularning tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ammo ularda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun tajriba va mablag‘ deyarli yo‘q edi. Shu sababli ilk tadbirlar maktablarda o‘tkazilardi. Geylord  Nelsonning ta’biri bilan aytganda, Yer kuni o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi.

1971-yilda senator Nelson Yer haftasini e’lon qildi. Bu tadbir aprel oyining uch haftasi mobaynida o‘tkazildi. Buni AQSh aholisi bajonidil qo‘llab-quvvatladi.

Siyosiy va ommaviy faollik tufayli AQShda atrof-muhit muhofazasi yo‘lida ko‘plab qonun va boshqa hujjatlar qabul qilindi. 2009-yil BMT Bosh Assambleyasi har yili 22-aprelda Xalqaro Ona yer kunini nishonlash borasida  rezolyusiya qabul qildi. O‘shanda bu tashabbus 50 dan ortiq mamlakat tomonidan ilgari surilgan va boshqa davlatlar yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlagan edi. 2010-yildan boshlab har yili 22-aprelda bu bayram xalqaro miqyosda nishonlab kelinmoqda.

Ayni damda Yer bayrog‘i ham qabul qilingan. To‘g‘ri, bu bayroq norasmiy sifatida ko‘riladi. Yer bayrog‘i fazodan suratga olingan yer  sharini eslatadi. Yer kuni nishonlanar ekan, bir qator mamlakatlarda insonlarni tinchlikka chaqirish va sayyoramizning go‘zalligini saqlab qolishga undash maqsadida Tinchlik qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Tinchlik qo‘ng‘irog‘i do‘stlik, tinch hayot, xalqlar o‘rtasidagi birdamlik, xotirjamlik ramzi sanaladi. Bundan tashqari yer yuzidagi hayotni, tinchlikni, insonlar hayoti va madaniyatini saqlashga da’vat timsoli hamdir.

Birinchi Tinchlik Qo‘ng‘irog‘i 1954 yilda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldiga o‘rnatilgan edi. Bu qo‘ng‘iroq yer yuzidagi bolalar tomonidan to‘plagan tanga pullar va taniqli kishilarning orden, medallaridan yasalgan. Qo‘ng‘iroqda «Yashasin dunyodagi tinchlik» degan so‘zlar bitilgan. 1996 yilda bu kabi qo‘ng‘iroq BMTning Venadagi qarorgohiga ham o‘rnatildi. Shuningdek, Tinchlik qo‘ng‘irog‘ini Germaniya (1989), Polsha, Turkiya (1989), Meksika (1990), Avstraliya (1992), Mo‘g‘uliston (1993), Filippin (1994), Kanada (1996), Braziliya (1997), Argentina (1998), Ekvador (1999), O‘zbekiston (2003) va boshqa mamlakatlardagi shaharlarda ham uchratish  mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, 22-aprelda oddiy bayram emas, balki global ahamiyatga ega Xalqaro Ona yer kuni nishonlanadi. Xalqaro yer kunining nishonlanishi zamin va uning ekotizimi insoniyatning umumiy uyi ekanligi tan olinishini anglatadi. Ona yer iborasining o‘ziyoq insonning yerga bog‘liqligining tan olinishidir.

Yer haqida qisqacha ma’lumot. Olimlarning so‘zlariga qaraganda, Ona zaminimizning yoshi 4,5 milliard yilga teng. Agar ekvator bo‘ylab yuradigan bo‘lsak, 40 ming 10 kilometr masofani bosib o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Sayyoramizning eng issiq joyi Kaliforniyadagi O‘lim vodiysi va Liviyadagi El Aziziya hisoblanadi. Eng sovug‘i esa Antarktika deya tan olingan. Yerning yagona tabiiy yo‘ldoshi tunda hamma uchun yaqqol ko‘rinadigan Oydir.

Yer shari – bizning uyimiz, bizning Onamiz. Shu sababli ham uni asrashimiz kerak. Chunki bugun farzandlarimiz, kelajakda esa avlodlarimiz ifloslangan suv ichib, ifloslangan havodan nafas olib yashashlariga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Sharofiddin To‘laganov
jurnalist.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring