Milliarder koronavirusdan ham xavfliroq falokatdan ogohlantirdi
Tadbirkor Bill Geyts atmosfera ifloslanishi oqibatlari koronavirus pandemiyasi kabi halokatli bo‘lishini ma’lum qildi. Milliarder o‘zining blogida yaqin o‘n yillikda iqlim halokatini bashorat qilgan.
«Microsoft» asoschisining fikricha, bir necha o‘n yillardan so‘ng ekologiya bilan bog‘liq global inqiroz sayyorani larzaga soladi. Geyts insoniyat o‘lim soni ko‘payishi va iqtisodiy qiyinchiliklarga tayyor turishi kerakligini ta’kidlagan: «Pandemiya naqadar dahshatli bo‘lmasin, iqlim o‘zgarishi undan battar bo‘lishi mumkin». Falokatning oldini olish maqsadida tadbirkor atmosferaga chiqadigan is gazi miqdorini keskin kamaytirishni taklif qilmoqda.
Yangi inqiroz xavfini izohlarkan Geyts ekologiya yomonlashsa, insonlar o‘limi va iqtisodiy muammolar odamzodni COVID-19 pandemiyasidan ko‘ra uzoqroq ta’qib etishini aytdi. Uning hisob-kitoblariga qaraganda, 40 yil ichida sayyoradagi harorat ko‘tarilishi tufayli o‘lim darajasi koronavirusdan vafot etayotganlar soni bilan tenglashadi — bu har 100 ming kishiga 14 ta o‘lim degani. Geytsning fikricha, asr oxiriga borib iqlim o‘zgarishi yomon tomonga o‘zgaradigan bo‘lsa, iqlim omili tufayli o‘lim soni har 100 ming kishiga 73 tagacha ko‘payadi.
«2100-yilga borib iqlim o‘zgarishi oqibatlari koronavirusdan ko‘ra besh baravar ko‘p halokatli bo‘lishi mumkin», — deya ta’kidladi muallif.
Tadbirkorning fikriga ko‘ra, odamzod COVID-19 dan saboq chiqarishi va global iqlim o‘zgarishlariga qarshi tayyor turishi kerak. Geyts falokatning oldini olish borasida bir qancha takliflarini aytdi. Jumladan, ilm-fan va innovatsiya yordamida chiqindilarni nazorat qilish kerak, deb hisoblaydi u. Shuningdek, ekologik ofatlarni hal qilishda rivojlanayotgan davlatlar ham qatnashishi kerakligini ta’kidladi.
«Toza energiya sohasida barcha zarur ishlanmalarni yaratish va amalga oshirish uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi», — dedi milliarder muammoni hal qilish uchun odamzodda kam vaqt qolganiga ishora qilarkan. Geytsning so‘zlariga ko‘ra, kelasi yili ixtiyorimizda bo‘ladigan koronavirusga qarshi vaksinadan farqli o‘laroq iqlim o‘zgarishi muammosini ikki yilda hal qiladigan yechim yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter