Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Millating va ismingni o‘zgartirsang, Olimpiadagi borasan!» Hech kim tanimaydigan basketbol yulduzi haqida hikoya

«Millating va ismingni o‘zgartirsang, Olimpiadagi borasan!» Hech kim tanimaydigan basketbol yulduzi haqida hikoya

Vasya turgan joyida himoyachidan to‘pni qabul qilib olib, uni bo‘yi pastroq sheriklariga uzatar yoki o‘zi katta-katta qadamlari bilan raqib savatiga tashlab kelardi.

Foto: «Shechnyatoday.com»

Uni ko‘pchilik Uvays deb chaqirmasdi. Ishqibozlar uchun u Vasya edi – Vasya chechen! Bo‘yi – 2 metr-u 32 santimetr, og‘irligi – 190 kilogramm! O‘zining antropometrik xususiyatlari bilan Uvays Axtayev basketbol maydonida ham, hayotda ham boshqalardan yaqqol ajralib turardi. Sportchi o‘z faoliyati davomida aytarli yutuqlarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, o‘z davrining eng kuchli va albatta, eng bo‘yi baland basketbolchilaridan biri edi.

To‘rtta «shpal»

1944 yilning fevral oyida 14 yoshli Uvays Axtayev yuz minglab chechen va ingushlar qatorida o‘z vatanidan Qozog‘istonga ko‘chirib yuborildi. Markaziy Osiyoga jo‘natilgan eshelonlarda odamlar sovuq, ochlik va terlamadan aziyat chekishdi, minglab bolalar yo‘l-yo‘lakay nobud bo‘ldi. Qolganlar ularni qisqa to‘xtash joylarida qor tagiga ko‘mishardi. Bo‘yi baland, baquvvat o‘smirni oilasi bilan birga Qarag‘anda shahriga olib kelishganida mahalliy aholi kelgindilarni yaxshi qabul qilmadi. Ularga na yer, na ish va na oziq-ovqat berishdi. Natijada yashash uchun kurash boshlandi. Yangilar o‘tin va yeguliklarni o‘g‘irlashni o‘zlariga kasb qilib olishdi. Ana shunday jinoyat ustida militsiya xodimi ikki metrlik o‘smirni to‘rtta shpal (temir yo‘lda relslar tagiga yotqiziladigan yog‘och) ko‘tarib ketayotgan chog‘ida qo‘lga oldi. Posbon hayratda edi. Chunki oddiy odam bunday yog‘ochning bittasini zo‘rg‘a ko‘tara olardi. Militsiya xodimi Uvaysni jazolamadi, aksincha, sport to‘garagiga borishni maslahat berdi. Keyingi ikki-uch yil davomida yigitcha boks, kurash va yengil atletika sport turlari bilan shug‘ullandi. Aynan qaysi yosh tarkibida shug‘ullangani esa bizga qorong‘u. Zero, Axtayev nafaqat o‘z tengqurlaridan, balki katta yoshli erkaklardan ham bo‘y jihatdan ancha ustun edi.

Uvaysning basketbolchi bo‘lishida murabbiy Isaak Kopelevichning xizmat katta. U devqomat o‘spirinni Qarag‘andadagi sport musobaqasida ko‘rib, Olmaotaga ko‘chib o‘tishni va disk uloqtirish maydonini basketbol parketiga almashtirshni taklif etdi. Axtayev rozi bo‘ldi va 1947 yildayoq mahalliy jismoniy tarbiya texnikumi tarkibida jismoniy tarbiya institutlari va texnikumlari Butunittifoq spartakiadasida ishtirok etish uchun Leningradga bordi. Ana shundan keyin Vasya Chechen – ulkan o‘yinchi sifatida butun ittifoqqa tanildi. 232 santimetrlik 17 yoshli markaziy o‘yinchiga hamma qiziqa boshladi. Maydondagi harakatlari, kiyinishi, umuman hayoti bilan qiziquvchilar uning ortidan ergashib yuraverdi. Ko‘ngilchan va dilkash Vasya esa omma nazarida basseynda cho‘milar, parketga chiqar va bir o‘zi raqiblarni aldab o‘tardi.

To‘pni Axtayevga ot!

Markaz o‘yinchisining eng katta ustunligi – uning bo‘yi edi. Vasya turgan joyida himoyachidan to‘pni qabul qilib olib, uni bo‘yi pastroq sheriklariga uzatar yoki o‘zi katta-katta qadamlari bilan raqib savatiga tashlab kelardi. Yuqoridan uzatilgan to‘plar ham Axtayevning qo‘liga borib tushar va savatchadan o‘rin olardi.

Ulkan gavda tez chopish va chaqqon burilishga imkon bermasdi. Axir oyoqlar sal kam 200 kilogramm yukni ko‘tarishi lozim edi-da. Odatda u o‘yinning oxirigacha chidolmasdi. Bunga noqulay poyabzal ham ta’sir ko‘rsatar, 58 o‘lchamdagi buyurtama asosida tikilgan oyoq kiyim og‘irlik ta’sirida ko‘pga chidamas edi.

«Uvays to‘p bilan juda yumshoq muomalada bo‘lardi. Albatta, bo‘ydagi ustunlikdan foydalanib, to‘pni qabul qilish va savatga tushirishga harakat qilardi. U jarimadan ham yaxshi foydalanar, himoyada undan o‘tish mushkul edi. Axtayev basketbolni yaxshi tushunadigan va his qiladigan aqlli, zehni o‘tkir o‘yinchi edi» – deb yozadi mashhur murabbiy Aleksandr Gomelskiy.

Axtayev barcha uchun birdek noqulay raqib bo‘lishiga qaramay, faoliyati davomida aytarli hech qanday unvon olmagan. U butun faoliyatini sobiq Ittifoq chempionatining o‘rtamiyona jamoasi «Burevestnik»da o‘tkazgan. Biroq raqib jamoalari uchun ulkan yetakchiga ega kichik klubni yengish qanchalik qiyin bo‘lganligini tushunish mumkin. Odatda murabbiy va o‘yinchilar devday raqibni qanday qilib zararsizlantirish yo‘lini qidirishardi. Sobiq hakam Eduard Asriyans xotirlaydi: «Dinamo» bilan o‘yinda moskvaliklardan biri Axtayevni qitiqladi va u to‘pni yo‘qotdi. Ayyorona harakatdan g‘azablangan Vasya raqibining oyog‘ini bosib oldi va u hushidan ketdi.

Sobiq ittifoq terma jamoasiga Uvaysdek o‘yinchi kerak edi. Ammo unga milliy jamoa libosida o‘ynash nasib etmadi. Axir u quvg‘in qilinganlardan edi. Buni inkor qilib bo‘lmasdi.

Foto: «Championat.com»

Beriya va Olimpiada

1952 yili Axtayevni Xelsinkida bo‘lib o‘tadigan Olimpiadadan bir qadam ajratib turardi. Uni mamlakat terma jamoasiga chaqirishdi. Aytishlaricha o‘shanda uning ishi bilan 1944 yildagi quvg‘in rahbari Lavrentiy Beriyaning shaxsan o‘zi shug‘ullangan.

Uning millatini bilgach, Beriya sportchidan familiyasini o‘zgartirib, millatini yahudiy deb yozishni talab qilgan. Kopelevich deb atashlariga rozi bo‘lmagan Vasya taklifni rad etib, Olmaotaga qaytgan. Ikki yildan so‘ng baribir terma jamoa libosida o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan Axtayev Bolgariyaga uchralgan mag‘lubiyatda aybdorlardan biri sifatida tilga olingan.

Umuman olganda, mutaxassislar tomonidan Axtayevning milliy terma jamoa uchun qilgan ishlari e’tirof etiladi. Jumladan, Aleksandr Gomelskiy shunday deydi: «Axtayev va Kruminsh singari basketbolchilar sababli o‘sha paytdagi ittifoq terma jamoasi katta o‘sishga erishdi, Jahon chempionati va Olimpiada o‘yinlarida yaxshi natijalar qayd etildi. Aynan ularning sharofati bilan murabbiylar yirik jussali basketbolchilarni qidirib topish yoki maxsus tarbiyalash haqida o‘ylay boshladilar. Bunday o‘yinchilarsiz basketbolda katta muvaffaqiyatlarga erishish qiyin».

Kasallik va shaxsiy haydovchi

1957 yilda shifokorlar 27 yoshli basketbolchida qandli diabetni aniqlashdi. Bir ozdan so‘ng Axtayev zotiljam bilan og‘ridi. Pahlavon sog‘ayib ketsa-da, professional faoliyatini davom ettira olmadi. Ikki yildan so‘ng Grozniyga ko‘chib o‘tgan sportchi murabbiylik bilan shug‘ullana boshladi. Checheniston poytaxtida u ikki qavatli uy qurdi va jimitdek Tamara ismli ayol bilan taqdirini bog‘ladi.

Axtayevning tengini topish qiyin bo‘ldi. Ular 1956 yilda Uvaysning onasi orqali tanishishgan edi. Tamara ham avvaliga qo‘rqib ketdi. «Albatta, u haqda eshitgandim, ammo bunchalik bo‘yi baland ekanligini tasavvur ham qilolmasdim. Ko‘rganimda esa hushimdan ketishimga oz qoldi. U mendan deyarli ikki barobar katta edi. Taqdir ekan...», — deb eslaydi basketbolchining turmush o‘rtog‘i.

U doimo odamlarning diqqat-markazida edi. Kundalik hayotda ham turli to‘siqlar uchrab turardi. Kiyim, poyabzal — barchasi buyurtma asosida tikilar, tunda esa 3 metrlik maxsus krovatda uxlardi. Uvays avtomobilning haydovchi o‘rindig‘iga sig‘maganligi sababli hayotiy hamrohi Tamara unga shaxsiy haydovchilik qilardi.

Axtayev 1973 yilgacha murabbiylik bilan shug‘ullandi. O‘sha yili u mushugini bosib olishdan cho‘chib, zinadan yiqilib ketdi va boldirini sindirib oldi.

Umrining so‘nggi pallasida u ko‘plab kasalliklar bilan og‘rigan bo‘lsa-da, eng ko‘p bezovta qilgani baribir o‘sha oyog‘i bo‘ldi.

Uvays Axtayev 48 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. U o‘limi oldidan odamlar keyinchalik ham baland bo‘yiga e’tibor qaratmasliklari uchun qabrini katta qilmasliklarini vasiyat qildi.

44 yoshida beva qolgan Tamara turmush o‘rtog‘ini yodga soluvchi Grozniydagi hayhotdek uyidan bir xonali xonadonga ko‘chib o‘tdi. U  umrining oxirigacha turmushga chiqmadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring