Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men ularning hammasi dasturchi bo‘lishini istayman» (video)

Bugun jamiyat taraqqiyotini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

2021-yilda yangilangan informatika fani darsliklariga bir qator qo‘shimchalar kiritildi. Zamonaviy dasturlash tillari haqidagi mavzularni bunga yaqqol misol qilib keltirish mumkin.

Darsliklarga o‘zgartirish kiritilishi o‘qituvchilarning malaka va ko‘nikmalarini oshirish kerakligini talab qildi. Xalq ta’limi vazirligi hamda Bepro IT academy hamkorligida informatika fani o‘qituvchilarining C++ va Scratch dasturlash tillariga o‘qitish ishlari davom etmoqda.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini borib ko‘rar ekan prezident Shavkat Mirziyoyev: «Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatilayapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bog‘liq», deya ta’kidlagandi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbirlari malaka oshirish kurslari bilan tanishish maqsadida Qashqadaryoda bo‘ldi.

«Viloyatimizda yoshlarga yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirish, axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini o‘rgatish uchun zarur sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilgan. Buning uchun birinchi galdagi masalamiz o‘quvchilarga dars berayotgan ustozlarning malaka va ko‘nikmalarini sezilarni darajada oshirishdan iborat. Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan bir oy davomida o‘qituvchilarga qo‘shimcha darslar tashkil etilgan. Avvalroq 30 nafar o‘qituvchimiz Phyton dasturlash tili bo‘yicha o‘qitilib, sertifikat olgandi», — deydi viloyat XTB AKT bo‘limi boshlig‘i Zahriddin Qambarov.

Hozirda Qashqadaryo viloyatida informatikadan qariyb 1700 nafar o‘qituvchi yoshlarga ta’lim berib kelmoqda. C++ hamda Scratch dasturlash tillarida 480 nafar o‘qituvchi malaka oshirish darslarida qatnashmoqda.

C++ bo‘yicha 144, Scratch dasturlash tili bo‘yicha 72 soat dars tashkil etilgan.

«BePro IT Academy tomonidan bizga Farhod Ahmatov  C++ bo‘yicha darslarni o‘tmoqda. O‘zim TATU qarshi filialida o‘qiganman. Shu soha odami sifatida bu ishlarni ma’qullayman. «AyTi» mutaxassislar — dolzarb kasb egalari. Men ularni tashvishlardan xoli ko‘rishni istayman. O‘quvchilarimdan so‘rasam, turli balandparvoz kasblarni tanlashlarini aytishadi. Mayli, lekin men ularning kerak bo‘lsa, hammasi dasturchi bo‘laman deyishini istardim. Dasturchilik qolgan kasblarga xalaqit bermaydi. U shifokor, dehqon yoki bir quruvchi bo‘lsin, dasturchi sifatida ham qo‘shimcha daromat topa oladi, ham o‘z sohasi uchun bir yangilik yaratishga qodir bo‘ladi», — deydi Nishon tumanidagi 8-sonli maktab informatika o‘qituvchisi Jamoliddin Orziyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring