Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga prezident sovg‘alari topshirildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-fevral kuni Namangan shahridagi 26-sonli «Mehribonlik uyi»da bo‘lgani haqida xabar bergandik.
Davlat rahbarining tashrifi bu maskanda kamol topayotgan bolalar qalbidan chuqur joy olib, kelajakka umid, ishonch berdi. Boisi, prezident unutilmas uchrashuvda mehribonlik tarbiyalanuvchilarining talab va istaklarini so‘rab, o‘rgandi.
O‘zAning xabariga ko‘ra, 60 nafar o‘g‘il-qiz voyaga yetayotgan ushbu muassasa tashrifning ertasiga Respublika vazirlik va idoralari rahbarlari bilan gavjum bo‘ldi. Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quranboyev, Madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Mehribonlik uyida bo‘ldi.
Prezident topshirig‘i bilan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari grant asosida OTMda o‘qiydigan bo‘ldi.
«Farzandlarimiz yurtimizda hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi. Ular davlat rahbariyatining doimiy g‘amxo‘rligida bo‘ladi. Prezidentimiz ko‘rsatmalariga binoan bu yil «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilaridan 44 nafari uchun yangi uy-joylar qurib beriladi», — dedi Shavkat Abdurazzoqov.
Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining tashrifi davomida bildirilgan taklif va orzu-istaklar ro‘yobi sifatida bolajonlarga noutbuk, planshet, uyali telefon, magnitafon, musiqiy cholg‘u asboblaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Prezident topshirig‘i bilan Mehribonlik uyining 44 nafar tarbiyalanuvchisi uchun yangi uy-joy qurib beriladi.
«Yurtboshimizni Mehribonlik maskaniga kelishlarini kutmagan edik. Tashrif, ayniqsa, bolajonlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Ularning qanchalik quvonganlarini aytmaysizmi? Prezidentimiz bolalar bilan uchrashuvda har bir bolaning xohish-istagiga mos sovg‘alar yuborishini aytgandi. Oradan bir kun ham o‘tmay aytilgan sovg‘alar taqdim etildi. Tasviriy san’atga oshufta ikki nafar tarbiyalanuvchimiz — Shoira Mashrabova va Muhammadyusuf To‘xtasinovni oliy o‘quv yurtiga davlat granti asosida qabul qilinishi haqidagi xushxabar barchamizga shodlik ulashdi», — deydi Namangan shahridagi 26-sonli «Mehribonlik uyi» direktori Dilorom Abdurahimova.
Fotosuratlar manbasi: O‘zA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter