Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot kotiblari va gazeta muharrirlari uchun tashkil etilgan loyiha yakunlandi

Matbuot kotiblari va gazeta muharrirlari uchun tashkil etilgan loyiha yakunlandi

Foto: «Xabar.uz»

Poytaxtimizda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Davlat dasturlarining amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish: jurnalist mas’uliyati va huquqlari» loyihasi doirasida respublika anjumani, media-tur, seminar-treninglar bugun nihoyasiga yetdi. Loyihada viloyatlar hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi axborot xizmatlari rahbarlari hamda hududiy bosma OAV tahririyatlari bosh muharrirlari, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.

Bugun «Poytaxt» biznes-markazining anjumanlar zalida loyiha doirasidagi so‘nggi seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Laziz Bo‘ronov, O‘zDJTU dotsenti Nargis Qosimova hamda bloger-jurnalistlar loyiha ishtirokchilarining bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan muhim ma’ruzalar bilan chiqish qildi.

Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev loyiha ishtirokchilarini qutlar ekan, agentlik tashkilotlarning matbuot kotiblari va hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash hamda har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zishga hamisha tayyor ekanini alohida qayd etdi.

— Agentlik ommaviy axborot vositalarini jazolaydigan emas, balki ularga yordam beradigan tashkilotdir, — dedi Laziz Tangriyev. — Shu bois barcha masalada biz bilan hamkorlik qilish, ko‘mak so‘rab murojaat qilishingiz mumkin. Bugungi islohotlar jarayonida jurnalistlar turli muammolarni yoritish orqali hukumatga yordam berishi kerak.

Seminar-treningda ijtimoiy tarmoqlarda ishlash va axborot tarqatish etikasi, OAVda multimedia instrumentlaridan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarning jamoatchilikka ta’siri kabi mavzularda ko‘tarilgan masalalar keng muhokama etildi, turlicha munosabat bildirildi.

So‘z loyiha ishtirokchilariga.

Ma’ruf G‘oziyev, «Shahrixon» gazetasi bosh muharriri:

Foto: «Xabar.uz»

— Loyiha barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi. Hozir hammamizning ko‘nglimizdan o‘tayotgan gap shu: tezroq ishxonamizga qaytsagu, seminarlarda olgan bilimlarimizni amalda qo‘llasak. Chunki so‘nggi uch kunda faoliyatimizdagi kamchiliklar o‘zimizga yaqqol ko‘rindi, hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p ekaniga amin bo‘ldik.

Rahimaxon Rasulova, «Norin ovozi» gazetasi bosh muharriri:

Foto: «Xabar.uz»

— Tadbir puxta tashkil etilgan. Ayniqsa, senator va deputatlar bilan uchrashuv ko‘pchilik uchun foydali bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar bugungi davr jurnalistlari uchun juda zarur deb o‘ylayman. Chunki barcha OAV bir yoqadan bosh chiqarib, yagona maqsad — vatan taraqqiyoti uchun mehnat qilsa, jamiyatimizga ham, uning a’zolariga ham har tomonlama ma’qul bo‘lishi aniq.

Charjao‘ Yelmuratov, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi matbuot kotibi:

Foto: «Xabar.uz»

— Mazkur seminarda zamonaviy axborot kommunikatsiya va texnologiyalaridan samarali foydalanish nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanini anglab yetdim. Ochig‘i, barchamiz ham veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlarini chuqur bilmaymiz. Loyiha ana shu jihatdan faoliyatimizda yangi sahifa ochadi deb o‘ylayman. Eng muhimi — o‘rgangan bilimlarimizni amaliyotga joriy etishimiz kerak.

Salohiddin Norqobilov, Surxondaryo viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i:

Foto: «Xabar.uz»

— Loyiha doirasida davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalarni hududlarda keng targ‘ib etish, ularning ijrosini ta’minlash hamda nazorat qilishda jurnalistlarning o‘rni va ahamiyati haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘ldik.

Bu borada aynan qaysi jihatlarga e’tibor berishimiz kerakligini anglab yetdik. Barcha hamkasblarimiz uchun ushbu loyiha foydali bo‘ldi deb o‘ylayman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring