Maskning mashinasi fazoda 1,2 mlrd. kilometr masofani bosib o‘tdi
«Tesla Roadster» avtomobili 2018-yilning fevralida koinotga chiqarilgani haqida yozgandik. Rulda esa skafandr kiydirilgan «Starman» manekeni bo‘lgan. U quyosh atrofida birinchi aylanishni amalga oshirdi, deb xabar berdi «Space.com» portali.
Ta’kidlanishicha, «Tesla Roadster» Quyosh atrofini 557 kunda to‘liq aylanib chiqdi. Ayni vaqtda mashina 1,2 mlrd. km. masofani bosib o‘tgan.
Shuningdek, xabar qilinishicha, start vaqtida avtomobil salonida yangrab turgan Devid Bouining «Life on Mars» qo‘shig‘i ayni vaqtga kelib 150 ming marta takrorlangan — faqat orada Tesla akkumulyatori o‘chib qolmagan bo‘lsa.
Yana, portalda keltirilishicha, o‘tgan yili o‘tkazilgan orbita hisob-kitoblariga ko‘ra, «Tesla Roadster» quyosh atrofini juda ko‘p marta aylanib chiqadi, faqat bir necha million yildan so‘ng yo Venera, yo Yer atmosferasiga kirib mavjudligini to‘xtatadi. Mutaxassislar mashinaning Yerga qaytish imkoniyatini 6 foiz, Venera atmosferasiga kirish ehtimolini 2,5 foizga baholashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Tesla Roadster» «SpaceX» kompaniyasi asoschisi Elon Maskning shaxsiy kolleksiyasidagi mashina hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter