Marburg virusi qurbonlari soni ortmoqda
Joriy yil fevral oyida Ekvatorial Gvineyada ilk bor aniqlangan Marburg virusi to‘qqiz kishining o‘limiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus bu yerda epidemiya oqibatida bemorlar soni yana to‘qqiz nafarga ko‘payib, yetti kishi hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi.
«Yangi holatlar bir-biridan 150 km masofada joylashgan uchta viloyatda ro‘yxatga olingan, — deydi JSST rahbari. — Bu — virus ancha keng miqyosda tarqalayotganini anglatadi».
Shuningdek, ushbu xavfli kasallik Sharqiy Afrika mintaqasida joylashgan Tanzaniya davlatining sakkiz fuqarosida ham qayd etilgan. Ulardan besh nafari vafot etdi. Bu holatlarning barchasi respublikaning bir viloyatida aniqlangan.
Hozir uch nafar bemor shifoxonada. Ulardan bir nafari — tibbiyot xodimi. Shuningdek, yana bir shifokor vafot etgan.
T. Gebreyesusning ta’kidlashicha, JSST ekspertlari to‘rtta vaksinaga doir ma’lumotlarni ko‘rib chiqdi. Ularning sinov protokollari tayyor.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Marburg virusi Ebola singari o‘ta yuqumli bo‘lib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. U ko‘rshapalaklardan hamda infeksiyaga chalingan bemorlardan ajraladigan biologik suyuqliklar (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqaladi, deb xabar bermoqda Cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter