«Malla» laqabli xavfli jinoyatchi tuzgan to‘da qo‘lga olindi
Dono xalqimizning «shahar bedarvoza emas», degan juda qadimiy iborasi bor. Bugungi kunda ham o‘z ma’nosini yo‘qotmagan bu hikmatli so‘z zamirida har kim mamlakat qonunlari va jamoat tartib-qoidalarini pisand qilmay, ko‘ngli tusagan noma’qulchilikni qilishi mumkin, deb xato o‘ylaydigan kimsalarga jazo muqarrar, degan haqiqat mujassamligini aslo yoddan chiqarmaslik lozim.
Azim Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan Bahodir Sobirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ayni navqiron yoshida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratib qo‘yilgan imkon va imtiyozlardan foydalanib, biror foydali kasb egasi bo‘lishga intilish, oilasi, farzandlari va yaqinlariga naf keltirish o‘rniga, halokatga eltuvchi qing‘ir yo‘lni tanladi. U 23 yoshigacha jinoiy qilmishlari uchun ikki marta sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri yo‘lga tushay, demadi. Aksincha, o‘ziga o‘xshash, birovning haqidan hazar qilmaydigan jinoiy guruhlarga qo‘shilib, bosqinchilik, o‘g‘rilik, qotillik kabi bir-biridan o‘ta og‘ir jinoyatlarga qo‘l urdi.
«Malla» laqabli Malik Hamidov o‘zi boshchilik qilib kelayotgan guruhning firibgarlik, noqonuniy valyuta savdosi va o‘g‘irlik kabi jinoiy qilmishlari evaziga mo‘maygina daromad topib, tekinxo‘rlarcha yashab kelayotgandi. Biroq chirkin ko‘ngli o‘zi va yaqinlari yanada dabdabali hayot kechirishlarini tusab qoldi. Shu maqsadda bosqinchilik va zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgalarning peshona teri bilan topgan mol-mulkini egallashni rejalashtirdi. Atrofiga har qanday iflos ishlardan tap tortmaydigan kimsalarni topib, jinoiy guruhini kengaytirdi. Har bir guruh a’zolari o‘rtasida, shu jumladan, B.Sobirovga ham Toshkent shahri va viloyati hududida badavlat hayot kechiradigan, o‘zlariga yetarli darajada mol-mulkka ega bo‘lgan fuqarolarni topish, ularning yashash sharoitlarini o‘rganish, tegishli ma’lumotlarni to‘plab «Malla»ga yetkazib turish, uy-joylarga g‘ayriqonuniy ravishda kirish, xonadon a’zolarini turli qiynoqqa solib, ularning mol-mulkini qo‘lga kiritish va jinoyat izlarini yo‘qotish kabi vazifalar taqsimlandi. Jinoyatchilar niqob, skotch, rezina qo‘lqoplar, pnevmatik to‘pponcha, dubinka kabi moslamalari bilan qurollanib, ulardan qanday foydalanish mashqini olishdi. Xullas, manfur maqsad yo‘lida har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi, hatto qilmishlari fosh etilgan taqdirda qayerga yashirinish va nima ish qilinishi ham chetda qolmadi.
Fevral oyining qahraton tuni. Soat 02:30. Hamma issiqqina uyida shirin uyquda. Faqatgina niyati buzuq besh nafar kimsalar tevarak-atrofga olazarak boqib, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Nihol mahallasiga kirib kelishdi. Ular oldindan ko‘z ostiga olib qo‘ygan uylardan birining yoniga to‘xtashdi. Tungi sharpalardan biri devor oshib, uy hovlisiga kirgach, sheriklariga darvozani ochib berdi. Yuzlariga qora niqob taqqan bu kimsalar hovliga kirib, xonadan sohibi Naimov Saidga tegishli bo‘lgan «Mersedes-bens» rusumli avtomashina ichidan 700 AQSh dollarini olishdi. Keyin uy ichkarisiga kirib, Said aka va uning turmush o‘rtog‘i Zilola, o‘g‘li Alisher, qizi Naimaxon, homilador kelini Azizalarning og‘iz va qo‘l oyoqlarini skotch bilan bog‘lashdi. Ularni elektroshok moslamasi bilan qiynashdi, bo‘g‘izlariga pichoq tirab pul va qimmatbaho buyumlar qayerdaligini aytishmasa o‘ldirish bilan qo‘rqitishdi. Bu kimsalarning, hatto «og‘iroyoq» ayolni ham ayamay, unga nisbatan turli qiynoq usullarini qo‘llashganini ko‘rib, bu kimsalarni ona tuqqaniga ishongingiz kelmaydi. Bosqinchilar mazkur xonadondan 24.500 AQSh dollari, 7 dona 6.810.000 so‘mlik uyali aloqa telefon apparatlarini va 49.828.000 so‘mlik tilla buyumlarni qo‘lga kiritishdi.
Shu oyning ichida jinoiy guruh a’zolari tun yarmidan oqqanda endi Zangiota tumanidagi Eshonguzar mahallasida yashovchi Sherzod Norbo‘tayev xonadonida paydo bo‘lishadi. Yana o‘sha, o‘zlarining qiynoq usullarini qo‘llab, 2.700 AQSh dollari, 100 yevro, 20.000.000 so‘mlik turli xil tilla buyumlar, bahosi 1.000 AQSh dollarilik ayollar tilla soati, umumiy narxi 840.000 so‘mlik ikki dona uyali aloqa telefon apparatini va bir dona 640.000 so‘mlik fotoapparatni olib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishadi.
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, guruh rahbariga Eshonguzar qo‘rg‘onida yashovchi fuqaro Qo‘ziyeva Sabohatning uy sotganligi haqida xabar keltirishadi. Xabarchi, S.Qo‘ziyevani yaxshi bilgani sababli, uning qachon uyidan chiqib ketishi va qachon kelishini kuzatadi. Qulay fursat yetganda, jinoiy sheriklar xonadon sohibasining uyda yo‘qligidan foydalanib, uning uyiga o‘g‘irlikka kirishadi. Lekin mo‘ljaldagi mablag‘ni topisha olmay, 7.000.000 so‘m pul va bir dona 300.000 so‘mlik tilla uzukni olib, voqea joyidan yashirinishadi.
Biz bosqinchi to‘dalar tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik, zo‘ravonlik, talonchilik kabi bir qator jinoiy qilmishlarning ayrimlarinigina misol keltirdik. Garchi, o‘z paytida tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan ularga nisbatan qidiruv e’lon qilinsa-da, hech qanday natija bermadi. Bu jinoiy guruhning qo‘lga tushmas chapdastligidanmi yoki boshqa sabablarmi bilmadik.
Bilganimiz shuki, jinoiy guruh a’zolaridan ikki nafari Olmazor tuman IIB tomonidan ushlanganidan so‘ng boshqa a’zolari Zangiota tumanidagi xonadonlardan birida yashirincha yashab kelgan. Yanada taajjublanarlisi, shu davr mobaynida guruh rahbari «Malla» jinoiy faoliyatini davom ettirish va bosqinchilar to‘dasini kentaytirish maqsadida boshqa shaxslarni ham o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga jalb qilib, o‘z qilmishlarini davom ettiraverganidir. Zo‘ravonlar bemalol bosqinchilik va talonchilik bilan qo‘lga kiritgan pullarni qora bozorda xorij valyutasiga ayirboshlagan, tilla buyumlarni sotishgan. Xususan, mo‘may daromadga moyil o‘zga shaxslar bilan mukofot puli evaziga til biriktirib, ularning nomiga pul ayirboshlash shoxobchalarida AQSh dollarini sotib olish va qora bozor narxida qayta sotish bilan ham shug‘ullanib kelishgan.
O‘zgalarning peshona terisi bilan topilgan mol-mulki evaziga qasrday imoratlar qurib, maishat qurishgan va bola-chaqasi, yaqin kishilarini ham harom luqma bilan boqib, ularga orzuidagi dabdabali hayot in’om etishgan. Davlatimiz tomonidan turli huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi olib borilayotgan keskin ta’sir-choralar natijasida 2017-yil bosqinchi zo‘ravonlar guruhining chirkin faoliyatiga uzil-kesil nuqta qo‘yildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan jinoiy guruh a’zolarining har biriga uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq tegishli jazo tayinlandi.
Farida Qoraqulova
Manba: insonvaqonun.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter